Uchrashuvda Fargʻona viloyatida “Global Textile” kompaniyasi tomonidan amalga oshirishga kirishilayotgan Kiabi brendi ostidagi liboslarni ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi.
Dunyoning 25 ta mamlakatida 600 ga yaqin savdo doʻkonlari mavjud boʻlgan, yillik aylanmasi 2,5 mlrd. dollarga teng boʻlgan Kiabi kompaniyasi vakillari, oʻz liboslarining ishlab chiqarilishida paxta ekishdan boshlab, tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonda ekologik xavfsizlikni, atrof-muhitga zarar yetmasligini taʼminlash, bu zanjirning barcha boʻgʻinlarida muqobil energiya manbalaridan, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish ustuvor talab ekanligini qayd etib, “Global Textile” kompaniyasi oʻz boshqaruv falsafasi hamda zamonaviy texnologiyalari bilan ushbu talablarga toʻla mos kelishini taʼkidlashdi.
Dastlabki bosqichda futbolkalar, pololar hamda jinsilar ishlab chiqarish bilan boshlanadigan hamkorlik, kelgusida uy tekstili mahsulotlari bilan davom ettirilishi maʼlum qilindi. Loyiha doirasida tekstil mahsulotlari bilan birga, barcha zaruriy aksessuarlar, yorliqlar, qadoqlash mahsulotlarini ham ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Mahsulotlarni Yevropa bozorlariga yetkazishda yangi tranzit koridorlari ochilayotgani, shu jumladan, Oʻzbekistondan Turkiyagacha yuk poyezdlari qatnovi yoʻlga qoʻyilayotgani Kiabi vakillari tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Xuan Penagos xorijiy mamlakatlarda Kiabi kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlayotgan korxonalar haqida maʼlumot berdi hamda Xayrullo Bozorov boshchiligida Fargʻona viloyati vakillarini Bangladeshdagi ana shunday korxona faoliyati bilan tanishish uchun taklif qildi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda paxtani yarim xom-ashyo sifatida sotishni emas, yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni maqsad qilgan islohotlar oʻz samarasini berayotgani, paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish orqali paxtani chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlar bilan jahon bozoriga chiqib borilayotgani qayd etildi.
Oʻzbekiston uchun kuchga kirgan Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimi (GSP+) viloyatning tekstil-trikotaj mahsulotlari uchun Yevropa bozorida qoʻshimcha imkoniyatlar taqdim etgani taʼkidlandi, amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ushbu imkoniyatdan yanada kengroq foydalanishga yoʻl ochilayotganiga eʼtibor qaratildi.