“Chordangitepa” va "Nomsiztepa" arxeologiya yodgorliklariga zarar etkazgan shaxslarga qanday chora ko'riladi?

    Ushbu holatlar yuzasidan Madaniy meros agentligi o'z rasmiy munosabatini e'lon qildi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumanida joylashgan X-XII asrlarga oid “Chordangitepa” arxeologiya yodgorligining bir qismi buzib tashlanib, o'rnida uy-joy qurib yuborilgani va Samarqand tumanidagi “Nomsiztepa” arxeologiya yodgorliklarining bir qismi buzilishi oqibatida davlat manfaatlariga juda ko'p miqdorda zarar etkazilgani to'g'risida ma'lumotlar berilgan edi.

    Ushbu munosabatda ta'kidlanishicha, O'zbekiston Respublikasi Davlat Arxitektura va Qurilish Qo'mitasi buyrug'i bilan tasdiqlangan talabga asosan transport va muxandislik kommunikasiyalari madaniy meros obektlaridan kamida 100 metr uzoqlikda bo'lishi lozim. Shunga asosan, Yakkabog' tuman “Uchtepa” MFY Nug'ayli qishloq xududida joylashgan “Chordang'itepa” arxeologiya yodgorligiga ajratilgan er maydonidan 100 metrgacha muxofaza zonasi belgilangan bo'lsada, fuqarolar tomonidan ushbu hududda qurilish qilingan yoki o'zboshimchalik bilan egallab olinib, qishloq xo'jaligi va dehqonchilik ishlari amalga oshirilgan.

    Jumladan;

    Yakkabog' tumani Uchtepa mahalla fuqarolar yig'ini hududida yashovchi fuqaro Muxamadiev Farxod Baxtiyorovich tomonidan o'zboshimchalik bilan 1200 kv.m. er maydoniga uy-joy qurib olingan va ushbu er maydoniga “Ermulkkadastr” DK YAkkabog' tuman filiali tomonidan soliqqa tortish maqsadida foydalanuvchi sifatida xujjat qilib berilgan. Hozirgi kunda er maydoniga doimiy egalik qilish bo'yicha YAkkabog' tuman hokimining tegishli qarori majud emas.

    “CHordang'itepa” arxeologiya yodgorligi Respublika ahamiyatidagi obekt hisoblanganligi sababli uning muxofaza maydonidan foydalanishda Qashqadaryo viloyat Madaniy meros boshqarmasidan tegishli xulosa olinmagan.

    YAkkabog' tumani Uchtepa mahalla fuqarolar yig'ini hududida yashovchi fuqaro Muxamadiev Faxriddin Baxtiyorovichga YAkkabog' tuman hokimining 2018 yil 5-fevral №266/02 sonli bilan 1200 kv.m. er maydoniga mulkka egalik qilish huquqi berilgan.

    Fuqaro Muxamadiev Faxriddin Baxtiyorovich tomonidan YAkkabog' tumani Uchtepa MFY hududida joylashgan “Chordang'itepa” arxeologiya obektiga taqab uy binosini qurish jarayonida arxeologiya obektining eni 1.5 (bir yarim) metr, bo'yi 8 (sakkiz) metr, balandligi 1.5 (bir yarim) metr bo'lgan tuproq surilib, uy binosi qurilgan va madaniy meros obektiga zarar etkazgan. Holat bo'yicha Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasining mas'ul xodimlari tomonidan 2022 yil 18 fevral kuni MFY raisi, Profilaktika inspektori va fuqarolari ishtirokida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi.

    Ushbu holat yuzasidan viloyat Madaniy meros boshqarmasi tomonidan huquqiy baho berish uchun Yakkabog' tuman prokuraturasiga va viloyat prokuraturasiga murojaat qilingan. Ayni vaqtda YAkkabog' tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Shuningdek, Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari joriy yilning 24-iyun kuni Samarqand tumanida joylashgan arxeologiya madaniy meros obektlarini xatlovdan o'tkazish jarayonida tumandagi “Yangibog'” aholi punkti hududida joylashgan “Nomsiztepa” yodgorligini ko'zdan kechirgan. Kuzatuv natijasida obektga ma'lum darajada zarar etkazilgani aniqlandi.

    Mazkur arxeologiya yodgorligi VI-VII asrlarga oid bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obektlari milliy ro'yxatini tasdiqlash to'g'risida”gi 846-sonli qarori bilan tasdiqlangan Milliy ro'yxatda qayd etilgan.

    Mahalliy aholi tomonidan berilgan ma'lumotlarga ko'ra, bir necha yillar muqaddam arxeologiya obektining janubi-sharqiy hududida shaxsi noma'lum fuqarolar tomonidan qazish ishlari olib borilgan va tuproq olib ketilgan. Ushbu joy mutaxassislar tomonidan o'rganilganda jami 60.31 m3 tuproq olingani aniqlandi va boshqarma mutaxassislari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Tuproq olinishi oqibatida obektga 1mlrd. 447 mln. 440 ming zarar etkazilgani aniqlandi.

    Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan tumandagi o'rganish natijalari bo'yicha ma'lumot, to'plangan hujjatlar va ishga doir fotolavhalar qonuniy chora ko'rish uchun Samarqand tuman prokuraturasiga taqdim qilindi, deyiladi rasmiy munosabat matnida.