Chunki o‘n bir yil bosh ko‘tarmay o‘qib, kelajagini qurish uchun astoydil tirishgan bir qiz edim va shuncha harakatimga qaramay, universitetga shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingandim. Bu men uchun katta mag‘lubiyat edi. Otam – dehqon, onam – uy bekasi, tabiiyki, ularning meni o‘qitish uchun imkoni yo‘qligini bilardim. “Kelasi yil o‘qiyman”, dedim qat’iy. Biroq otam o‘qishim kerakligini, mol-holni sotib bo‘lsa-da, men uchun harakat qilishini aytdi. Kelajagim yorqin bo‘lishiga ishontirdi.
Bolaligim Qashqadaryoning Kitob tumanida o‘tdi. Hali maktab yoshiga yetmay savodim chiqdi. Boshlang‘ich ta’limni Navbahor qishlog‘idagi maktabda oldim, so‘ng o‘qishni 2-DIUMda davom ettirdim. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim uyga berilgan vazifalarni bajarishda ota-onamdan yordam so‘ramaganman, ular topshiriqni tushunmasa, qiynab qo‘yaman, degan xavotirda bo‘lganman. Barcha vazifani o‘zim bajarar, tushunmasam, avvalgi va keyingi mavzularni o‘qir, to o‘sha topshiriqni bajarmaguncha uxlamasdim.
Ixtisoslashgan maktabga o‘tgach bildimki, mendan kuchli o‘quvchilar bor. Chunki bu yerda viloyatimizning eng bilimdon yoshlari saralangan. Ular bilan tenglashish, ortda qolib ketmaslik uchun intildim. Dastlab shifokorlik kasbini tanlash orzusi paydo bo‘ldi. Kimyo faniga mehr qo‘ydim, fan olimpiadalarida faol qatnashdim. Viloyat bosqichida o‘rin ololmaganimdan so‘ng bu yo‘nalish meniki emasligini anglab, tarixchi bo‘laman, degan qarorga keldim. O‘qituvchimiz Akmal Ma’diyevning tarix fanini o‘qitish uslubi ishtiyoqimni kuchaytirdi. Esimda, 7-sinf o‘quvchisi edim. Fanga shu qadar qiziqib ketdimki, go‘yoki turli davrlarda, dunyoning ko‘plab mintaqalarida yashab yurardim. Voqealar tasmadek miyamda aylanardi. Hatto test yoki sinov imtihonlari bo‘lsa, o‘qituvchimiz meni sinf burchagiga, tengdoshlarimdan alohida o‘tqizib qo‘yardi.
8-sinfda safimizga yangi o‘quvchi qo‘shildi. Sinfdoshimiz tarix fanidan zo‘r o‘qirdi. U kelguncha “Bilimdonlar doskasi”da hamisha 1-o‘rinni band qilib kelgan bo‘lsam, so‘ng 2-o‘ringa tushib qoldim. Qancha harakat qilmay, undan o‘zib ketolmadim. Negadir tabiatimda liderlikka intilish kuchli bo‘lgan. Menda yana o‘z yo‘nalishimni o‘zgartirish istagi paydo bo‘ldi.
Kunlarning birida maktabdan qaytarkanman, yo‘l chetidagi do‘konlar va reklama taxtalaridagi yozuvlarning o‘zga tilda ekani, ustiga ustak, xato yozilgani e’tiborimni tortdi. Aslida, bu yozuvlar ilgari ham bo‘lgan va menda adoqsiz savollar tug‘ilgan: nima uchun so‘zlar ajnabiy tillarda yozilgan? Nima uchun reklama taxtalaridagi so‘zlar lotin alifbosida emas? Nima uchun so‘zlar xato berilgan? Matnlarni tekshirib beradigan yoki nazorat qiladigan mutaxassislar yo‘qmi?..
Shu tariqa men ona tilimizni chuqurroq o‘rganishga ahd qildim. “Yilning eng faol o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi Dilnoza Berdiyeva ustozimizning etagidan mahkam tutdim. Hatto pandemiya payti ham alohida onlayn dars oldim, o‘z ustimda tinimsiz ishladim. Maqsadim Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari safidan joy olish edi. Biroq u yerga kirolmadim. Chirchiq davlat pedagogika universitetiga shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim. Talabalar safiga qo‘shilgan yigit-qizlarda odatda hayajon, quvonch bo‘ladi. Menda aksincha edi.
Men o‘zimdan katta natija kutgan edim. Shunday bo‘lsa-da, otamning ra’yini qaytarolmadim. Universitetimizning o‘zbek tilshunosligi kafedrasiga borib, kafedra mudiriga men uchun vaqt va mehrini ayamaydigan ustoz topishim zarurligini, men haqiqiy
mutaxassis bo‘lmoqchi ekanimni aytdim. Ilmiy rahbar tanlashda yordam berishini so‘radim.
Ilm bilan birga ijodiy ishlarimni chop etishga kirishdim. Ustozlarim ko‘magi bilan universitetda ijodkor yoshlar guruhini ochdik. “Pedagog ilhomlari” antologiyasini chop ettirdik. Mazkur kitobga o‘zim muharrir bo‘ldim. Bu ilk katta mehnatim edi. Ikkinchi kursda esa “Qalbim kuylari” yoshlar to‘plami nashrdan chiqdi. Bu gal nafaqat nazm, balki nasriy asarlarni ham qamrab oldik.
Ilmiy maqolalar ustida jiddiy ishladim. Olima Nodira Xoliqova menga maqola nima ekani, ilmiy ishning ahamiyati, tahlil va tanqid haqida tushunchalar berdi. Yumushi ko‘p ekanini bilardim, shunday bo‘lsa-da, o‘qishdan so‘ng bizni qabul qilib, ilm nimaligini ongimizga singdirdi. Yaxshi bir o‘qituvchining inson hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini shunda anglaganman. Ilm yo‘li mashaqqatli, biroq bu yo‘lga otlangan inson yurgani sayin poklanib borishini his qildim.
Ilk maqolam Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asari tahliliga bag‘ishlandi. Bu maqola ustida salkam bir oy ishladim. Ko‘plab xatolarni to‘g‘riladik, noto‘g‘ri berilgan tanqidlar, tahlillarni muhokama qildik.
2-kursda o‘qiyotganimda fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichim namunali bo‘lgani bois, fakultetimiz dekani o‘rinbosari davlatimizning nomdor stipendiyalariga hujjat topshirib, bilim va iqtidorimni sinab ko‘rishimni maslahat berdi. Bu katta imkoniyat ekanini aytdi.
Ilmiy va publitsistik maqolalardan tashqari ko‘rik-tanlovlar, “Zakovat” intellektual o‘yinlaridagi faolliklar, “XXI asr ayoli” tanlovidagi ishtirokim menga qo‘l keldi. Tanlovda qatnashish uchun hujjat topshirdim. O‘quv-uslubiy qo‘llanma, 30 ga yaqin maqolam respublika va xalqaro nashrlarda chop etildi. Bularning bari menga Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lish imkonini berdi. Shunda otamga qo‘ng‘iroq qilib, meni o‘qitish uchun qilgan qarori naqadar to‘g‘ri ekanini, ishonchni oqlash uchun harakat qilganimni, bu yog‘iga davlatimiz ko‘magi menga qo‘l kelishini aytdim.
Shu bosqichda qotib qolmasligim kerakligini anglab, o‘z oldimga yana bir maqsad qo‘ydim: “Men “Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘laman!” Bu maqsad yo‘lida ko‘p narsani o‘rgandim: inson jamiyatda hamisha faol bo‘lishi, boshqalarni ortidan ergashtira olishi, tengdosh va o‘zidan keyin kelayotgan avlodga o‘rnak bo‘lib, ularni ruhlantirishi kerak ekan. Prezident stipendiyasi — talabalar uchun eng nufuzli tanlov. Tengdoshlarim kuchli edi, menda qo‘rquv bo‘ldi. Biroq ilmiy rahbarim Adiba Davlatovaning ruhan qo‘llab-quvvatlashi bilan umidimni yo‘qotmadim. Fanlar, qolaversa, ingliz tili va IT bo‘yicha o‘rganganlarimni mustahkamladim, yangi bilimlar egalladim. Ko‘plab tengdoshlarim yozgi ta’til vaqti hordiq chiqarayotgan, yangi o‘quv yiliga kuch yig‘ayotganda men bir o‘zim kvartira olib, tayyorgarlik ko‘rdim. Moddiy tomonlama qiynalgan paytim kunlik mehnat qilib, pul topdim. Och qoldim, biroq maqsadim qat’iyligi uchun bu meni cho‘chitmadi. Qaytanga yolg‘iz qolgan paytlarim o‘zimni tinglashga, mushohada yuritishga imkon tug‘ildi. O‘zimga o‘zim dalda berdim.
Imtihonda qiynalmadim, bilganlarim tushdi. Ilmiy ishim mavzusi, maqsad va rejalarimni ingliz tilida ifodalab berdim. Quvonarlisi, tanlov shaffof va adolat mezonlari asosida o‘tdi. Natijani eshitgach, kech bo‘lishiga qaramay, ilmiy rahbarimga
yetkazdim. Chunki u natijani mendan ko‘ra ko‘proq kutar, men uchun qayg‘urardi.
Oldinda bir-biridan katta va hayotimga mazmun beradigan maqsadlar, orzular bisyor. O‘qishni davom ettirib, mamlakatimiz ilm-faniga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. “Cho‘lpon nasrida xronotop” mavzusidagi ilmiy tadqiqotimni davom ettirib, dunyo e’tiborini o‘zbek adabiyotiga, ilm-faniga qaratmoqchiman. Bir qizning o‘z kelajagini yaratib olishi uchun imkon bergan, mehnatiga adolat bilan yondashgan, qo‘llab-quvvatlagan davlatimizga o‘z mehnatim bilan minnatdorligimni bildirmoqchiman. Yana aytmoqchimanki, Prezidentimiz Yoshlar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida g‘alaba va baxt astoydil intilganniki ekanini ta’kidlagan, bu meni juda ruhlantirgan edi. Tengdoshlarimga ham bugungi sharoitdan foydalaning, o‘z ustingizda astoydil ishlang, natijasi esa samarasiz bo‘lmaydi, degim keladi.
Dildora YORBULOVA,
Prezident stipendiyasi sovrindori,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabasi