Davra suhbati Yevropa — Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasining (EUROUZ) sogʻliqni saqlash va tabiiy fanlar qoʻmitasi tomonidan Progressiv islohotlar markazi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir soha ishtirokchilari — global dori vositalari ishlab chiqaruvchilardan tortib milliy tartibga soluvchilar, hukumat va ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillari oʻrtasida maqsadli muloqot uchun maydonga aylandi.
Ishtirokchilar hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha mavjud imkoniyatlar va muammolarni tahlil etib, toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha tavsiya va mexanizmlarni ishlab chiqdilar.
Xususan, Oʻzbekiston va Yevropa farmatsevtika kompaniyalari oʻrtasida sarmoya kiritish va hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar Yevropa kompaniyalarining mahalliy bozorga chiqishini osonlashtirish va Oʻzbekistonda sifatli dori vositalarining olib kirish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan normativ- huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdilar.
Davra suhbatida Progressiv islohotlar markazi direktori Mirshohid Aslanov Oʻzbekistonda dori vositalardan zaharlanish va oʻlim holatlari kuzatilayotgan bir paytda jamiyatda dorilar xavfsizligini taʼminlash masalalarini tezroq hal etishga boʻlgan talab ortib borayotganini taʼkidladi.
“Farmatsevtika sanoati va umuman sogʻliqni saqlash sohasini takomillashtirish uchun davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, “Elektron retsept” tizimini tezroq ishga tushirish, dori vositalarining bioekvivalentligini baholash va aniqlash samaradorligini oshirish, dori vositalarini retseptlashda yuqori axloqiy meʼyorlarni joriy etish, bu boradagi davlat xaridlarining shaffofligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi”, — dedi М.Aslanov.
Progressiv islohotlar markazi direktorining fikricha, Yevropa farmatsevtika mahsulotlarini Oʻzbekiston bozoriga import jarayonini, jumladan, respublikada dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazishda ishlab chiqarilishi mahalliy tekshiruvlardan ozod qilingan davlatlar roʻyxatini kengaytirish orqali ratsionalizatsiya qilish zarur. Bu chora nafaqat bozorimizda yuqori sifatli dori vositalari bilan taʼminlanishini tezlashtiradi, balki byurokratik jarayonlarni kamaytiradi va farmatsevtika sohasining yanada dinamik rivojlanishiga xizmat qiladi.
Xalqaro standartlarga javob beradigan va aholi uchun eng yuqori darajadagi xavfsizlikni taʼminlaydigan samarali farmakologik nazorat tizimini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
“Yevropa Ittifoqining farmakologik nazorat sohasidagi yetakchi ekspertlarini Oʻzbekistonga jalb qilish, farmatsevtika bozorida shaffoflik va axloqiy meʼyorlarni oshirish hamda intellektual mulk huquqlarini mustahkamlash orqali biz tizimimizning imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishimiz, ishonchliligi va samaradorligini taʼminlashimiz mumkin”, – deydi М.Асланов.
Progressiv islohotlar markazi.