Birgina oliy taʼlim sohasini olaylik. Bugun biz tayyorlayotgan kadrlar, mutaxassislar ishlab chiqarish bozorida qanchalar xaridorgir? Korxona va oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlik oʻzini qay darajada oqlayapti? Muammolar nimada, yechim qayerda?
Prezidentimiz raisligida 2024-yil 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu haqda atroflicha fikr yuritildi.
Oʻzgarishlar fursati
Taʼlimga eʼtibor davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylantirilishi Oʻzbekistonning kelajakda oʻziga xos taʼlim xabi boʻlishini taʼminlaydi. Iqtisodiy oʻsish barcha tizimlar rivoji uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Aholi daromadi oshadi, ish oʻrinlari koʻpayadi, yangi innovatsiyalarni joriy etish imkoniyatlari kengayadi. Bu, oʻz navbatida, malakali kadrlarga talab ortishiga sabab boʻladi.
20-iyundagi yigʻilishda belgilab berilgan vazifalar muhandislik sohasidagi oliy taʼlim muassasalari uchun yangi davrni, oʻzgarishlar jarayonini boshlab berdi. Birinchidan, oliy taʼlim muassasalarining sanoat korxonalari bilan hamkorligi koʻlami yanada kengaydi. Ikkinchidan, oliy taʼlim muassasalari optimallashtirilishi belgilandi. Uchinchidan, oliygohlarning ishlab chiqarish sohalari bilan oʻzaro integratsiyasi yanada kuchaytirilmoqda.
Kadrlar salohiyati birgina oliy taʼlim muassasasi beradigan bilim bilan chegaralanib qolmaydi. Shu bois, uchun davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish uchun yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Endilikda texnika yoʻnalishida oʻqitish va ilmiy tadqiqot jarayonlari ilgʻor tajribalar asosida toʻliq oʻzgartirilmoqda. Ular yiriklashtirilib, dual taʼlim tizimiga oʻtkazilmoqda.
Mehnat bozorida talab yoʻq mutaxassisliklardan voz kechish vaqti keldi. Oliy taʼlim muassasalari taʼlim yoʻnalishlarini ishlab chiqarish sohasidagi talablardan kelib chiqib belgilashi lozim. Sababi, tizimda xususiy taʼlim tashkilotlari faoliyati ham rivojlanib borayotgani raqobat muhitini kengaytirmoqda. Ota-onalar, yoshlarning dunyoqarashi oʻzgaryapti. Hozir diplom uchun emas, mutaxassis boʻlib yetishish uchun oʻqiydigan payt. “Oʻqiyaptimi, oʻqiyapti”, deb emas, “Oʻrganyaptimi, izlanyaptimi?” deya savol qoʻyadigan, fikr yuritadigan vaqt hozir.
Shuning uchun “tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili asosida har bir oliygohga sanoat korxonasini hamkor sifatida biriktirib qoʻyish belgilandi. Hamkor korxonalarda barcha muhandislik oliygohlari kafedralari ochildi. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi taʼlimi toʻliq hamkor korxonalarda tashkil qilinmoqda.
Dunyoda bilan hamqadam
Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy bunday degan: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol boʻlur”. Bu hikmat bugungi kun uchun aytilgandek goʻyo. Bir asr ilgari aytilgan, biroq hozir ham katta qadr-qiymatga ega hikmat bu.
Oliy taʼlim muassasalari soni va qamrovi ortib borayotgani, ular oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti shakllangani, malakali mutaxassis tayyorlashga talab davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani har birimizning zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi.
Dunyo bilan tenglashish uchun dunyo bilan hamqadam boʻlish lozim. Sir emaski, bugungi kunda jahon universitetlari “Universitet 4.0” modeliga va toʻrtinchi sanoat inqilobiga oʻtish kabi masalalar ustida bosh qotirmoqda. Bu nimani anglatadi?
“Universitet 1.0” modelidagi universitetlar faqat taʼlim berish, “Universitet 2.0” modelidagi universitetlar taʼlim berish bilan birga ilmiy faoliyatni ham yoʻlga qoʻyish, “Universitet 3.0” modelidagi universitetlar esa ilmiy faoliyat, taʼlim va ilmiy gʻoyalarni biznesga tatbiq etish bilan shugʻullanadi.
“Universitet 4.0” modelidagi universitetlar butun eʼtiborini milliy iqtisodiyotning sanoat va ishlab chiqarish sohalarini fundamental oʻzgartirib, yangi yoʻnalishlar ochish, xarajatlarni maksimal darajada minimallashtirish orqali daromadlarni yuksaltirish, inson omilini cheklash orqali iqtisodiyotning har bir jabhasini raqamlashtirishga erishish, iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi yangi innovatsion modellarni taklif qilishga qaratadi.
4-sanoat inqilobi esa sunʼiy intellekt, robototexnika, inson omilisiz oʻzaro aloqa oʻrnatish imkonini beruvchi yoʻnalishlar interneti, genetik muhandislikning jadal surʼatlar bilan hayotga tatbiq etilishidir.
Joriy yilning 7-fevral kuni Prezidentimiz raisligida hududlarda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida barcha sohalar kabi oliy taʼlim tizimidagi faoliyat koʻlami tahlil qilindi. Yoshlarning axborot texnologiyalari boʻyicha bilim va malakalarini oshirish, raqamlashtirish siyosatini izchil amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalar ham oʻrtaga tashlandi. Davlatimiz rahbari “Qaysi rahbar raqamlashtirishni kechiktirsa, ochiqlik siyosatimizga qarshi chiqqan boʻladi”, deya taʼkidladi.
Bundan tashqari, yoshlarni IT va chet tiliga oʻqitib, xalqaro tan olingan sertifikat beradigan tadbirkorlar birinchi yil ijara toʻlamasligi belgilandi. Bu saʼy-harakatlar dunyo bilan boʻylashish, rivojlangan davlatlar bilan hamqadam boʻlish, sogʻlom raqobatga kirishish uchun qilinmoqda.
Yangilanishlar mohiyati
Bugun dunyo evrilishlar shiddatini teran his etmoqda. Yetakchi davlatlar byudjetining asosiy qismini yangi texnologiyalarni joriy etishga sarflayotgani shundan. Shunday ekan, biz ham yangilanishlar sari ildamroq qadam tashlashimiz lozim. Shu oʻrinda oliy taʼlim muassasalarida energetika sohasi uchun sunʼiy intellekt va raqamlashtirish, injiniring, ishlab chiqarish muammolari yechimiga qaratilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish va tijoratlashtirish yoʻnalishida ilmiy-amaliy faoliyat yuritadigan “Yashil energetika va intellektual energetik tizimlar” ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Respublikamizda drayver sohaga aylangan energetika tizimida “yashil” energetikani rivojlantirishga qaratilgan intellektual energetik tizimlar, qayta tiklanuvchi energiya turlari asosidagi energiyatejamkor texnologiyalar va qurilmalar, sanoat issiqlik energetikasi, sunʼiy intellekt va raqamli energetika yoʻnalishlaridagi ilmiy izlanishlar jadallashtirilmoqda. Ilmiy tadqiqot ishlari nufuzli xorijiy ilmiy markazlar, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy tekshirish institutlari va soha korxonalari bilan hamkorlikda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimlarini ishlab chiqarishga qaratiladi.
Bunda yoqilgʻi-energetika kompleksi tarmoqlari va energiya ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va ishlatish tizimlaridagi ilmiy-texnologik muammolar boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, raqamli ilmiy-innovatsion yechimlar va mahsulotlar ishlab chiqish, “tarmoq-korxona-oliygoh-ilmiy tadqiqot instituti” zanjiri asosida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish amalga oshiriladi. Nufuzli korxonalar bilan hamkorlik koʻlami yanada kengayadi.
Muhandislik sohasida yosh olimlar va talabalarning biznesga yoʻnaltirilgan innovatsion gʻoyalarini bozorga tayyor mahsulot sifatida yetkazish, tadqiqotchilarning ishlanmalari va loyihalarining tajriba nusxalari hamda prototiplarini yasash va sinovdan oʻtkazish sharoitlarini yaratish maqsadida oliy taʼlim muassasalarida “Ustaxona-Fablab”, 3D-loyihalash va modellashtirish hamda kichik ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish maqsadga muvofiq. Bu, oʻz navbatida, yosh olimlar va talabalar uchun ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.
“Ustaxona-Fablab” kompleksidagi kichik ishlab chiqarish sexlarida talaba yoshlar va tadqiqotchilar innovatsion va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilinadi. Hududdagi ilmiy-texnik loyihalarni boshqarish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydigan korxonalar bilan oʻzaro samarali hamkorlik oʻrnatiladi va ilmiy-innovatsion ishlanmalar tijoratlashtiriladi.
Ustaxonalarda talabalar uchun innovatsion ishlanmalarning tajriba nusxalari va prototiplarini bepul tayyorlash, kovorking, startap loyihalarning akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish, 3D loyihalash va modellashtirish, muhandislik sohasida ilmiy va innovatsion xizmat koʻrsatish ishlari amalga oshiriladi.
2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”, deb nomlanishi munosabati bilan yoshlar oʻrtasida “yashil” madaniyatni rivojlantirish, taʼlim sifatini yanada yaxshilash, ilm-fanni yuksaltirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, joriy yilda xorijiy investitsiyalar va tashqi begʻaraz koʻmak (grant) hamda toʻgʻridan toʻgʻri kredit mablagʻlarni jalb qilish, eksport koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha istiqbolli rejalar belgilab olindi. Bu masʼuliyatli vazifani bajarish har birimizdan yanada izlanishni va tinimsiz mehnat qilishni taqozo etadi.
Orifjon BOZOROV,
fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent
Hamkorlik materiali