Bugungi tadbirkorning maqsadi katta, shijoati baland

    Fikr 26 Sentabr 2024 741

    Yurtimizda qabul qilinayotgan farmon va qarorlar biznes egalarining faoliyatiga yengillik berib, ish rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Har yili anʼanaviy tarzda biznes vakillari bilan oʻtkazilayotgan ochiq muloqotlar samarasi bugungi tadbirkor davlat himoyasida ekanidan dalolat beradi.

    Yurtimizda qabul qilinayotgan farmon va qarorlar biznes egalarining faoliyatiga yengillik berib, ish rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Har yili anʼanaviy tarzda biznes vakillari bilan oʻtkazilayotgan ochiq muloqotlar samarasi bugungi tadbirkor davlat himoyasida ekanidan dalolat beradi.

    Keyingi yillarda tadbirkorlar uchun yaratib berilayotgan huquqiy asoslar yurtimizda barqaror iqtisodiy oʻsish va rivojlanishga salmoqli hissa qoʻshayotir. Bugun tadbirkorlikka qoʻrquv bilan emas, balki katta maqsad va loyihalar bilan kirib borilmoqda, oddiy xalq orasida ishbilarmonlik ommalashib, maʼlum bir doirada katta tarmoqqa aylanmoqda. Quvonarlisi, Oʻzbekiston ishbilarmonlar yurtiga aylanib, amaliy natijalarga erishilyapti.

    Davlatimiz rahbarining soha vakillari bilan boʻlib oʻtgan muloqotida koʻplab muammolar hal etilishi bilan birga eng dolzarb va asosli takliflar tahlil qilinib, tashabbuslar ilgari surildi. Shunday yuksak marraga erishishda ilgʻor texnologiyalar asosida zamonaviy korxonalar ochayotgan, yuz minglab yangi ish oʻrinlarini yaratayotgan va dunyo bozorlariga jadal kirib borayotgan azmu shijoatli tadbirkorlarning hissasi beqiyos ekani eʼtirof etildi. Shuningdek, ekspert guruhlari tuzilishi taʼkidlandi. Bundan koʻrinib turibdiki, tadbirkorlar uchun xorijiy davlatlar bilan yaqin diplomatik aloqalarning mustahkamlanishi, eksport-import jarayonlarini soddalashtirish, bunda biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish, sohani faol kengaytirish uchun yanada keng qamrovda imkoniyatlar ochilishiga zamin yaratiladi.

    Prezidentimiz Nukus shahrida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan navbatdagi ochiq muloqotida koʻtarilgan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qoʻllab-quvvatlangani, 8 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilganini taʼkidladi. Bundan tashqari, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion soʻm yoʻnaltirilgani, eng muhimi, mahalladagi kichik loyihadan tortib, mega loyihagacha qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyilgani aytildi.

    Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish oʻrni bir yilda 440 mingga koʻpaydi. Xususiy sektorda 5 million soʻmdan koʻp maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi. Shundan 370 mingi 10 million soʻmdan ziyod oylik oladi. Bular tadbirkorlar “soyadan chiqib”, qonuniy faoliyat va sogʻlom raqobat yoʻliga oʻtayotganidan dalolat beradi.

    Qoʻshni davlatlar bilan aloqalar misli koʻrilmagan darajaga chiqdi. Oʻzbekiston mahalliy korxonalar uchun ham, chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga, mintaqadagi sanoat xabiga aylanib ulgurdi.

    Yaqinda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Joriy yil olti oyda toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya hajmi oʻtgan yilga nisbatan 2 karra oʻsib, 14 milliard dollarga yetdi. Bunday raqamlar 33-yillik tariximizda boʻlmagan.

    Davlatimiz rahbari muloqot jarayonida beshta yoʻnalishdagi yangi tashabbuslar, yaʼni kichik va oʻrta biznes uchun moliyaviy resurslarni koʻpaytirish, biznesni infratuzilma, yer va energiya bilan taʼminlash, ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, xizmatlar sohasiga yangi turtki berish hamda biznes uchun toʻsiq va gʻovlarni yanada qisqartirishni aytib oʻtdi.

    Muloqot jarayonida yil oxiriga qadar “Qoraqalpogʻistonda biznes yuriting” dasturi doirasida yirik xalqaro kompaniyalar brendlarini respublikaga jalb etish rejalashtirildi. Maʼlumki, iqtisodiyotimizning yangi texnologiya va innovatsiyalarga asoslangan, sifatli hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaradigan muhim boʻgʻini oʻrta biznesdir. Bugungi kunda kichik biznesdan oʻrta biznesga oʻtish istagida boʻlgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida yangicha yondashuvlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Buning natijasida kelajakda mutlaqo yangi bosqichga olib chiquvchi, keskin oʻsishlar talabgorligi yuqori va raqobatbardosh boʻlgan sifatli mahsulotlarimiz tashqi bozorlarga chiqarilishiga turtki beradi.

    Yurtimizda barqaror iqtisodiy rivojlanishni kuchaytirish, ishsizlik darajasini kamaytirish, aholi bandligini taʼminlash orqali ularning daromadlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar samarasi Namangan viloyatida ham oʻz aksini topmoqda.

    Viloyatda 7 mingdan ziyod korxonada 570 ming kishi ish bilan taʼminlangan. Bunda 2500 dan ortiq toʻqimachilik va tikuv trikotaj korxonasi boʻlib, undan 22 tasi yigiruv korxonasi, 291 tasi tayyor gazlamalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan toʻquv korxonasi, 50 tasi trikotaj matolari, 576 tasi trikotaj mahsulotlari, 1462 tasi tikuv, 27 tasi paypoq va 12 tasi boshqa toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalaridir. Ularda jami 90 mingdan ziyod ishchi- xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda.

    Shu jumladan, Namangan toʻqimachilik sanoati institutida ham 2023–2026-yillarga moʻljallangan rivojlanish va taraqqiyot strategiyasini tasdiqlash va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash, institutning barcha sohada xalqaro nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumki, sanoat tarmoqlari orasida eng koʻp ish oʻrinlari yaratgan ham, eng koʻp aholini band qilib turgan soha ham toʻqimachilik sanoatidir. Viloyatda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida mahsulotlar ishlab chiqarish qadim-qadimdan rivojlanib, bu yoʻnalishda usta-shogird anʼanalari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Natijada yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni va yuqori texnologiyalarni keng jalb qilish, innovatsion loyihalarining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini taʼminlash orqali yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratib kelinmoqda.

    Soʻnggi yillarda investitsiyalar va yangi texnologiyalar faol jalb etilgani tufayli sohada natijadorlik jadal oshgan. Masalan, oʻtgan yili 8 milliard 200 million dollarlik toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu koʻrsatkich 7-yil oldingiga nisbatan 4,2 baravar koʻp. Shuningdek, 2023-yilda tarmoqdagi eksport 3,1 milliard dollar boʻldi (422 million dollar eksport). Bu yil yana uchta yangi bozorga chiqilib, eksport geografiyasi 83 ta davlatga yetdi.

    Viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan 207 korxona 239 ta brend ostida mahsulot ishlab chiqarmoqda. Shundan, 2019–2023-yillarda jami 107 korxona (115 ta brend ostida) faoliyat yuritgan. 2023-yilda 20 korxonada – 23 ta brend, 2022-yilda 27 korxonada – 27 ta brend, 2021-yilda 38 korxonada – 42 ta brend, 2020-yilda 8 korxonada – 8 brend va 2019-yilda 14 korxonada – 15 ta yangi brend ostida mahsulot ishlab chiqarilgan.

    Yengil sanoat korxonalari tomonidan “Iftixor kiyim sanoat” MCHJ – Damrich, Baldasarini (Germaniya), “Fazman tekstil” MCHJ – Carl Gross, Digel (Turkiya), “Dilrabo-SDA” MCHJ – Vulpes, OMSA, BeeFree, SELO (Turkiya), “FT TEXTILE GROUP” MCHJ – Dilan, Mirteks (Turkiya), “Chust tekstil” XK – LC Waikiki, Zolla, Zarina (Turkiya) hamda “Asror tekstil sanoat” MCHJ – Carl Gross, (Turkiya) kabi rivojlangan davlatlarning brend korxonalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

    Hududdagi toʻqimachilik tarmogʻida 2024-yilda jami korxonalar soni 2428 ta boʻlib, ushbu sohada ishlovchilar esa 89 ming 522 nafarni tashkil etadi. Mazkur koʻrsatkichni 2017-yilga nisbatan olsak, korxonalar soni 1179 taga, yaʼni ikki barobarga, ishchilar soni esa 63 ming 697 nafarga — uch yarim barobarga oshgan.

    Paxta yetishtirish ortgan. Oʻz oʻrnida tola ishlab chiqarish quvvati 73 ming tonna boʻlib, 13 ming tonnaga, yaʼni 1,2 barobarga, tolani qayta ishlash quvvati esa hozirgi kunda 122 ming tonnani tashkil etib, 2017-yilga nisbatan 87 ming tonnaga — 3,4 barobarga oshgan. Ip kalava ishlab chiqarish quvvati 103 ming tonna boʻlib, 74,5 ming tonnaga – 3,6 barobarga, ip kalavani qayta ishlash quvvati 87,0 ming tonna boʻlib, 72,0 ming tonnaga – 5,8 barobarga, eksportdagi kalava ip ulushi 75 foiz boʻlib, 40 foizga, yaʼni 2,5 barobarga, ishlab chiqarish hajmi 5,2 barobarga, eksportyor korxonalar soni 400 ta boʻlib, 309 taga, yaʼni 4,4 barobarga koʻpaygan. Shuningdek, yillik eksport quvvati bugungi kunda 600 million dollarni tashkil etadi, bu 2017-yilga nisbatan 500,7 million dollarga – 6 barobarga koʻp degani. Boʻyoq korxonalar soni esa 30 tani tashkil etib, 22 taga – 3,7 barobarga oʻsgan.

    Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash kabi jabhalar sohasida olib borilayotgan siyosat tufayli tarmoqda mana shunday oʻsish surʼatlariga erishilmoqda. Jumladan, 7-yil muqaddam kichik hajmdagi korxonalar faoliyatini kengaytirishda yer maydoni, kredit mablagʻlari olish juda mushkul vazifa edi. Shuningdek, kuz-qish davrida elektr taʼminotidagi muntazam uzilishlar natijasida yirik hajmli korxonalar quvvatidan atigi 25–30 foiz foydalana olinar edi, xolos.

    Ushbu muammolar mamlakatimizdagi oqilona siyosat natijasida bartaraf etildi. Xususan elektr energiya taʼminoti boʻyicha qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik aloqalari tiklangan boʻlsa, tashkil etilayotgan kichik va erkin sanoat zonalar sabab yer muammosi ham batamom bartaraf etildi. Bu imkoniyat natijasida xorijiy investorlar oqimi keskin koʻpaydi hamda viloyatdagi ijara obyektida yoki uy sharoitida ishlayotgan kichik xajmli korxonalar faoliyati kengaytirilib, minglab yangi ish oʻrni yaratilmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda sohaga oid olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar oʻz samarasini albatta beradi, Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ulkan marralarga yoʻl ochadi.


    Qurbonali HOLIQOV,

    texnika fanlari doktori, professor


    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 196-sonida (2024-yil 26-sentyabr) chop etilgan.


    Hamkorlik materiali