Toʻgʻrisi, bir oʻqishda “geografik koʻrsatkich” atamasini tushunish biroz mushkul. Keling, avval mana shundan boshlaymiz.
Oddiyroq aytganda, bir mahsulot yoki voqelik eʼtirof etilganda oʻsha mahsulot yetishtirilgan yoki ishlab chiqarilgan hudud koʻz oldimizda gavdalanadi. Masalan, kulolchilik deganda Rishton hunarmandlari, uzum deganda Oltiariqlik mirishkorlar tasavvurimizda namoyon boʻladi. Mana shu holatni “geografik koʻrsatkich” ga qiyoslash mumkin. Yaʼni maʼlum bir geografik hududda paydo boʻlgan va ularning kelib chiqish joyi bilan bogʻliq xususiyatlarga yoki obroʻga ega boʻlgan tovarlarda paydo boʻladigan belgi. Belgilanish faqat maʼlum bir hududga nisbatan mahsulotning kelib chiqishini koʻrsatsagina geografik koʻrsatkich sifatida xizmat qilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasida soʻnggi 5 yillikda nomoddiy boyliklarga nisbatan vujudga keladigan huquqiy munosabatlarning rivojlanish jarayoni juda tez surʼatlarda namoyon boʻlyapti.
Intellektual mulk sohasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-martdagi “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi 757-son Qonunida ham oʻz ifodasini topdi.
Mavzuga qaytamiz
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasining koʻmagi bilan Oʻzbekiston Respublikasida birinchilardan boʻlib Fargʻona viloyatining Margʻilon atlasi va adrasi, Qoʻqon pichoqlari geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi. Bu amaliyot mamlakatimizda ilk bor qoʻllanilyapti.
Tabiiy savol tugʻiladi. Rasman roʻyxatdan oʻtkazilishi Margʻilon va Qoʻqon uchun, qolaversa, shu hududdagi tadbirkorlar uchun nima beradi? Uning qanday ahamiyati bor?
— Hozirda tadbirkorlarga Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-martdagi “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi 757-son Qonuni mazmun mohiyatini tushuntirish borasida targʻibot ishlarini olib boryapmiz, —deydi Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Umidjon Nazirov. — Margʻilon atlas, adras va Qoʻqon pichoqlari mahalliy bozorda, chet elga eksport qilishda mahsulotlarning sifatini, sotuv barqarorligini taʼminlaydi. Roʻyxatdan oʻtgan nomlardan ruxsatsiz foydalanayotgan yoki kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarganlarga qarshi choralar koʻrish imkonini beradi. Umuman olganda, roʻyxatdan oʻtganlik raqobatda va ishlab chiqarishda ustunlik beradi. Kengroq eksport imkoniyatlari hamda brendni mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Agar ushbu mahsulotlar roʻyxatdan oʻtmasa davlat himoyasida boʻlmaydi va uning kontrafakt nusxalariga qarshi kurashilmaydi.
Xorijda bu amaliyot qanday tartibga solingan?
Mahalliy qonunchilik uchun geografik koʻrsatkichlar instituti mamlakatimizda nisbatan yangi hodisa. Intellektual mulk sohasi rivojlangan mamlakatlarda keng qoʻllaniladi. Masalan, Turkiyada 1995-yildan boshlab geografik koʻrsatkichlarni qonunan roʻyxatga olish va tadbirkorlarga guvohnoma berish joriy etildi va oʻz samarasini berdi. Bugungi kunga kelib Turkiyada mingdan ortiq geografik koʻrsatkichlar roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Yana bir misol, Kolumbiya qahvasi oʻz geografik belgisini himoya qilish uchun oʻz plantatsiyalarida yetishtirilmagan yoki standartlarga muvofiq ishlab chiqarilmagan qahva mahsulotlari uchun “Kolumbiya qahvasi” atamasidan foydalanishga ruxsat bermaydi. Qonunan qattiq himoya qilinadi.
Marg‘ilon atlasi, Marg‘ilon adrasi va Qo’qon pichoqlarining geografik ko‘rsatkich sifatida ro’yxatdan o‘tkazilganligi ular uchun huquqiy kafolat yaratadi. Jumladan, mazkur guvohnomaga asosan faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlariga ularning geografik ko‘rsatkichlaridan ruxsatsiz foydalanmaslik va kontrafakt mahsulotlariga qarshi kurash imkonini beradi.
Elyorjon Ehsonov,
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha
yetakchi maslahatchisi.