Hujjatning maqsadi qurilishni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish, qurilishni loyihalashtirish sifati va darajasini oshirish, shuningdek, poytaxtning meʼmoriy-loyihaviy qiyofasi va infratuzilmasini yaxshilashdan iborat.
Hujjatda barcha qurilish ishlari bosh rejada belgilangan tartibda amalga oshirilishi, hududning master-rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi belgilangan.
Bosh reja soddalashtirilgan formatda ishlab chiqilgan boʻlib, bunga prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil sentyabrdagi qarori bilan ruxsat berilgan. Xuddi shu hujjatga koʻra, shaharlar hududlari konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilishi kerak.
Toshkent shahar hokimi bosh reja ijrosi natijalari boʻyicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga hisobot taqdim etadi.
Qurilish vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bosh rejaning asosiy parametrlarini belgilovchi xaritalarni Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimiga ochiq maʼlumotlar formatida joylashtirishi lozim.
Tafsilotlar
Bosh reja aholi ehtiyojlari, ekologik zonalar va madaniy merosni muhofaza qilishni hisobga olgan holda shaharni muvozanatli rivojlantirishni nazarda tutadi. U Toshkent shahrining barqaror rivojlanishini taʼminlashi kerak boʻlgan infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport tarmoqlarini rivojlantirish va yashil maydonlarni koʻpaytirishga qaratilgan, deyiladi hujjatda.
Soddalashtirilgan bosh reja shaharni rivojlantirish strategiyasini, shuningdek, hududlar uchun umumiy talablarni belgilaydi va bosh reja asosida ichki hududlarni mustaqil ravishda rivojlantirishga imkon beradi.
Taʼkidlanishicha, bosh rejani ishlab chiqishda demografik tendensiyalar, migratsiya va tabiiy oʻsish hamda infratuzilma, transport va muhandislik tarmoqlariga yuklama hisob-kitoblari batafsil tadqiq etilgan.
Bosh reja bilan qamrab olingan Toshkent shahrining umumiy maydoni 43 873 gektarni tashkil etadi. Aholining prognoz qilinayotgan oʻsishi 3 milliondan 7,4 millionga yetadi.
Bosh rejaga koʻra, poytaxt yashil hududlarining umumiy maydoni (cheklangan hududlarni qoʻshgan holda) 7120,9 gektarni tashkil etadi, shundan 893 gektari umumiy foydalanishdagi hududlar, 5102 gektari cheklangan yashil hududlar va 1125 gektari maxsus yashil hududlardir.
Bosh rejada qoʻshimcha 10 ming gektar yashil hudud tashkil etish va shahar atrofida 15 ming gektar yashil belbogʻ barpo etish koʻzda tutilgan. Bu yashil hududlar maydonini kishi boshiga 3 kv.m dan 8 kv.m gacha oshirish imkonini berdi.
Koʻcha-yoʻl tarmogʻining uzunligi 836 km. 2045-yilgacha 647 ta yangi koʻcha va yoʻl qurish, 140 km koʻcha va yoʻllarni kengaytirish rejalashtirilgan.
Jamoat transportidan foydalanuvchilar ulushini 60 foizga yetkazish va shaharda avtomobillar sonini qisqartirish maqsadida 27 ta toʻxtash joyini (park-and-ride) tashkil etish va yangi metro yoʻnalishlarini qurish rejalashtirilgan. Hujjatda jamoat transportining boshqa turlari haqida batafsil soʻz yuritilmagan.
Shaharning har bir funksional zonasi (jami beshta — turar-joy, jamoat binolari, sanoat, rekreatsiya va transport tarmoqlari hududi) uchun aholi zichligini nazorat qilish mexanizmlari joriy etiladi. Zichlik yuqori boʻlgan hududlarda yangi binolarning qavatlariga cheklovlar joriy etiladi. Bunday hududlarda aholining dam olish maskanlari va yashil hududlar ham tashkil etiladi.