Soʻnggi yillarda yerdan oqilona va samarali foydalanish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida aholining yerga boʻlgan munosabati tubdan oʻzgardi.
Ammo, sohada hanuz ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirdi va shu maqsadda mazkur Qonun ishlab chiqildi.
Qonun bilan amaliyotga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.
Xususan, yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik bilan bogʻliq qilmishlar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilyapti.
Yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish kabi jinoyatlar faqatgina prokuratura organlari tomonidan tergov qilinishi belgilanadi.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, bunday turdagi jinoyatlarni tergov qilish nafaqat prokuratura, balki ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan ham amalga oshirilar edi.
Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslari udlarda oʻzboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni koʻrib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan toʻldiriladi.
Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer toʻgʻrisidagi qonun buzilishi bilan bogʻliq daʼvo ariza kiritishda davlat bojidan ozod etilishi belgilanadi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Muhokama davomida Qonunning qabul qilinishi yer uchastkalariga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligi oshishiga, jinoyatlar boʻyicha yetkazilgan zararning oʻz vaqtida undirilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Qizgʻin muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.