Shu oʻrinda mustaqillik yillari joriy qilingan ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimizga yordam koʻrsatish va ularni qoʻllab-quvvatlashning koʻp qirrali tashkiliy-huquqiy mexanizmlari samarasi yuqori boʻlmaganini tan olish kerak. Prezidentimiz mamlakatimizda kambagʻallik mavjudligini eʼtirof etgani holda uni kamaytirishni davlatning ustuvor vazifasi sifatida birinchi marta oʻtgan yili 24-yanvarda parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilab qoʻydi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda qashshoqlikni kamaytirish boʻyicha asosiy yoʻnalish va ustuvor vazifalarni koʻrsatar ekan, aholini kasb-hunarga oʻrgatish va moliyaviy savodxonligini oshirish, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, infratuzilmani yaxshilash, taʼlim va tibbiy xizmat sifatini oshirish, nafaqalarni aniq yoʻnaltirgan holda maqsadli taqsimlash zarurligini taʼkidlagan.

Ijtimoiy zaif va kam taʼminlangan oilalarni samarali qoʻllab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Ushbu sohada vertikal tizim oʻrnatildi hamda mahalla, tuman (shahar), viloyat va mamlakat darajasida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambagʻallikni kamaytirish uchun masʼul lavozimlar joriy etildi. Hukumat tarkibiga moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni kamaytirish masalalari boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosari lavozimi kiritildi.

Shunday qilib, aholini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha oʻqitish, ayollar va yoshlarni ish bilan taʼminlash, shu jumladan, tadbirkorlikka jalb qilishni nazarda tutuvchi yangi mexanizmlarni joriy etish mamlakatda kambagʻallikni kamaytirishning asosiy shartlari etib belgilandi.

Oʻtgan yili 8-oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda ularning bandligini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratildi. Birinchi marotaba ijtimoiy shartnoma mexanizmidan keng foydalanishning vazifalari va yoʻnalishlari aniq belgilab berildi. Aynan moliyaviy qiyinchiliklar odamlarning taʼlim olishi va kasb-hunar egallashi yoʻlida asosiy toʻsiq ekanini hisobga olgan holda, dastlab davlat tomonidan yoshlar va ayollarni moddiy qoʻllab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. Ajratilgan mablagʻlar mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan boʻlib, mazkur faoliyat bilan shugʻullanadigan minglab nodavlat kasb-hunar taʼlim markazlari faoliyatini izchil yoʻlga qoʻyishga yordam beradi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun moliyalashtiruvchi manbalar aniq belgilangan. Jumladan, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million dollar ajratilgan boʻlib, undan 10 million dollari yoshlar va ayollarni kasb-hunarga oʻqitish, 90 million dollari malaka oshirish kurslarini tamomlab sertifikatga ega boʻlganlar uchun imtiyozli kreditlar ajratishga moʻljallangan. Ijtimoiy shartnoma doirasida nodavlat kasb-hunar taʼlimi markazlarida, shuningdek, malaka oshirish kurslarida oʻqish istagini bildirgan yoshlar va ayollarning oʻqish xarajatini qoplash uchun bir million soʻmgacha subsidiyalar olishlari mumkin.

Ijtimoiy shartnomalar tizimini joriy etish vazifasi besh yilga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining soʻnggi — “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturida oʻz ifodasini topgan. Unda ijtimoiy kontrakt tizimi doirasida davlat mablagʻlari hisobidan ishsiz fuqarolar, kambagʻal oilalar aʼzolarining nafaqat bandligini taʼminlash, balki ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun ham beriladigan moddiy yordam va subsidiyalar nazarda tutilgan. Mazkur tizimni joriy etish tartibi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tartibga solinishi belgilangan. Qarorda ijtimoiy kontrakt boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajargan fuqarolarni ragʻbatlantirish, bajarilmagan holatlarda esa fuqarolarning ijtimoiy masʼuliyatini belgilash, ijtimoiy kontrakt tizimini dastlab ayrim tuman (shahar)larda tajriba tariqasida joriy etish, tajriba natijalariga koʻra qolgan tuman (shahar)larda tatbiq etish kabi masalalar tartibga solinishi koʻzda tutilgan.

Boshqacha aytganda, ijtimoiy kontrakt doirasida uning ishtirokchilari, yaʼni kam taʼminlangan oila yoki fuqaro oʻzining qiyin hayotiy sharoitini (moddiy ahvolini) oʻzgartirish uchun qanday majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishi, moliyaviy holatini yaxshilash va oʻzini oʻzi ish bilan band qilishga bosqichma-bosqich oʻtish tartibi belgilanadi.

Ijtimoiy kontrakt tizimi joriy etilishi Prezidentimiz yaqinda imzolagan “2021–2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishida ham alohida qayd etilgan. Mazkur farmoyish bilan tasdiqlangan 2021–2030-yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMTning Taraqqiyot dasturi, Bolalar fondi (YUNISEF), Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgani ijtimoiy shartnoma instituti yurtdoshlarimizni boqimandalik kayfiyatidan xalos qilish va aholini ijtimoiy himoya qilish samaradorligini oshirishning istiqbolli mexanizmi ekanidan dalolat beradi.

Shunday qilib, ijtimoiy kontrakt asosida manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatish, tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻrgatish tizimini ijtimoiy boqimandalikni bartaraf etishga qaratilgan va kambagʻal fuqarolarga “boshlangʻich kapital” va davlat koʻmagi yordamida oʻzining moddiy ahvolini mustaqil ravishda yaxshilash imkoniyatini beradigan samarali texnologiyalardan biri sifatida eʼtirof etish mumkin.

Gulnoza SATTOROVA,

Qonunchilik muammolari va

parlament tadqiqotlari instituti

boʻlim boshligʻi

Oybek GʻANIBOYEV,

bosh ilmiy xodim