Majlisda deputatlar kun tartibiga kiritilgan barcha qonun loyihalarini muhokama qilish jarayonida ularda nazarda tutilayotgan ayrim normalar yuzasidan ko‘plab savollarni o‘rtaga tashlashdi. Ayrim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini, e’tirozlarini bildirgan holda, asosli takliflarni ilgari surishdi.
Ayniqsa, “Soliq va byudjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi nihoyatda qizg‘in kechdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, advokatura institutining davlat organlari va boshqa tuzilmalardan mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biroq qonun loyixasi bilan Soliq kodeksining 70-bobini (Advokatlar hay’atlariga, advokatlik firmalariga, advokatlik byurolariga va advokatlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari) chiqarib tashlash yo‘li bilan advokatlik tuzilmalarini qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilariga aylantirish nazarda tutilmokda.
Bu kabi omillar advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordamning qiymati oshirilishiga, fuqarolar va yuridik shaxslarning malakali yuridik yordamni olish imkoniyati pasayishiga sabab bo‘ladi.
Shundan kelib chiqib xalq vakillari kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar advokatlar faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytib, uni chiqarib tashlash taklifini ilgari surishdi.
Uzoq davom etgan tortishuvlar, savol-javoblar va baxs-munozaralardan so‘ng, deputatlar taklifi bilan ushbu norma qonun loyihasidan chiqarib tashlandi.