Dunyoda “omikron”dan oʻlim koʻrsatkichlari ortmoqda

    Salomatlik 9 Fevral 2022 1711

    Oʻtgan haftada dunyo boʻyicha koronavirusga chalinish koʻrsatkichlari avvalgi haftaga nisbatan 17 foizga kamaydi. Ammo kasallikdan vafot etganlar soni, afsuski, 7 foizga oshdi. Bu haqda kecha Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining haftalik hisobotida maʼlum qilindi.

    Qayd etilishicha, 31-yanvardan 6-fevralgacha 19 milliondan ziyod kishi COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan. Ulardan qariyb 68 ming nafari kasallikning ogʻir asoratlari oqibatida hayotdan koʻz yumgan.

    Shuningdek, hafta davomida eng koʻp yangi holatlar AQSHda roʻyxatga olingan — 1,8 million. Ikkinchi oʻrinni 1,7 million koʻrsatkich bilan Fransiya egallagan. Keyingi oʻrinlarni Germaniya (1,28 million), Braziliya (1,24 million) va Hindiston (1 million) band etgan.

    JSSTning hisobotida keltirilishicha, soʻnggi 30 kun ichida olingan tahlil namunalari koronavirusning “omikron” shtammi 96,7 foiz dominant variantga aylanganini tasdiqlaydi. Qolgan holatlarni esa “delta” mutatsiyasi tashkil etgan.

    Rossiyadagi N.F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi laboratoriya mudiri Sergey Alxovskiyning fikricha, “omikron” baribir “delta” ni butunlay siqib chiqara olmaydi. Yaʼni avvalgi shtamm kichikroq hajmda boʻlsada saqlanib qoladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    Oʻz navbatida, mutaxassis “omikron” bilan kasallangan bemorda hosil boʻlgan immunitet, yaʼni antitanachalar “delta” yoki shu singari boshqa mutatsiyalarga qarshi yaxshi samara bermasligini taʼkidladi.

    Germaniya sogʻliqni saqlash vaziri esa “omikron” shtammi koronavirusning oxirgi varianti boʻla olmaydi, degan xulosada. Uning soʻzlariga koʻra, hozir COVID-19 bilan kasallanish darajasi yuqori. Bu esa virusning mutatsiyaga uchrashi uchun qulay sharoitdir.

    “Ana shunday murakkab epidemiologik vaziyatda yangi shtammlar yuzaga kelmasligini tasavvur qilib boʻlmaydi, — deydi vazir. — Shunday ekan, pandemiya “omikron” bilan tugashi imkonsiz. Biz faqat yangi mutatsiyalar zararsizroq boʻlishiga umid qilishimiz mumkin, xolos”.