Gender tenglikka erishish strategiyasi ijrosi muhokama etildi

    Mamlakatimizda 7 Iyun 2023 1305

    Joriy yil 6-iyunda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari Qoʻmitasi tomonidan senatorlar, Qoʻmita ekspertlari guruhi aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosining borishi muhokama etildi.

    Dastavval gender tenglikni taʼminlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumot berildi.

    Qayd etilganidek, siyosiy partiyalar tomonidan “Siyosatchi ayollar” toʻgʻrisida 100ga yaqin media mahsulotlar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritilgan, shuningdek, partiyalarning ijtimoiy-siyosiy nashrlari (gazeta, jurnal) orqali gender tenglik mavzusiga oid 300 dan ortiq materiallar chop etilgan.

    Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar ulushini 30 foizga yetkazish maqsadida “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturiga muvofiq 53 nafar tinglovchi xotin-qiz oʻqitilib, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan.

    Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tomonidan mehnat jamoalarida zoʻravonlik turlari va ularning oldini olish boʻyicha qisqa muddatli seminar-treninglar tashkil etilib, jami 2 mingdan ziyod ishtirokchi qamrab olindi.

    Xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan 10 962 ta tarqatma materiallar, 398 ta videoroliklar tayyorlangan, shuningdek, mahalla, taʼlim muassasalari hamda korxona va tashkilotlarda 10 000 dan ortiq uchrashuv, davra suhbatlari oʻtkazilgan.

    Senatorlar tomonidan Gender tenglikka erishish strategiyasida belgilab berilgan vazifalar, chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish hamda bu boradagi ishlarni kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

    Muhokama jarayonida oʻz vaqtida bajarilmayotgan ayrim vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratilib, vazirlik va idoralarga tegishli tavsiyalar berildi.

    Xususan, barcha davlat organlaridagi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha Maslahat kengashlari aʼzolarini alohida dastur asosida oʻqitish, gender stereotiplarni bartaraf etishga qaratilgan video va audio materiallarni ommabop ijtimoiy tarmoqlar va bloglarda keng targʻib etish, davlat boshqaruvi organlari mehnat jamoalarida zoʻravonlik turlari va ularning oldini olish boʻyicha qisqa muddatli oʻquvlar qamrovini kengaytirish zarurligi aytib oʻtildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati Matbuot xizmati.

    Muhokama yakunida Qoʻmitaning bildirilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan qarori qabul qilindi.