Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga izchil tatbiq etilayotgan “Obod qishloq” dasturi bugun chekka-chekka hududlardagi aholi punktlarida barpo etilayotgan zamonaviy uy-joylar, taʼlim muassasalari, dam olish maskanlariyu qator xizmat koʻrsatish shoxobchalarining yangicha qiyofasida oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.

Odamlarning hayotdan mamnunligi, shaharlardagidek qulaylik va imkoniyatlarga ega boʻlgan zamonaviy maskanlarda yashayotganidan shodonlik hissi zamirida bir haqiqat — qishloqlarni obod qilish yoʻlidagi islohotlar yotibdi, desak mubolagʻaga yoʻymang. Ana shunday hududlardan biri — Toshkent viloyati ­Chinoz tumanining koʻp millatli Eshonobod qishlogʻi boʻladi.

Bu yerda ham “Obod qishloq” dasturi doirasida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bugun yangicha qiyofa kasb etayotgan bu joylar kishida goʻyo endigina paydo boʻlgandek tasavvur uygʻotadi. Ammo bu oʻsha — eshonobodliklarning qadimiy va qadrdon qishlogʻi. Faqat endi u zamonaviy koʻrinishda, barcha qulaylik, shart-sharoitlarga ega maskanga aylangan.

Qishloqqa taklif etilgan bir guruh mehmonlar, xususan, viloyat hokimligi mutasaddilari, masʼul vazirlik va idoralar vakillari hamda Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Respublikalarining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari ana shu oʻzgarishlarga bevosita guvoh boʻldi. Bayram tadbiriga uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarni ochiq yuz bilan qarshi olgan qishloqning turli millat vakillaridan iborat aholisi yuzidagi tabassum, yuqori kayfiyat bir onda tadbir ishtirokchilariga ham koʻchdi. Yoʻlaklar boʻylab bezatilgan dekoratsiyalar esa qishning sovuq kunlarida qalblarga iliqlik, chinakam bahoriy kayfiyat baxsh etib turdi. Qishloqqa kiraverishdanoq baralla yangragan oʻsha mashhur “Bir kelib keting qishlogʻimizga” qoʻshigʻi olis-olislargacha aks-sado berdi.

— Miqyos va mazmun jihatidan nihoyatda keng koʻlamga ega boʻlgan “Obod qishloq” dasturi tufayli Eshonobod qishlogʻida istiqomat qilayotgan qariyb 3,2 ming aholi hayotida moʻjizaga teng oʻzgarishlar yuz berdi, — dedi Chinoz tumani hokimi Akmalxon Madiyev. — Pandemiya tufayli dunyoning eng yetakchi davlatlaridagi kabi mamlakatimiz oldida paydo boʻlgan murakkab muammo va qiyinchiliklar, duch kelingan turli sinovlarga qaramasdan, katta hajmdagi qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi va Eshonobod bamisoli moʻjaz shaharchaga aylandi.

Toshkent viloyati markazi Nurafshon shahridan 80 kilometr, Chinoz tumani markazidan 20 kilometr olisda, qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan “Eshonobod” mahallasining avvalgi ahvoli nihoyatda achinarli holatda boʻlgan. Logistika, infrastruktura va boshqa jihatlardan fuqarolarga sharoit yaratib berishda anchagina kamchiliklarimiz bor edi. Shu bois, mazkur qishloq 2019-yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgach, yurtdoshlarimiz talabidan kelib chiqqan holda, birinchi navbatda, maktab, maktabgacha taʼlim tashkilotlarini taʼmirlashga kirishildi. Qishloqning koʻp millatli aholisiga qulaylik yaratish maqsadida mahalla markazi qurildi. Unda raqamli texnologiyalar asosida 140 dan ortiq xizmatlarni koʻrsatishga moʻljallangan Davlat xizmatlari agentligining filiali ochildi. Yoshlar uchun dam olish maskanlari bunyod etildi. Bugun ana shu ishlardan qishloq ahli mamnun. Shu maskanni oʻziga vatan ichra kichik vatan deb bilgan, bir oila farzandlaridek ahil va inoqlikda yashab, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik va boshqa millatlarga mansub yurtdoshlarimiz yuz-koʻzidagi quvonchning, yuraklarni limmo-lim toʻldirib, joʻshqin daryodek toshib chiqayotgan zoʻr koʻtarinkilik va shukronalik kayfiyatining chegarasi yoʻq.

ZAMONAVIY TAʼLIM DARGOHLARI

Yurtning kelajagi boʻlgan yoshlarni tarbiyalashni, avvalo, bogʻcha, maktablardan boshlashimiz kerakligi ayni haqiqat. Prezidentimiz ilgari surgan “Kelajak bogʻchadan boshlanadi” gʻoyasi zamirida ham ana shu haqiqat yotibdi. Shu jihatdan, dastur doirasida Eshonobod qishlogʻidagi 17-maktabgacha taʼlim tashkilotining toʻliq taʼmirdan chiqarilishi aholining ayni koʻnglidagi ish boʻldi.

Asli 1990-yilda tashkil etilgan bu bogʻchaga 2017-yilgacha 30 nafardan ortiq bolani qabul qilishning imkoni boʻlmagan. Yillar davomida ancha eskirib qolgan taʼlim dargohini taʼmirlash uchun 1 milliard 800 million soʻm mablagʻ ajratildi. Natijada qamrovi 150 nafarga yetkazilgan bogʻcha aqlni peshlaydigan, bilimni charxlaydigan, ziyraklik, chaqqonlik va hozirjavoblikni tarbiyalaydigan zamonaviy taʼlim-tarbiya vositalari bilan jihozlandi. Innovatsion tajriba sifatida katta monitorda proyektor orqali darslar oʻtish yoʻlga qoʻyildi. Bugun ushbu maskanda oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik tillarida taʼlim-tarbiya olayotgan turli millat bolalari ahil-inoqlikda maktab taʼlimiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bogʻcha hovlisida oʻrnatilgan qardosh xalqlarning anʼanalariga xos dekoratsiyalar ham millatlararo totuvlikning ifodasi sifatida aks etib turibdi.

Qishloqdagi 350 oʻringa moʻljallangan 20-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham darslar oʻzbek, qozoq va qirgʻiz tillarida olib boriladi. Dastur doirasida toʻliq taʼmirdan chiqarilgan mazkur taʼlim dargohi 1972-yilda tashkil etilgan edi. Taʼmirlash jarayonlarida qoʻshimcha ravishda 180 oʻrinli bino qurilib, zamonaviy asosda jihozlandi. Hozir bu yerda 13 ta qozoq, 15 ta oʻzbek sinfi mavjud.

Qishloqda taʼlim bilan sportni uygʻunlikda olib borishga ham katta ­eʼtibor qaratilgan. Maktabdan uzoq boʻlmagan joyda yangidan qurilgan bolalar va oʻsmirlar sport majmuasi ham doim oʻgʻil-qizlar bilan gavjum. Endilikda qishloq yoshlari majmuada futbol, voleybol, tennis, qoʻl toʻpi, boks va boshqa sport turlari bilan shugʻullanib, vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari mumkin boʻladi. Muhimi, kelgusida jahon arenalarida vatanimiz bayrogʻini baland koʻtaradigan boʻlajak chempionlar mana shu moʻjaz maydondan yetishib chiqishi uchun zamin hozirlandi.

QARDOSHLIK NAVOLARIGA HAMOHANG

Oʻzbekistonda hukm surayotgan oʻzaro mehr-oqibat, hamjihatlik, totuvlik, bagʻrikenglik muhitini yana-da mustahkamlashga hissa qoʻshadigan yangi obyektlarni foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tadbirlar tom maʼnodagi tantanalarga, taʼbir joiz boʻlsa, doʻstlik bayramiga aylanib ketdi. Qishloqda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan koʻplab ijtimoiy soha obyektlari, zamonaviy uy-joylar ona zaminimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillariga koʻrsatilayotgan birdek eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir amaliy ifodasi boʻldi.

Ahillik koʻchasida qad rostlagan, oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, tojik va rus xalqlari anʼanalari aks etgan oʻtovlarning ichiyu tashida shu kuni qishloqdagi koʻp millatli aholining ahil-inoq, totuv-hamjihat hayotidan hikoya qiluvchi oʻziga xos doʻstlik muhiti namoyon boʻldi. Har bir oʻtov oldida oʻz kuy-qoʻshiq, milliy raqslarini namoyish etgan millatlar vakillari mehmonlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi. Tadbir ishtirokchilari oʻtovlar ichiga kirib, qardosh millatlarning urf-odatlari, milliy taomlari, hunarmandchilik va amaliy sanʼat namunalari bilan tanishdi. Yigʻilganlar tilida bir haqiqat — Vatanimizdagi mana shunday millatlararo doʻstlik muhiti bilan birga, ahil qoʻshnichilik siyosati xalqimizni yangi Oʻzbekistonni barpo qilishdek buyuk gʻoya atrofida bir musht boʻlib birlashishiga xizmat qilayotgani bot-bot takrorlandi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan islohotlarda toʻliq oʻz aksini topgan “Obod qishloq” dasturi doirasida bu yerda olib borilgan bunyodkorliklar har qanday kishini hayajonga soladi, — dedi Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy. — Eshonobodda oʻzbek, rus, tojik, qozoq, qirgʻiz millatlarining oʻzaro hamjihat, bir oila aʼzolaridek yashayotgani bizni juda xursand qildi. Aholi bandligini taʼminlash borasida ishga tushirilgan korxonalar, albatta, yaqin kelajakda bu qishloq iqtisodiyotini yana-da yuksaltiradi. Taʼlim, madaniyat va sportni rivojlantirish uchun qurilgan inshootlar yosh avlodni barkamol tarbiyalashga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Rossiya FederatsiyasiningOʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev esa chekka bir qishloqda bunday obodliklar amalga oshirilganidan hayratda ekani, zamonaviy maktab binosining yangi oʻquv qoʻllanmalari va darsliklar bilan taʼminlangani, oʻquvchilardagi bilim olishga boʻlgan intilishlar, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish asosida ish olib borayotgan turli sogʻlomlashtirish toʻgaraklari kishi havasini keltirishini taʼkidladi. Dars jadvallarida haftasiga 2 soat rus tili darsi oʻtilayotgan boʻlsa-da, bolalarning rus adabiyotini muntazam oʻqib-oʻrganishi, shu tilda mustaqil oʻzaro muloqot qilishi natijasida ancha biyron soʻzlashayotganini eʼtirof etdi.

Oʻtovlar atrofidagi kuy-qoʻshiqlarning ohangi quloqlardan uzoqlashib ulgurmasdan, qishloq xiyobonida tashkil etilgan katta amfiteatrda baxshi-jirovlarning aytishuvlari avj oldi. Ohanglaridagi tuygʻular soʻzga indi, qalb tebranishlari kuyga doʻndi. Yangilanayotgan qishloqlar manzarasi kuy boʻldi, qoʻshiq boʻldi.

DOʻSTLIK VA KITOBGA EHTIROM

Qishloq ahlining poytaxtdan kam boʻlmagan sharoitlarda dam olishlari, madaniy hordiq chiqarishlari uchun ham qulayliklar yaratildi. Eski yaylovda bunyod etilgan istirohat bogʻi “Doʻstlik bogʻi”ga aylandi. Bogʻning har burchagida turli davlatlarning arxitektura namunalari qad rostladi. Bu xiyobon — mamlakatimiz va jahondagi eng nodir meʼmoriy obidalarning ixcham maketlarini ham oʻzida mujassam etgan. Unga kirib kelar ekansiz, avvalo, Vatanimiz bosh maydonining ramziy darvozasi — Ezgulik arkasining maketiga koʻzingiz tushadi. Parvozga shaylanayotgan turnalar xalqimiz qalbidagi begʻubor orzular, farovonlik va baraka timsollari boʻlsa, baland va mustahkam ustunlar mamlakatimizning baquvvat tayanchlarini ifodalaydi.

Xiyobon markazida Kitoblar monumentining qurilishi esa qishloq hayotida katta voqelik boʻldi. Monument Alisher Navoiy, Muso Xorazmiy, Abdulla Qodiriy, Abay Qoʻnonboyev, Chingiz Aytmatov, Sadriddin Ayniy, Aleksandr Sergeyevich Pushkin kabi buyuk alloma, maʼrifatparvar ijodkorlarning turli tillardagi asarlarini bitta oʻq ildizda birlashtirib turibdi. Kitoblar monumentida nomi zikr qilingan ijodkorlarning asarlarini maxsus shtrix kodlar orqali mobil qurilmalarga oson yuklab olish imkoni ham yaratilgan.

“Kasbim jurnalist boʻlganligi sababli Tyanshanda tez-tez boʻlib turaman. Tyanshan yoʻllari, uning qiru adirlari, viqorli togʻ choʻqqilari, oʻzining sharros yomgʻiru doʻllari, qishli qor-boʻronlaridan tuyadek quturgan daryoyu dovonlardagi ob-havosi oʻlim vahimasini solib tursa-da, lekin Issiqkoʻlning goʻzal, koʻrkam manzarasini boshqa yerdan topa olish mumkinmi? Qarang, Issiqkoʻlimiz qanday ajoyib. Ayniqsa, oqqushlar. Oqqushlar Issiqkoʻlga kuzda uchib keladi. Bahorda esa juda kamdan-kam keladi. Ularni bahorda kelishlari yaxshilikdan, baxtdan darak berar emish.”

Chingiz Aytmatov nomidan aytilgan bu soʻzlar Muqimiy teatri aktyori Iqbol Oshiqov tomonidan mohirona ijro etilar ekan, yigʻilganlar oʻzlarini xuddi buyuk adib qarshisida turgandek, u bilan nigohlari beixtiyor toʻqnashib, qalban muloqot qilayotgandek his etdi. Boshqa yozuvchi, shoirlarning ham badiiy qiyofalari bir qator aktyorlarimiz yaratgan obrazlarda gavdalanib, tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi.

Bu bogʻda ana shunday badiiy chiqishlar, yoshlar ijrosidagi turli sanʼat namunalari bundan keyin davom etaveradi. Adabiy tadbirlar, mushoiralar bir-biriga ulanib, bogʻ kitobxon oʻgʻil-qizlarning eng sevimli maskaniga aylanishi, shubhasiz.

Qishloqda yangi barpo etilgan madaniyat saroyida bunday mashgʻulotlarni boshlab yuborgan eshonobodlik sanʼatsevar yoshlar mehmonlarni oʻzlarining ijod namunalari bilan kutib oldi. 
200 oʻringa moʻljallangan madaniyat va sanʼat oʻchogʻi koʻp millatli qishloq yoshlarining musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼat, kompyuter texnologiyalari bilan mashgʻul boʻlishi uchun ajoyib 
imkoniyat yaratadi. Oʻgʻil-qizlarning sanʼat koshonasi sahnasida namoyish etiladigan ilk kichik chiqishlari kelgusida katta sanʼatkorlarning yetishib chiqishiga turtki bersa, ajab emas.

Mehmonlar bu yerda besh ezgu tashabbus, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida amalga oshirilgan sharoitlar, turli toʻgaraklar, qishloq ahli va yoshlar uchun yaratilgan boshqa imkoniyatlar bilan tanishdi.

BUNYODKORLIK VA MAʼRIFAT QUDRATI

Bugun mamlakatimizda “Obod va xavfsiz mahalla” hamda “Mahalla raisi — islohotchi” tamoyillari asosida fuqarolar bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish boʻyicha yangi tizim yaratilyapti. Eshonobod qishlogʻining ismi-jismiga mos Fayzobod koʻchasida qad rostlagan zamonaviy mahalla markazi ham bu boradagi islohotlarning amaliy ifodasidir. Barcha sharoitlarga ega zamonaviy mahalla fuqarolar yigʻini binosida moʻjaz kutubxona va mutolaa zali, tumandagi Xalq qabulxonasi, davlat xizmatlari markazining shoxobchalari, 3-sektor shtabi, tibbiyot punkti, bank filiali kabi odamlarga qulaylik yaratishga xizmat qiladigan obyektlar tashkil etilgan. Mehmonlar binodagi sharoitlar bilan tanishar ekan, mamlakatimizda mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, ikki institutni uygʻun rivojlantirish borasidagi islohotlarning chekka bir qishloqdagi natijasiga yuqori baho berdi.

Fayzobod koʻchasida ilk marta “temir daftar”ga kiritilgan, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, yoshlar va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun namunaviy loyihalar asosida uch xonali 38 ta arzon uy-joy qurilganini ham koʻpchilik eʼtirof etdi. Tuman hokimining taʼkidlashicha, uylar 20 yillik imtiyozli kredit evaziga berilib, ipoteka kreditining boshlangʻich badali davlatimiz ajratgan subsidiya hisobidan qoplangan. Aytish joizki, bu uy-joysiz, ehtiyojmand, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yaratilgan yangicha tizimning yaqqol namunasidir.

Yana bir muhim jihati, “Obod qishloq”ni barpo etishda aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tadbirkorlar tomonidan hududda 500 oʻrinli tikuvchilik sexi ochilib, ishchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Korxona ikki qismdan iborat boʻlib, xotin-qizlar avval 120 oʻrinli sexda oʻqitilib, soʻng asosiy sexga oʻtkaziladi. Qishloqda yashovchi chevarlar hamda yangi ish oʻrganib, qoʻli kelishgan tikuvchilar mana shunday zamonaviy tikuv korxonalarida mehnat qilib, roʻzgʻoriga baraka kiritmoqda.

— Oʻzim Eshonobod qishlogʻida yashayman, — deydi Obida Tohirova. — Uch farzandim bor. Oddiy uy bekasi edim. Qishlogʻimizda katta tikuv sexi ochilgach, ishga keldim. Uyimizga yaqin joyda boʻlgani uchun qatnashda qiyinchiliklar boʻlmayapti. Hozir tikishni oʻrganyapman, soʻng asosiy tikuv sexiga oʻtaman. Bu yerda sharoitlar yaxshi, oylik maoshi oʻz vaqtida beriladi. Shunday yaxshi sharoitda ishlab, oilamiz daromadiga oʻz hissamni qoʻshayotganimdan xursandman.

Tikuv korxonasida turli xildagi kiyim-kechaklar, xususan, kurtkalar, kostyum-shim, sport hamda maxsus ishchi kiyimlari tikiladi. Mahsulotning asosiy qismi qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda. Daromad ham yomon emas. Joriy yilda 350 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ahamiyatlisi, shu yerda xotin-qizlarga tikish-bichish sir-asrorini oʻrgatuvchi 200 oʻrinli zamonaviy oʻquv markazi ham ish boshladi.

Shuningdek, dastur doirasida qishloq oilaviy poliklinikasi binosi qayta taʼmirlandi. Zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, tez tibbiy yordam avtomashinasi bilan taʼminlandi. Hududda mehmonxona, minimarket, dorixona, goʻzallik saloni ham ish boshladi. Qishloq aholisining eng katta muammolaridan boʻlgan ichimlik suv, yoʻl, elektr energiyasi bilan bogʻliq birlamchi hayotiy masalalari hal qilib berildi.

Aniq raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, “Obod qishloq” dasturi doirasida beshta nuqtada 400 metr yer qaʼridan chuchuk suv chiqarilib, 14 kilometr suv tarmogʻi tortildi, 2 ta ichimlik suv obyekti qurildi. Natijada “Eshonobod” va unga qoʻshni boʻlgan “Birlik”, “Sutbuloq”, “Uzumzor”, “Gʻayrat”, “Tong yulduzi” va “Oʻzbekiston” mahallalaridagi 13 mingdan ortiq aholi obihayot bilan taʼminlandi.

Qishloqqa yangi transformator oʻrnatilib, mavjudlari taʼmirlanishi, elektr tarmogʻi yangilanishi bilan hududdagi elektr energiyasi muammosi ham hal etildi. Katta koʻlamdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi.

Koʻchalarga oʻrnatilgan chiroqlar tufayli bugun Eshonobodning oqshomlari ham goʻzal va tarovatlidir. Zamonaviy obyektlar, moʻjaz xiyobon rango-rang chiroqlar yogʻdusida bamisoli yulduzdek porlab turar ekan, inson ne-ne sinovlarni mardona yengib kelayotgan xalqimizni birlashtirib turgan buyuk kuch — ezgulik, bunyodkorlik va maʼrifat qudratini yana bir karra chuqur his qiladi.

Ana shunday xayollar ogʻushida yurganimizda tadbirda paydo boʻlgan mard yigitlarimizning uchqur qanoti — qorabayir otlardagi harbiylarning chiqishlari bayramga oʻzgacha harorat, shukuh olib kirdi. Ayniqsa, boʻlajak vatan himoyachilarini oʻziga qaratgan bu jasur oʻgʻlonlar Eshonobod qishlogʻidan yetishib chiqqan koʻplab Vatan himoyachilari, oʻz maktabini yaratgan harbiylar timsolida gavdalandi goʻyo. Ularga havas bilan boqqan qishloq yoshlari kelajakda ana shu akalari kabi haqiqiy vatanparvar boʻlishni maqsad qildi.

Shu tariqa, oʻzaro ahil-inoqlikda yashab kelayotgan koʻp millatli Eshonobod qishlogʻi aholisi yangidan bunyod etilgan obod qishloqda yana bir shodiyonani koʻtarinki ruhda nishonladi. Mahalladoshlar, qishloqdoshlar bir yerga jam boʻlib, doʻstlik aloqalari, hamjihatlik tuygʻularidan yana bir karra dillar yayradi. Yangitdan chiroy ochgan zamonaviy maskanlarni koʻrib, koʻzlar quvondi, dillar shodlikka toʻldi. Bunday shodiyona onlar yurtimizning barcha burchaklarida kezib, “Obod qishloq”lar soni kun sayin koʻpayib borayotgani esa qalbimizda shukronalik tuygʻularini mavjlantiradi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Hakim Yoʻldoshev olgan suratlar