Suv hayvonot va nabotot olami, butun insoniyatga berilgan eng ulkan neʼmatdir. U – hayot, tiriklik manbai.
Ulugʻ va moʻtabar kitoblarimizda ham, daho ijodkorlarimiz asarlarida ham suvning yaratuvchanlik xususiyatlari, osmondan tushayotgan yomgʻirning yerga jon bagʻishlashi, obihayot qatrasini isrof etish ham gunoh ekanligi haqida koʻp va xoʻp bitilgan.
Buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida shunday satrlar bor:
Ariqqa qoʻydilar “Nahr ul-hayot” ism,
Falakvash havzgʻa “Bahr un-najot” ism.
Shoir bu bilan Farhod ming mashaqqatlar ila suv keltirgan ariq va hovuz el-yurtga hayot va najot bagʻishlaganini eʼtirof etgan. Navoiy bobomiz nafaqat oʻz asarlarida suvga yuksak eʼtibor qaratgan, shu bilan birga vazir boʻlgan davrida Hirotda obodonchilik ishlariga bosh boʻlib yangi ariq va kanallar ham qazdirgan.
Obihayot qadri va suv keltirganlar qadri oʻsha zamonlarda qanday boʻlgan boʻlsa, hozir ham shundan kam emas. Zero, ular yil boʻyi bobo dehqonlarimizga yelkadosh boʻlib, beminnat suv yetkazib beradi, paxta, gʻalla, meva-sabzavot, umuman, barcha ekinlardan olinayotgan hosilga, yaratilayotgan ulkan xirmonlarga, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligiga katta hissa qoʻshmoqda.
Davlatimiz rahbari shu boisdan ham suvdan samarali foydalanish, isrof qilinishining oldini olishga har doim alohida eʼtibor qaratib keladi. Jumladan, xalqimizni taraqqiyotga yetaklovchi muhim dastur hisoblangan Murojaatnomada ham ushbu yoʻnalishga doir qator ustuvor muhim vazifalar belgilangan. Resurslardan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, suv xoʻjaliklarida elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish, soha obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish kabilar shular jumlasidan.
Murojaatnomadan kelib chiqib, barcha miroblar ushbu soha xalqimiz uchun nihoyatda muhim ekanligini, shu bilan birga, yuksak ishonch va masʼuliyatni, oʻz vazifasini sidqidildan, halol va vijdonan bajarishi zarurligini his etdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Soʻnggi 15 yilda yogʻingarchilik miqdori 25 foizga qisqardi. Yozda jazirama kunlar davomiyligi ortgani oldinda hali katta sinovlar borligidan dalolat beradi. Lekin, hozirgi vaqtda ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yoʻqotishlar bor. Shu bois, suv xoʻjaligi tizimi isloh qilinadi.
Davlatimiz rahbari suvning hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimini joriy etish va kelgusi uch yilda 13 mingga yaqin suv xoʻjaligi obyektini raqamlashtirish vazifasini qoʻydi. Shu bilan birga, 16 ta yirik nasos stansiyasini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va muqobil energiyaga oʻtkazish, bularga qoʻshimcha ravishda suv soligʻi boʻyicha tushumlarning bir qismini tumanlarda sugʻorish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarni betonlashtirishga yoʻnaltirish zarurligi belgilab berildi.
Yuksak eʼtiborni his etgan, savobli mehnatlari bilan elda eʼzoz topayotgan suvchilarning bugun tom maʼnoda dunyoqarashi oʻzgargan, masʼuliyati oshgan. Ular yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarining natijadorligi aholi hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilganligini, bunga erishish esa qabul qilingan hujjatlar, qarorlarni ijro etish boʻyicha intizomning qatʼiyligiga bogʻliq ekanini yaxshi anglaydi.
Mamlakatimizdagi maʼmuriy islohotlarning navbatdagi bosqichi faqatgina davlat boshqaruvi tizimini ixchamlashtirish va maqbullashtirishdan iborat emas, eng ustuvor maqsad xalqqa xizmat qilish, aholi roziligiga erishish, quyi tizimga tushib, odamlar bilan ishlash, ular bilan muloqot qilish, muammolariga yechim topishdir. Shu maʼnoda, suv xoʻjaligidagi maʼmuriy islohotlar negizi quyi boʻgʻindagi tizimni mustahkamlashga qaratilgan. Xususan, eng quyi boʻgʻin hisoblangan tuman irrigatsiya boʻlimlari tarkibidagi suv xoʻjaligining maxsus xizmatlari bilan isteʼmolchilar munosabatlarini takomillashtirish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash maqsad qilib qoʻyilgan.
Oʻtgan yili amalga oshirilgan islohotlar natijasida Suv xoʻjaligi vazirligi mamlakatimizda suvni manbadan to dalagacha yetkazib berish boʻyicha masʼul organ qilib belgilanishi suvni samarali boshqarish, suvning hisobi va hisobotini toʻliq yuritishga zamin yaratdi.
Islohotlarni izchil davom ettirgan holda “vazir-mirob-fermer” zanjiri amalda samarali ishlashiga erishish va suv resurslarini boshqarishdagi byurokratik toʻsiqlarni toʻliq bartaraf etish zarur. Isteʼmolchining murojaati, uning suv bilan bogʻliq muammosi quyi tizimda hal etilmaydigan boʻlsa, oʻrta va yuqori boʻgʻin muammoni tezkorlik bilan birgalikda hal etish mexanizmini yoʻlga qoʻyishi kerak.
Sodda tilda aytganda, maxsus xizmat yaxshi ishlasa, isteʼmolchiga suvni vaqtida yetkazib bersa, hisob-kitob daftarlarini toʻgʻri yuritsa, taqsimotda doim adolat bilan ish tutsa, ana shunda xalq suvchilardan rozi boʻladi. Buning uchun suv xoʻjaligining maxsus xizmatlarini yosh, fidoyi, bilimli, tashabbuskor va intiluvchan kadrlar bilan mustahkamlash, eng sara mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, sugʻorish mavsumida masalalarni oqilona yechishi orqali oʻzini koʻrsatganlarning lavozimda oʻsishini yoʻlga qoʻyish orqali maxsus xizmat xodimlari faoliyatiga motivatsiya berish lozim.
Ana shu talablardan kelib chiqib, tizimdagi maʼmuriy islohotlar doirasida 2023-yilda Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatining 10 ta asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.
Bular: ixcham va samarali boshqaruvga oʻtish, suv resurslarini boshqarish, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish, taʼlim, ilm-fan va tarmoq integratsiyasini taʼminlash, kadrlar salohiyatini oshirish, sohani raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari, investitsiya va texnik koʻmak mablagʻlarini jalb qilish yoʻnalishlaridir.
Har bir yoʻnalish zamirida zalvorli raqamlar turibdi. Misol uchun, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing yoʻnalishida umumiy qiymati 1,24 trillion soʻm boʻlgan 52 ta loyiha amalga oshiriladi, 1 ming 920 kilometr kanal, 19 ming 154 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari, 66 ta nasos stansiyasi va 108 ta vertikal sugʻorish quduq agroklasterlar boshqaruviga beriladi.
Elektr energiyasi xarajatlarini tejash vazirlik oldidagi muhim ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib, eskirgan nasos va elektrodvigatellarni energiyatejamkor boʻlgan yangisiga almashtirish har yili bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Buning samarasi oʻlaroq, 2017-yilda elektr energiyasi sarfi 8,3 milliard kilovatt soatni tashkil etgan boʻlsa, oxirgi besh yilda elektr energiyasining yillik sarfini qariyb 1,5 milliard kilovatt soatga kamaytirishga erishildi va 2022-yil yakuni boʻyicha bu koʻrsatkich 6,8 milliard kilovatt soatga teng boʻldi.
Oldingi yillarda boshlangan ishlar davom ettirilgan holda, joriy yilda 174 ta nasos va 234 ta elektrodvigatel yangilanadi, 97 ta kondensator qurilmasi va 147 ta chastota oʻzgartiruvchi qurilma oʻrnatiladi, 18 ming 350 metr eskirgan kabellar yangilanadi.
Shu bilan birga, bu yil muqobil energiya manbalaridan foydalanishga keng koʻlamda kirishiladi. Yil oxirigacha 300 kilovatt soat quvvatli 47 ta quyosh elektr paneli hamda 16 ming 350 litr hajmli 132 ta quyosh suv isitish qurilmasi oʻrnatiladi. Natijada 121,9 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinib, 97,5 milliard soʻm davlat byudjeti mablagʻi tejaladi hamda u suv xoʻjaligi obyektlarini raqamlashtirishga yoʻnaltiriladi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar salkam bir million gektarga yetkazildi. Shundan tomchilatib 398 ming gektar, yomgʻirlatib 31 min, diskret usulda sugʻorish 16 ming gektarni tashkil etadi.
2023-yilda 260 ming gektarda tomchilatib, 25 ming gektarda yomgʻirlatib, 15 ming gektarda diskret usulda sugʻorish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu texnologiyalarni ishlatish orqali 1,9 milliard kub metr suv, 100 ming tonna mineral oʻgʻit, 13 ming tonna yoqilgʻi moylash materiallari iqtisod qilinadi. Oʻz navbatida, hosildorlik oʻrtacha 15–20 sentnerga oshirilib, 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sugʻorish imkoniyati yaratiladi.
Xalqaro tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, har qanday mamlakat tashabbuskor, intizomli, shijoatli va islohotlarga daxldorlik tuygʻusi bilan mehnat qiladigan, masʼuliyatni teran his qila oladigan kadrlar bilan taraqqiyotga erishadi. Kadrlar salohiyatini oshirish yoʻnalishida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti” Milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda tizim tashkilotlaridagi kafedra filiallari faoliyatini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Har yili 500 nafardan ortiq yosh mutaxassislar vazirlik tizimiga ishga qabul qilinyapti. Ularga yaratilgan sharoitlar tahlil qilib boriladi va kadrlarning “Oltin zaxirasi” yaratiladi. Shu tariqa 2023-yil yakunigacha sohadagi yosh rahbarlar salmogʻi 30 foizga yetkaziladi.
Bugungi kunda respublikamizdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari kabi Suv xoʻjaligi vazirligi ham Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar va ijro etuvchi organlar transformatsiyasi jarayonlarining faol ishtirokchisiga aylangan. Bu borada davlatimiz rahbarining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni muhim ahamiyatga ega. Negaki, islohotlarning samaradorligi va koʻzlangan maqsadlarga erishish har bir tashkilotda mustahkam ijro intizomining yoʻlga qoʻyilganligiga uzviy bogʻliq.
Soʻnggi besh yilda suv xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 1 ta qonuni, Prezidentimizning 5 ta farmoni, 20 ta qarori hamda 1 ta farmoyishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 60 dan ortiq qaror va farmoyishlari qabul qilindi.
Soha rivojida suvchi mutaxassislarga dasturilamal boʻlayotgan eng asosiy hujjatlar, shubhasiz, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023-yillarga moʻljallangan strategiyasi, desak mubolagʻa emas.
Mazkur yoʻnalishda “Ijro.gov.uz” tizimi orqali elektron hujjat almashinuvi vazirlik va uning hududiy tashkilotlarida ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, hujjatlar va topshiriqlar ijro etilishi oʻz vaqtida nazorat qilib borilmoqda. Xususan, 2022-yilda “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan 557 ta hujjat ijrosi oʻz vaqtida taʼminlandi. Ushbu davrda vazirlik markaziy apparatiga jami 10 ming 503 ta hujjat, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan 2 ming 702 ta ariza va murojaat kelib tushgan boʻlib, barchasi belgilangan tartibda nazoratga olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining hujjatlarida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha 28 ta nazorat va harakatlar rejasi, 32 ta “Yoʻl xaritasi” va chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlangan.
Suv keltirgan elda aziz. Aholi suvchilarning mehnatiga ariqlardan oqib turgan zilol suvga qarab, dalasidan olayotgan hosil choʻgʻidan kelib chiqib, dasturxonidagi noz-neʼmatning toʻkisligi va sifatini hisobga olib, oʻzining haqqoniy bahosini beradi.
Shu oʻrinda Xorazm viloyati Toshsoqa tizimidagi magistral sugʻorish kanallarini qayta tiklash loyihasini hayotiy misol sifatida keltirish oʻrinli. Ilgari Amudaryodan ochilgan suv Toshsoqa tizimi orqali Shovot tumaniga uch kunda, Yangibozor tumaniga esa besh kunda zoʻrgʻa yetib borgan. Kanallar betonlashtirilganidan soʻng suv 10 soatda yetib boradigan boʻldi va katta hajmdagi obihayot yoʻqotilishiga barham berildi. Buning qadrini, qilingan ishlarning ahamiyatini oʻsha kanallardan suv oladigan fermerlar, hudud aholisi oʻz hayoti misolida yaxshi sezyapti. Oldingi ahvol bilan hozirni taqqoslab, bu kabi hayotbaxsh, insonlar ogʻirini yengil, turmushini farovon qilishga qaratilgan islohotlar tashabbuskorini duo qilayotir.
Imom Moturidiy bobomizning “Elu yurt bilan hamdard boʻlib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga boʻlgay”, degan purmaʼno hikmati bor. Sohadagi maʼmuriy islohotlarning maqsad-muddaosi ham shunday: suvchilar elu yurt bilan hamdard boʻlib yashasa, astoydil xizmat qilsa, xalq ichida doim aziz boʻladi.
Rustam QARSHIYEV,
suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari