Imkoniyati cheklangan insonlar uchun imkoniyat cheklanmasligi kerak

    Ijtimoiy hayot 3 Dekabr 2020 14977

    Dunyo jamiyatida imkoniyati cheklangan boʻlishiga qaramay, turli sohalarda ulkan choʻqqilarni zabt etgan insonlar kam emas. Yuksak diniy maqomlarga erishgan yoki sportchi, mashxur sanʼatkor, hatto siyosiy yetakchi boʻlgan shaxslar ham talaygina.

    Bularning barchasi ichki olamning – qalb va ruhning salomatligida. Yurtimizda ham mana shunday insonlar uchun qulay shart-sharoitlar, bepul va sifatli taʼlim olish uchun imkoniyatlar mavjud. Shunga qaramay, yechimsiz muammolar ham borki, ularni nafaqat 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kunida, balki muntazam ravishda taʼkidlasak ham baʼzan kamlik qiladiganday nazarimizda.

    Isteʼdodsiz inson yoʻq, faqat buni sezmaydiganlar bor, degan ekan dunyo olimlaridan biri. Andijon viloyati, Xoʻjaobod tumanida yashovchi Mirodil Boltaboyev ismli imkoniyati cheklangan insonning sportga, tasviriy sanʼatga boʻlgan qiziqishi koʻpchilik qatori meni ham hamisha hayratga soladi. Negaki bu insonning oyoqlari ham, qoʻllari ham ishlamaydi! Ogʻzi bilan rasm chizadi va shahmat oʻynaydi. Oila aʼzolarining aytishicha, bolaligida chizgan suratlari hatto bir nechta tanlovlarda gʻoliblikni ham qoʻlga kiritgan. Ammo bu insonni jamiyatda ancha yillardan buyon hech qanday tanlov va tadbirlarga chaqirmay qoʻyishgan. Balki ulgʻaygani bois dersiz. Ammo ulgʻayish isteʼdod va mehnatning yakuniga yetganini anglatmaydi-ku? Zotan imkoniyati cheklangan insonlar uchun imkoniyatlar cheklanmasligi kerak emasmi?

    Maʼlumotlarning qayd etishicha, oʻtkan yil holatiga koʻra, yurtimizda 710 mingga yaqin nogironligi boʻlgan shaxs roʻyxatga olingan. Ular yurtimizning turli hududlarida, turli sharoitlarda yashaydilar. Eng achinarlisi, ularning atigi 10%i oliy maʼlumotli. Taʼlim bilan qamrab olinmagan nogiron yoshlar qancha… Umuman, tizimga ichkari kirib borsangiz, yechimini kutayotgan muammolar talaygina.

    • Bu yilgi natijalarga koʻra, maktabimizni tamomlagan 18 ta oʻquvchidan 9 tasi turli universitetlarga oʻqishga kirdi. – deydi Abdulbosid Abdurahmonov, Andijon viloyati, Asaka tumani, Niyozbotir shaharchasi 16-sonli koʻzi ojiz bolalar maxsus maktab-internati nemis tili oʻqituvchisi. – Sababi bizda oʻquvchi soni kam. Ammo shu turdagi boshqa maktablarga qaraganda bu yaxshi natija. Oʻquv dargohimizda taʼlim oluvchilarning barchasi 24 soat mobaynida nazorat ostida boʻladi. Nafaqat bilim olishi, balki salomatligi, tartib-intizomi, qoʻshimcha toʻgaraklar bilan vaqtlarning taqsimlanishi – barchasi tizimli nazorat qilib boriladi.

    Shunga qaramay, yana bir fikrni aytib oʻtishim joiz. Nafaqat menda, koʻzi ojiz bolalarni oʻqituvchi barcha pedagoglarda uchraydigan muammo bu – brayl alifbosidagi darsliklarning yetishmasligi. Nemis tilini brayl alifbosida oʻqitish dasturi ishlab chiqilishini istar edik. Shuningdek, bolalar nafaqat ingliz tilini, balki qoʻshimcha xorijiy til sifatida 5-sinfdan nemis, fransuz, ispan yoki boshqa tillarni oʻzlashtirishiga ham eʼtibor qaratilsa kelajakda shu til mutaxassislarining yetishib chiqishiga poydevor yaratgan boʻlar edik.

    Jahon tarixiga nazar solsak, dunyoning mashxur bastakori Betxoven tugʻma ojiz boʻlgan, AQSHning toʻrt marta prezidenti etib saylangan Franklin Ruzvelt esa bolalar falaji kasalligini boshidan oʻtkazgan. Mashxur ingliz yozuvchisi Jon Milton 43 yoshida koʻzlari ojiz boʻlib qolgan va shunga qaramay oʻzining shoh asari – “Yoʻqolgan jannat”ni yaratgan. Umuman bu kabi misollarni sanasak adogʻi yoʻq. Hammasi avvalo insonning oʻziga bogʻliq deysiz, toʻgʻri. Ammo hamma narsaning shakllanishi va rivojlanishi jamiyatdagi muhitga ham bir qadar bogʻliq. Nafaqat taʼlim tizimida tiflopedagogika (koʻr va zaif koʻruvchilarni oʻqitish), surdopedagogika (kar yoki zaif eshituvchi bolalarni oʻqitish) va oligofrenopedagogika (aqli zaif bolalarni oʻqitish) sohalarda malakali kadrlarni yetishtirishga jiddiy eʼtibor qaratish lozim, balki imkoniyati cheklangan insonlarning oʻzlaridan ham maʼlum sohalarda yetuk kadr boʻlib yetishishiga, faoliyat yuritishiga koʻmak berish kerak. Ana shunda biz ham jahonga oʻrnak boʻlamiz. Shunday emasmi?

    Yulduz OʻRMONOVA