Zero, taʼlim iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning muhim omili sifatida davlat taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga turtki beradigan oʻziga xos dastak vazifasini oʻtashi mumkin.

Oʻzbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonida taʼlim xizmatlari sohasida ham samarali faoliyat yuritish va uning rivojlanishini taʼminlaydigan innovatsion yoʻnalishlarni aniqlash ehtiyoji paydo boʻldi.

Shu bois, oʻquv muassasalarida isteʼmolchilarni qanoatlantiradigan shart-sharoitni aniqlash, marketing faoliyatini yoʻlga qoʻyish, raqobat strategiyasini shakllantirish, koʻrsatilayotgan taʼlim xizmatlari sifatini oshirish zarurati yuzaga keldi. Bu esa tashqi va ichki muhitning doimiy monitoringini yuritishni taqozo etadi.

Natijada kelajakda taʼlim tizimining raqobatbardoshligi va sifatini tez hamda funksional taʼminlashga qodir boʻlgan universitetlar va biznes tuzilmalarining davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalanish mumkin. Talabalar uchun kurash sharoitida raqobatbardosh munosabatlar tobora taʼlim xizmatlarining barcha sohasini qamrab ola boshladi. Shunga monand universitetlar taʼlim biznesida mustahkam oʻrin egallashga harakat qilayotir.

Mamlakatimiz taʼlim makonida islohotlar jadal kechmoqda. Oʻzgarishlar taʼlim tizimining tuzilishi va funksiyalariga, shuningdek, mazmuni va oʻqitish texnologiyalariga taʼsir koʻrsatmoqda. Zotan, Oʻzbekistonning zamonaviy taʼlim tizimi murakkab tashkiliy tuzilma boʻlib, uning doimiy yangilanib borishi mamlakat va aholi manfaatlarining oʻzgarishi, shuningdek, taʼlim-tarbiya taraqqiyotidagi xalqaro jarayonlar, global sivilizatsiyaning umumiy tendensiyalari bilan bogʻliq.

Globallashuv davri ilgʻor oliy taʼlim tizimini qurishimiz uchun bizdan tubdan yangicha yondashuvlarni talab qiladi. Jahon taʼlim makonida aniq oʻrin egallash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining milliy taʼlim tizimi dunyoda roʻy berayotgan oʻzgarishlar va rivojlanish jarayoniga moslashishi muhim ahamiyatga ega.

Shu maʼnoda, yurtimizda taʼlim sifati va oliy taʼlimga qamrovni oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani katta voqeadir. Soʻnggi besh yilda 100 dan ortiq yangi universitet tashkil etildi. Hozir Oʻzbekistondagi OTMlarning umumiy soni 2016-yildagi bilan taqqoslaganda 2–3 barobar yuqori koʻrsatkichga yetdi. Oliy taʼlimga qabul qilish darajasi 2016-yilga nisbatan toʻrt barobar oshdi. Bundan toʻrt yil avval Oʻzbekistonda chet el universitetlarining atigi 7 ta filiali faoliyat yuritgan boʻlsa, hozir ular soni 30 ga yetdi.

Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida ilmiy-texnikaviy salohiyat yetarli darajada yuqori surʼat bilan taraqqiy etayotgan boʻlsa-da, jahon bozoridagi raqobatbardoshligi pastligicha qolmoqda. Dunyo mamlakatlari tasnifiga koʻra, Oʻzbekiston taʼlim tizimi kam rivojlangan davlatlar guruhiga kiradiJahon davlatlaridagi oliy taʼlim tizimining qiyosiy tahliliga qaralsa, mamlakatimizning bunday oʻrni oliy taʼlim tizimi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan oʻsish surʼati pastligi bilan bogʻliq.

Rivojlangan va rivojlanayotgan oliy taʼlim tizimiga ega mamlakatlar bilan solishtirganda eng past koʻrsatkich talabaga toʻgʻri keladigan xarajatdir. Oʻzbekistonda uning qiymati 964 AQSH dollarini tashkil etadi. Taʼlimga davlat xarajati mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4,92 foizni, rivojlangan mamlakatlarda esa 6 foizdan ortiqni tashkil etadi. Oliy taʼlim tizimini davlat tomonidan moliyalashtirish darajasi pastligi bilan bir qatorda, ajratilayotgan byudjet mablagʻining samarasiz sarflanish holati davom etmoqda. Byudjetdan tashqari moliyalashtirish tizimi esa shakllanish bosqichida.

Buyuk Britaniya (13,92 foiz), Fransiya (10,81 foiz), Shveysariya (18,42 foiz), Avstraliya (20,42 foiz) bilan solishtirganda mamlakatdagi jami talabalar soniga nisbatan kelgan mobil talabalar soni atigi 5 foizni tashkil etadi. Bu esa mahalliy taʼlimning jozibador emasligidan dalolat beradi.

Barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va mamlakatning xalqaro raqobatbardoshligini shakllantirish tajriba almashish, texnologiya va axborot uzatish yoʻli bilan bilimlardan iqtisodiy ustunlik sifatida foydalanish imkoniyatini beradi. Tashkilotlar, jumladan, davlat va barcha iqtisodiy sohalarning oʻzaro hamkorligi akademik harakatchanlik orqali taʼminlanadi.

Oliy taʼlim tizimini rivojlantirishning innovatsiyaviyligi mamlakat xalqaro raqobatbardoshligining asosiy omili boʻlib, uni universitetlar va davlat-xususiy sheriklik doirasidagi tadbirkorlik tuzilmalari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik mexanizmi vositasida taʼminlash mumkin. Globallashuv sharoitida Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini innovatsion rivojlantirish strategiyasini shakllantirish orqali sohani takomillashtirish, jumladan, korporativ-klaster yondashuvi doirasida boshqaruvning innovatsion shakllarini tashkil etish, xorijiy OTMlar ishtirokini kengaytirish, maqsadli jamgʻarma (endaument fond)larni shakllantirish, byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish, xususiy-davlat sherikligi doirasida tadbirkorlik tuzilmalarini jalb etish lozim.

Milliy ilmiy-taʼlimiy innovatsion klasterlar yaratish orqali Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimining raqobatbardoshligini oshirish kun tartibidagi masaladir. Klaster deganda sanoat korxonalari bilan birlashtirilgan va ular bilan hamkorlikda turli darajada oʻzaro taʼsir qiluvchi taʼlim va ilmiy muassasalar majmuasini tushunish maqsadga muvofiq. Klasterning innovatsionligi uning tuzilmasida koʻzga tashlanadi. Tuzilma tarkibiga taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, texnologiyalar transferi markazlari, ilmiy laboratoriyalar, texnoparklar, qayta tayyorlash markazlari, korxonalar kiradi.

Ilmiy-taʼlimiy innovatsion klasterlarni yaratishning oʻziga xos xususiyatlari turli darajadagi raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, shuningdek, yuqori malakali ishchilar nufuzini oshirishni nazarda tutadi. Institutlar, oliy oʻquv yurtlari va ishlab chiqarish majmualarining ilmiy, oʻquv va ishlab chiqarish faoliyatini integratsiyalash jarayoni innovatsion iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Milliy ilmiy-taʼlimiy innovatsion klasterlarini yaratish jarayoni tizimning modeli va algoritmi, ilmiy ishlanmalarni tijoriylashtirish, natijalarni baholash, intellektual mulk va ilmiy boshqaruvning aniq tizimini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.

Xalqaro taʼlim tizimi subyektlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy aloqalarni kengaytirish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatdoshligidagi oʻziga xos ustunliklarni yaratish vazifasi turibdi. Bu saʼy-harakatlar xalqaro loyiha va dasturlarda, xorijiy OTM va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan qoʻshma ilmiy-taʼlimiy klasterlar doirasida tijoriy aloqalar oʻrnatish kabilarni koʻzda tutadi. Zotan xalqaro taʼlim klasterlari muayyan tarmoq doirasidagi mahalliy va xorijiy korxonalar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va oliy oʻquv yurtlari majmuasi boʻlib, ularning maqsadi milliy va xalqaro mehnatda raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha ilmiy va taʼlim makonida xalqaro faoliyatni kengaytirishdan iborat.

Oliy taʼlim tizimini moliyalashtirishning innovatsion dasturini yaratish orqali mamlakatning xalqaro taʼlim bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish mumkin. Ushbu dastur oliy taʼlimni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimiga maqsadli xalqaro xayriya jamgʻarmalari mablagʻlarini investitsiya tariqasida kiritish bilan yoʻlga qoʻyiladi.

Botir USMONOV,

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori