Farzand haqqidan bo'yin tovlamang!

    Oramizda shunday otalar ham borki, ular farzandini yillab qarovsiz qoldirib, tabiiy yashash huquqiga to'sqinlik qilib keladi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 77-moddasida ota-onalar va ularning o'rnini bosuvchi shaxslar o'z farzandlarini voyaga etguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta'lim olishi, sog'lom, to'laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g'amxo'rlik qilishga majbur ekani belgilab qo'yilgan. Bundan tashqari, davlat va jamiyat etim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum bo'lgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning ta'lim olishini, sog'lom, to'laqonli va har tomonlama kamol topishini ta'minlashi maqsad qilingan.

    Bu ijtimoiy adolat printsiplarini ta'minlaydigan norma, ayniqsa, farzandlarini yolg'iz boqishga qiynalib kelayotgan onalar uchun ayni muddao bo'ldi. Ammo guruch kurmaksiz bo'lmaydi, deganlaridek oramizda shunday otalar ham borki, ular farzandini yillab qarovsiz qoldirib, tabiiy yashash huquqiga to'sqinlik qilib keladi.

    Ularni qanday atashni ham bilmay qolasan. Yaqinda, ya'ni 9-iyun kuni Jinoyat ishlari bo'yicha Termiz shahar sudi shunday otalardan biriga hukm chiqardi.

    Ma'lum bo'lishicha, Termiz shahrida yashovchi fuqaro S.E. xotini bilan ajrashgandan keyin bir nafar voyaga etmagan farzandi taqdiriga umuman e'tibor qaratmagan. Hatto o'z farzandi ta'minoti uchun 3 yildan ortiq muddat mobaynida aliment puli ham to'lamagan.

    Bu davrda voyaga etmagan farzand va uning onasi moddiy yordamga muhtoj bo'lib yashashga majbur bo'lgan. To'lanishi kerak bo'lgan aliment puli summasi esa 14,5 million so'mga etgan.

    Sud majlisida huquqbuzar S.E. aybiga to'liq iqror bo'lib, moddiy yordamga muhtoj bo'lgan voyaga etmagan farzandini moddiy ta'minlashdan bo'yin tovlab kelganini, oilaviy sharoiti og'irligi sababli aliment qarzlarini to'lashga imkoni bo'lmagani, qilmishidan chin ko'ngildan pushaymonligini bildirib, suddan o'ziga nisbatan engillik berishni so'radi.

    Ma'lumki, voyaga etmagan farzandining ta'minoti uchun alimentlarni o'z vaqtida to'lamagan shaxslarga 15 sutka qamoq yoki bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima jazolari bor edi. endilikda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi hamda bu jazolar qatoriga 120 soatgacha haq to'lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi ham qo'shildi.

    Shularni inobatga olgan holda S.E.ga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

    Eslatib o'tamiz, Majburiy ijro byurosiga kelib tushayotgan murojaatlarning yarmidan ko'pi aynan aliment puli undirish masalasida bo'lmoqda. Bu nimadan darak beradi? S.E. kabi mas'uliyatsiz va o'z farzandi taqdiriga befarq otalar borligidan. Ular sud oldida bo'yin egib turishadi, kamiga “ishsizman, qiynalib qoldim, moddiy ahvolim yaxshi emas”, deb yolg'on nolishadi ham.

    Bu bilan o'zingizning kelajagingizni o'zingiz yo'qqa chiqarayotganingizni, butun boshli avlodlaringiz taqdirini yomonlik sari o'zgartirib yuborayotganingizni tushuning, aliment pulini to'lamay yurgan otalar!

    Sherzod Yuldashyev,

    Jinoyat ishlari bo'yicha Termiz shahar sudi sud`yasi