Oʻz davrida oʻlkaning yirik savdo, ilm va madaniyat markazi boʻlgan. 1219-1220-yillarda Chingizxon qoʻshinlariga qarshi kurashda vayronaga aylangan va yana qaytadan tiklangan. Bu kurashda Temur Malik koʻrsatgan jasorat hozirgacha tillarda doston. Xoʻjand zabt etilgach, Temur Malik Xorazmga boradi va Jaloliddin Manguberdi bilan birgalikda 1231-yilga qadar moʻgʻullarga qarshi kurashadi. Shuning oʻziyoq bu yurtda yashovchi aholi doimo qondosh-jondosh boʻlgani, hamisha bir-birini qoʻllab-quvvatlagani, dushmanga qarshi birgalikda kurashganini tasdiqlaydi.
31-mart kuni bu shaharda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston yetakchisi Emomali Rahmon va Qirgʻiz Respublikasi rahbari Sadir Japarovning samimiy uchrashuvini, tantanalarda ishtirok etgan odamlarning yuzi, koʻzidagi quvonchni koʻrganimda xayolimdan yaqin oʻtmishimiz oʻtdi.
Otam Oʻzbekistonning Zomin tumanida tugʻilgan, men Tojikistonning Xoʻjand tumanida dunyoga kelganman. Farzandlarim Toshkentda tavallud topdi. Otam mangu qoʻnim topgan makon Oʻzbekistonning Boyovut tumanida, onamning qabri Tojikistonning Shahriston tumanida. Oilada oʻn farzand edik, bir ukam oʻn uch yoshida vafot etdi, qolgan toʻqqiz oʻgʻil-qizning sakkiztasi Oʻzbekistonning turli tumanlarida yashaydi, bitta ukam esa Tojikistonda ota-onamning chirogʻini yoqib oʻtiribdi.
Bu birgina bizning oilamiz tarixi, taqdiri bilan bogʻliq haqiqatlar. Markaziy Osiyoda bizga oʻxshagan oilalar, taqdirlar minglab, oʻn minglab topiladi. Shu oʻrinda yana bir narsani taʼkidlashim lozim. Oʻzbekning ikki ulugʻ adibi — Odil Yoqubov va Pirimqul Qodirov Qozogʻiston va Tojikistonda tugʻilgan. Boshqa mamlakatda tugʻilib, boshqasida yashab, ijod qilgan yozuvchi, shoir, sanʼatkorlarni yuzlab sanash mumkin.
Bolaligim Tojikistonda oʻtgan. Oʻsha paytda Oʻratepa tumani hududida joylashgan Qarabchi qishlogʻimizda bitta ham tojik oila yashamasdi. Maktabda Oʻzbekiston maktablari uchun chiqarilgan dastur boʻyicha taʼlim olganmiz. Hatto tojik tili fan sifatida oʻqitilmagan ham. Shu bois, Tojikistonda katta boʻlsam-da, tojik tilini bilmayman. Baʼzan bizga maktabda tojik tilini oʻrgatishmaganidan afsuslanaman. Oʻrgatishganda, yana bitta boʻlsa-da, qoʻshimcha til bilgan boʻlardim.
Toshkent televideniyesini koʻrib katta boʻlganmiz. Oʻzbek yozuvchilarining kitoblari, Oʻzbekistonda chiqadigan “Gʻuncha”, “Gulxan”, “Guliston”, “Saodat”, “Fan va turmush” hamda Tojikistonda oʻzbek tilida chop etiladigan jurnal va gazetalarni mutolaa qilib ulgʻayganmiz. Tojikistonda tojik tilida qanday gazeta va jurnallar, kitoblar chiqishini bilmaganmiz, ularni koʻrmaganmiz ham.
Bular maqtanadigan gaplar ham, oʻtmishni qoʻmsash ham emas, albatta. Zamonning, davrning taqozosi, xatosidir, balki.
Ming yillardan buyon yonma-yon, aka-uka, doʻst-qadrdon, quda-anda boʻlib yashab kelgan xalqlar, afsuski, mustaqillikka erishgandan soʻng koʻp oʻtmay asrlar davomida ochiq turgan darvozalarini yopdi. Dunyo davlatlari chegaralarini ochib, integratsiyaga intilayotgan paytda markaziy osiyoliklar bunday yoʻlni tanlagani, viza joriy etgani tushunarsiz hol edi. Natijada ota u yurtda, bola bu yurtda qoldi.
Otam 2016-yili Toshkentda vafot etdi. Bemor boʻlib qolgach, davolatgani olib kelgandik, lekin taqdir ekan... Tirikligida qishlogʻimizdagi qabristonga, onamning yoniga qoʻyishimizni vasiyat qilgandi. Chegaralar yopiq, munosabatlar sovuq, chigal boʻlgani uchun Tojikistonga olib oʻtolmadik, Guliston shahri yaqinida joylashgan Qarabchi qishlogʻidagi qabristonga qoʻydik. Qishloqda ota-onamning chirogʻini yoqib oʻtirgan ukam padari buzrukvorini soʻnggi yoʻlga kuzata olmagani, oxirgi marta diydoriga toʻymagani uchun hozirgacha afsuslanadi.
Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari boʻlgach, Oʻzbekistondagina emas, butun Markaziy Osiyoda vaziyat butunlay oʻzgardi, harorat iliqlashdi. Chegaralar ochildi, odamlar bemalol qarindosh-urugʻlarinikiga borib kela boshladi. Oʻgʻil boshqa davlatda yashaydigan ota-onasi, aka-singlisidan xabar oladigan boʻldi. Avvallari televideniye kanallarida vahima qilinganidek, hech kim chegaradan qurol-yarogʻ, ogʻu olib oʻtayotgani yoʻq. Hammaning qoʻlida issiq non. Oddiy odamlar oʻz tirikchiligi, tashvishi bilan band. Chegaralar ochilganidan xursand, boshlari osmonda, ikki davlat rahbarlarini duo qilmoqda.
Aslida, vahima koʻtarganlarning oʻzlari oʻsha paytda kechalari chegaralarni ochib, katta-katta mashinalarda minglab tonna kontrabanda mollarni ikki davlat chegarasidan oʻtkazar, buning ortidan yuz minglab dollar foyda koʻrardi. Ular chegaralar ochilsa, shu foydadan quruq qolishidan qoʻrqib, qurol olib oʻtmoqchi boʻlganlar ushlandi, ogʻu olib oʻtmoqchi boʻlganlar qoʻlga tushdi, degan xabarlar tarqatardi, nazarimda. Chegara hududida yashovchi aholi bilan gaplashib koʻring, barini biladi, aytadi. Chunki nimalar boʻlganini ular oʻz koʻzlari bilan koʻrgan.
Bir paytlar Tojikistonning Qoʻrgʻontepa dashtlarini oʻzlashtirish uchun Fargʻona vodiysidan, Oʻzbekistondagi choʻllarni oʻzlashtirish uchun Tojikistonning togʻli tumanlaridan butun-butun qishloqlar koʻchib kelgan, koʻchirib keltirilgan. Ular shu yurtda yashab, shu yurt odamlari bilan el boʻlib ketgan.
Tojikistondagi qishlogʻimizning nomi Qarabchi edi. Ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashganda Guliston deb oʻzgartirildi. Bir paytlar Mirzachoʻlni oʻzlashtirgani kelgan hamqishloqlarimiz yashaydigan — Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahri biqinida joylashgan qishloqning nomi bugun Qarabchi. Shu qishloqda voyaga yetgan yetti kishi Sirdaryo viloyatining yettita tumaniga rahbar boʻldi. Qarabchiliklar barcha kabi Mirzachoʻlni oʻzlashtirish, bogʻu boʻstonga aylantirishda jonbozlik koʻrsatdi.
Xoʻjanddagi ikki va uch tomonlama uchrashuvlar juda samarali oʻtdi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon huzurida tashqi siyosat idoralari rahbarlari Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning kuchga kirishi haqidagi bayonnomani imzoladi, ratifikatsiya yorliqlari almashdi. Endi ikki davlat ittifoqchiga aylandi.
Davlatimiz rahbarining Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvida ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib borayotgani, tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 70 foiz oshgani qayd etildi. Energetika va transport kommunikatsiyalari sohasidagi yirik mintaqaviy loyihalar, jumladan, Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xoʻjanddagi uchrashuvlarning eng muhim voqeasi Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi tarixiy shartnomaning imzolangani hamda uch davlat rahbarlarining qoʻshma deklaratsiyasi qabul qilingani boʻldi. Shuningdek, uch mamlakat davlat chegaralari tutashgan hududda Doʻstlik stelasi ochildi. Hech shubha yoʻqki, ushbu yodgorlik qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yangi ramziga aylanadi.
Uch davlat rahbarining Xoʻjanddagi uchrashuvi, aytish mumkinki, katta bayramga aylanib ketdi. Chunki endi chegaralar boʻyicha nizolar yoʻq, endi bir davlat askari ikkinchi davlat hududi tomon oʻq otmaydi.
— Bugun xalqlarimiz uchun haqiqatan ham katta va uzoq kutilgan bayram. Biz uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi haqidagi tarixiy shartnomani imzoladik. Bundan buyon chegaralar — birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makonidir, — dedi Prezidentimiz tadbirda.
Davlatlarimiz rahbarlarining Xoʻjanddagi uchrashuvi xalqlarni, millatlarni, eng muhimi, dillarni birlashtirgan tadbir sifatida tarixdan joy oladi, albatta.
Bekqul EGAMQULOV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist