Yevropa Ittifoqi sun'iy intellektga oid dunyodagi birinchi qonunni ma'qulladi

    Yevropa Ittifoqi sun'iy intellekt ishini tartibga soluvchi dunyodagi birinchi qonunni ma'qulladi.

    Tegishli rezolyutsiya 13-mart kuni Strasburgda yevropalik deputatlar tomonidan ma'qullandi. Sun'iy intellekt to'g'risidagi qonunni ma'qullab 523 deputat ovoz berdi, 46 nafari qarshi chiqdi, 49 nafari betaraf qoldi.

    Ishlab chiquvchilarning so'zlariga ko'ra, yangi hujjat asosiy huquqlar, demokratiya, qonun ustuvorligi va ekologik barqarorlikni sun'iy intellektdan himoya qilish, shuningdek, innovatsiyalarni rag'batlantirish va Yevropani bu sohada yetakchi bo'lishiga qaratilgan.

    Qabul qilingan qonun loyihasiga ko'ra, sun'iy intellekt ilovalari turli xavf sinflariga bo'lingan. Shunga mos holda provayderlar ma'lum xavfsizlik va shaffoflik talablariga javob berishi kerak. Ba'zi ilovalar, masalan, real vaqt rejimida ommaviy biometrik kuzatuvlar butunlay taqiqlangan.

    Yevropada sun'iy intellekt to'g'risidagi qonun aprel oyining oxiridayoq – Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar ovoz bergach, qabul qilinishi mumkin. OAV xabarlariga ko'ra, bu oddiy rasmiyatchilik sifatida qaralmoqda, chunki Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar elchilari yig'iladigan Doimiy vakillar qo'mitasi allaqachon qonunni ma'qullagan.

    2023-yilning dekabr oyida Yevroparlament, Yevrokomissiya va Yevropa Ittifoqi davlatlari vakillari sun'iy intellekt haqidagi qonunni uch kunlik muhokamadan so'ng, mazkur yo'nalishdagi dunyodagi birinchi qonunni qabul qilishga kelishib olgan edi, deb xabar beradi tengrinews.kz.