Endilikda “propiska”ga qoʻyish boʻyicha Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida tartib boʻlmaydi

    Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishi va turar joyi boʻyicha xabardor qilishi tartibi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilmoqda.

    Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib, respublikamizda doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joy boʻyicha roʻyxatga olishning yagona tartibini joriy etishga qaratilgan.

    Maʼlumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda boʻlib turgan har kim mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi mustahkamlab qoʻyildi.

    Oʻtgan qisqa davrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan koʻp yillar davomida xalqimizni qiynab kelgan, eskilik sarqiti boʻlgan propiska tizimini bekor qilish, bu borada belgilangan turli byurokratik toʻsiqlarni olib tashlash, xususan, propiskasiz fuqarolarni ishga olganlik uchun ish beruvchining javobgarligini bekor qilish boʻyicha muhim tarixiy islohotlar amalga oshirildi.

    Fuqarolarni doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish ichki ishlar organlari bilan bir qatorda davlat xizmatlari markazlari orqali yoki onlayn tarzda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyildi. Olish oʻta murakkab boʻlgan xorijga chiqish stikeri bekor qilinib, uning oʻrniga biometrik pasport va mamlakat ichida esa ID karta joriy qilindi.Bugungi kunda fuqarolarimiz mamlakat hududi boʻylab emin-erkin harakatlanmoqda, shu jumladan Toshkent shahri va viloyatida turar joy sotib olish, ishga joylashish, tibbiy va boshqa ijtimoiy xizmatlardan toʻsiqsiz foydalanmoqda, chet davlatlarga hech qanday qiyinchiliklarsiz borib kelishmoqda.

    Oʻz navbatida, fuqarolarni doimiy yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tizimi aholi statistikasini yuritish, hududlar infratuzilmasini shakllantirish, pensiya, tibbiy taʼminot, ijtimoiy xizmatlar va davlat xizmatlari koʻrsatishni rejalashtirishda, mavjud resurs va mablagʻlarni toʻgʻri taqsimlashda, aholi bandligini taʼminlashda, harbiy roʻyxat yuritishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Bugungi kunda amalda boʻlgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Qonun sababli fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishda byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelmoqda.

    Ushbu qonun loyihasi bilan yuqorida taʼkidlangan Qonun bekor qilinib, respublika boʻyicha fuqarolarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishining yagona tartibini joriy etish, shuningdek, vaqtincha turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtish tartibini takomillashtirgan holda turar joy boʻyicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

    Endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida roʻyxatga olish tartibi boʻlmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika boʻyicha bir xil tartib amal qiladi.

    Bundan tashqari, aholining ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 223-moddasida belgilangan pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish taklif etilmoqda.

    Jumladan, oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan, oltmish yoshdan oshgan yoki toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan, shuningdek jazoni ijro etish muassasasidan jazoni oʻtab chiqqan, shuningdek, favqulodda vaziyatlar, turar yoki noturar joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi kabi hodisalar roʻy berganligi natijasida jabrlangan shaxslar endilikda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikdan toʻliq ozod etiladi.

    Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimiz fuqarolari va mehmonlarini roʻyxatga olish tartibini yagona yondashuv asosida isloh qilishga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlari himoyasini taʼminlashga, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi choralarini maqbullashtirishga xizmat qiladi.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.