“Shoh yoʻli” esa, uning uzviy davomi sifatida keyin yuzaga kelgan Eng qadimgi savdo yoʻllarining uchinchisi va eng kattasi “Buyuk Ipak yoʻli” hisoblanadi. Uning12 ming kilometrga choʻzilgan masofasida hozirgi Oʻzbekiston hududi eng asosiy manzillaridan biri boʻlgan.
Tarixiy bitiklarda ipak qurti boqish 1U asrda Xitoydan Buyuk ipak yoʻli orqali yurtimizga kirib kelganidan darak beradi. Etnografik manbalarga qaraganda esa, tabiiy ipak yetishtirishning vatani Turkiston zamini boʻlganligi, taxminan 4 ming yil ilgari ipak matolar toʻqilgani aytiladi. Miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikdan bizgacha yetib kelgan ipakli matolar buning dalilidir
Shunday, yurtimizda ipakchilik sohasi teran tarixiy ildizlarga ega. Binobarin, bu anʼanalar hozirgi kunda ham butun dunyoda eʼtibor va eʼtirof etilmoqdv. Xususan, atlas va adras tayyorlashning anʼanaviy texnologiyasi biroz avvalroq YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash reyestridan joy olgan boʻlsa, oʻtgan yilning noyabr oyi oxirida ipakchilik va toʻquvchilik uchun ipak ishlab chiqarish anʼanasi Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.
Jahon tajribasi va oʻzbekiston nufuzi
Maʼlumotlarga qaraganda, hozirgi kunda 60 dan ortiq mamlakatda pilladan mahsulot ishlab chiqariladi, lekin uning 20 dan ziyodidagina “kumush tola” yetishtiriladi. Dunyoda bu borada birinchi oʻrinda Xitoy, ikkinchi oʻrinda Hindiston, uchinchi oʻrinda Oʻzbekiston turadi. Aholi jon boshiga hisoblaganda, yurtimiz yetakchilik qiladi. Bir qutidan olinadigan pilla hosili XXR da 85, Hindistonda 80 va Oʻzbekistonda esa, 60 kilogramni tashkil etadi.
Dunѐ boʻyicha ipak ishlab chiqarish keyingi 5 yilda 15,7 foizga oshgan va ayni paytda yillik yalpi ipak mahsuloti hajmi 192,694 tonnaga teng boʻlib, uning 80 fozi Xitoy, 16 foizi Hindiston, 2,5 foizi Oʻzbekiston, qolgan qismi boshqa mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Mutaxasislarning tahlillariga koʻra, sohadagi daromadning asosiy qismini xomashyo yetishtiruvchilar emas, tayyor mahsulot ishlab chiqarganlar oladi. Chunki, jahon bozorida bir kilogramm ipakning bahosi 38 — 40 AQSH dollariga teng. Agar u kalava qilinsa, narxi 55 dollargacha ortadi. Undan mato toʻqib, kiyim-kechak tikib sotilsa, daromad 3 barobar koʻpayadi. Vaholonki, ipak kalavasining har bir kilogrammidan 11 metrgacha mato toʻqiladi. Keyingi paytda ipakdan gilam toʻqishga talab ortib boryapti. Masalan, bitta gilam toʻqish uchun oʻrtacha 10 kilogramm ipak kalavasi kerak. Shu hisobda, ipak ip uchun 500 — 600 dollar atrofida mablagʻ sarflanadi. Gilam tayyor boʻlgach, uning bahosi 10 marotaba oshib ketadi.
Dunѐ miqѐsida yuqori metrik nomerga (ingichka) ega ipak tolasi beradigan pilla mahsulotiga talab yil sayin ortib bormoqda. Ushbu tolalardan nafis ipak matolari, jarrohlik iplari va elektronika, aviatsiya hamda dengiz flotida foydalaniladigan tovarlar hamda xalq xoʻjaligining turli tarmoqlari uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Imkoniyat yaratayotgan imtiyozlar
Yurtimizda ipakchilik ham boshqa sohalar kabi turli davrlarda goh gurkiragan, goh tanazzulga yuz tutgan. Tarmoq yaqin oʻtmishda ham bir qator muammolarni oʻz boshidan oʻtkazdi. Shu bois ipakchilika eʼtibor pasayib, aholi orasida ipak qurti parvarishlashga ishtiyoq susaydi. Oqibatda pilla yetishtirish, uni chuqur qayta ishlash va eksport qilish koʻrsatkichlari keskin tushib ketdi. Jumladan, 2017-yilga kelib 13 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirildi.
Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi qarori sohaga hayotbaxsh kuch ato etganligi keyingi yillarda yaqqol namoyon boʻldi. Unga muvofiq, tarmoqni rivojlantirish va muammolarini hal etishga masʼul boʻlgan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etildi. 210 ga yaqin korxona hamda tashkilotlarbirlashtirilib, 13ta hududiy va 144 ta tuman “Agropilla” MCHJlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, 46 ta pillani qayta ishlash hamda ipak gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalari, 22 ta tut urugʻi va koʻchatlari yetishtirish xoʻjaliklari uyushma tarkibiga kiritildi.
— Dunyo tajribasidan maʼlumki, pilla yetishtirish oʻziga xos faoliyat turi boʻlib, unda muvaffaqiyatga erishish ishni tizimli yoʻlga qoʻyishga bogʻliq, — deydi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi raisi Bahrom Sharipov. — Yangi tuzilmaning tashkil etilishi ipakchilik va pillachilik sohasida yangicha yondashuvlar, jahon talablariga mos yangilanishlarni amalga oshirishga zamin yaratdi.
Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi qarorida pillachilik sohasi korxonalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, modernizatsiya qilish, ozuqa bazasini va pilla yetishtirishni koʻpaytirish, uni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yoʻlga qoʻyish maqsadida 2023-yil 1-yanvargacha korxonalar yagona soliq, yagona ijtimoiy toʻlov va bojxona toʻlovlaridan, kasanachilarning jismoniy shaxslarga hisoblanadigan daromad soligʻidan ozod qilindi. Pilla boquvchilar va kasanachilarning pilla mavsumidagi davrda bajargan ishlari ularga pensiya taʼminlashda bir yillik ish staji deb hisoblanishi alohida belgilab qoʻyildi.
Ushbu imtiyozlar bir tomondan pillachilik sohasi, ipak qurti urugʻi va pilla yetishtiruvchilar, ikkinchi tomondan pillani qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish sanoati uchun katta imkoniyat, qulayliklar yaratib berdi. Pilla yetishtirish bilan band aholining moddiy manfaatdorligi kuchaydi.
Prezidentimizning joriy yil 24-fevraldagi “Ipakchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan soliq va bojxona toʻlovlariga oid imtiyozlarning amal qilish muddati 2026-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.
Xonadonlarda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga har yili yetishtiriladigan pilla (hoʻl pilla) hosilining bir kilogrammi uchun 5 ming soʻm miqdorida respublika byudjeti hisobidan ajratiladigan subsidiya bekor qilindi. Yangi tartibga koʻra, 2023-yil 1-martdan boshlab 2026-yil 1-yanvarga qadar pillani qayta ishlash va pilla qurti urugʻini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ular tomonidan bevosita pilla boquvchilarga yetkazib berilgan har bir quti ipak qurti urugʻi uchun 120 ming soʻm miqdorida respublika byudjeti hisobidan subsidiya ajratiladi.
2023-yil 1-apreldan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan oʻzlari ishlab chiqargan ipak mahsulotlarini eksport qilish operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil boʻlishini hisoblashning yagona muddati bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan 360 kun etib belgilandi. Joriy yilning 1-martidan xom ipakni eksport qilish tartibi soddalashtirildi.
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Oʻzbekiston tabiiy tolalar ilmiy-tadqiqot instituti Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda oʻtkazilishi belgilandi.
Umuman olganda, oxirgi besh yilda Prezidentimizning oʻndan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. Bugun mazkur islohotlar oʻzbek milliy ipak mahsulotlarining jahon bozorlariga chiqishi va sohada ishlab chiqarish hajmining ortishiga xizmat qilmoqda.
Yiliga toʻrt marta hosil, innovatsion pillaxonalar
Azaliy anʼanaga koʻra, har yilgi el xirmoni, eng avalo, “kumush tola” bilan toʻladi. Toʻgʻri, keyingi paytda pillakorlarimizning xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalarga tayangan holda, yil davomida uch-toʻrt marta xirmon koʻtarishi odat tusiga kirib qoldi. Xususan, joriy yilda toʻrt mavsum davomida 510 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 28,3 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirilishi koʻzda tutilgan. Bu raqamni 2017-yilda yetishtirilgan 13 min tonna pilla hosili bilan taqqoslaydigan boʻlsak, keyingi besh yilda oʻsish 2,2 barobarga teng boʻlayotnini koʻrsatadi. Yangilikni amaliyotda qoʻllash uchun katta mablagʻ sarflanmadi, — deydi Bahrom Sharipov. — Oʻtgan yillari uch marta,ayni kezda toʻrt martadan “kumush tola” yetishtiryapmiz. Oddiy hamda puxta hisob-kitoblar asosiga qurilgan loyihalar real hayotga tatbiq etilyapti. Shu bilan birga, xorij tajribasi chuqur oʻrganilib, innovatsion gʻoya va texnologiyalar keng joriy etila boshlandi. Shu maʼnoda, innavatsion pillaxonalar yangicha ish tarzimizning dastlabki mevasi boʻldi.
Ishlab chiqilgan “yoʻl xaritasi”ga binoan, har besh gektar tutzorda bittadan innovatsion pilla yetishtirish maskani barpo etilyapti. Bunda respublikamizdagi mavjud 54,8 ming gektar tutzorlar “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tizim tashkilotlari tasarrufiga oʻtkazilgani ayni muddao boʻldi. Yangi pillaxonalarda ipak qurti Xitoy texnologiyasi asosida plyonka ostida parvarishlanayotgani bois ozuqa sarfi 30 foizgacha kamayadi. Hududlar tabiiy-iqlim sharoiti inobatga olingan holda, ularning imorati toʻliq mahalliy xomashyodan qurilishi, bahorda issiq, yozda salqin boʻlishi hisobiga energiya resurslari sarfi oʻta kam. Sohaga Prezidentimizning eʼtibori bois bugun eski pillaxonalar oʻrnida zamonaviy ipakchilik klasterlari tashkil etildi va qisqa davrda ularning soni 75 taga yetdi. Agar yanada aniqroq aytadigan boʻlsak, 2017-yilda bunday korxonalar soni, mamlakatimiz boʻyicha 19 ta edi va 30 foiz quvvat bilan ishlardi. Endilikda eski, tashlandiq binolar “nol” xarid qiymatida tadbirkorlarga berildi. Buning ortidan minglab ish oʻrinlari yaratildi. Tizimda aholi bandligini taʼminlashga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oʻtgan yili 1 million 161 ming nafar aholining bandligi taʼminlandi.
— Tadqiqotlarga koʻra, 1 quti ipak qurtini parvarishlash uchun taxminan 0,25 ga tutzor talab etiladi, — deydi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Shuhrat Abdulazizov. — 2022-yilning oʻzida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish maqsadida 122,7 million tup tut koʻchati ekildi. Xususan, Andijonda tashkil etilgan “In Vitro” laboratoriyalari orqali mahalliy olimlarimiz tomonidan 18 turdagi noyob tut navlarini koʻpaytirish va yiliga 6,5 million tup tut koʻchatini yetishtirish imkoniyati yuzaga keldi.Binobarin, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan dunyoning 16 ta mamlakatidan keltirilgan tutning 240 ta navi, shakl va tizimlaridan iborat tut kolleksiyasi tashkil etildi. Mazkur navlar ishtirokida 100 dan ortiq yangi tut navlari va duragaylari yaratildi.
Institutimizda dunyoning turli iqlim sharoitlariga ega davlatlardan 120 dan ortiq ipak qurti zotlari olib kelinib, ularning genofondini kengaytirish va kelajak avlodga yetkazish ishlari ham olib borilmoqda. Ushbu zotlar ishtirokida seleksiya ishlarining yoʻlga qoʻyilishi natijasida 10 dan ortiq yangi ipak qurti zot va duragaylari paydo boʻldi
Ozuqa bazasining mustahkamlanishi va kengayishi, pilla yetishtirish majmualarining bevosita tutzorlar yaqinida barpo etilishi, 2 barobar koʻp hosil beradigan tut koʻchatlarining olib kelinishi pilla yetishtirish hajmlarini 2026-yilga borib 35 ming tonnaga oshirish hamda yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar, shu jumladan, shoyi gazlamalar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.
Oʻtgan yili yurtimizda 26,7 ming tonna pilla xomashyosi yetishtirilib, belgilangan prognoz koʻrsatkichlari 111 foizga bajarildi. Umuman olganda, 2 trillion soʻmlikdan ziyod mahsulot tayyorlanib, qariyb 110 million dollarlik eksport qilindi. Holbuki, bu miqdor 2018-yilda 51 million dollar atrofida edi.
Hududlar kesimida oladigan boʻlsak, Andijon, Buxoro, Surxondaryo, Samarqand viloyati pillakorlari kabi fargʻonalik “kumush tola” yetishtiruvchi va ishlab chiqaruvchilarining faoliyatida ham ibratga molik ishlar eʼtiborni tortadi.
Salmoq va sifat uygʻunligi qanday natija beryapti?
Oʻtgan mavsumda Fargʻonalik pillakorlar 2 240,7 tonna tirik pilla xosili terib oldi. Bu avvalgi yillarga taqqoslanganda 122 tonna koʻp.
Viloyatda ”Har bir xonadonga bir quti” tamoyili asosida 39168 quti quti ipak qurti urugʻlari tarqatildi. Bu aholi bandligini taʼminlash, daromad koʻlamini oshirish imkoniyatini berdi. Chunki, ipak qurti parvarishi bilan shugʻullangan oilalar mehnatiga yarasha daromad olish bilan birga, bir yillik mehnat stajiga ega boʻlmoqda. Natijada qayta ishlash korxonalari uzluksiz xom ashyo bilan taʼminlanmoqda, mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmi muttasil oʻsib borib, yangi ish oʻrinlari yaratilyapti. Masalan, oʻtgan yilda 96 ming 942 nafar ishsiz aholi pilla yetishtirish, qayta ishlash jarayonlariga jalb qilingan. Joriy yilda bu miqdor salmogʻi 100 ming 820 nafarga yetkazish choralari belgilangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, oʻtgan yilda 6 ta pillachilik korxonasi tomonidan qayta ishlangan 9 mln. AQSH dollari miqdorida ipak va ipakli mahsulotlar eksport qilindi. Bu 2017-yilga nisbatan qariyb 4 barobarga koʻp.
— Prezidentimizning 2020-yil 17-yanvardagi “Pillachilik tarmogʻida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi" qarori ipak qurti ozuqa bazasini mustahkamlash, salmogʻini oshirish imkoniyatini berdi, — deydi viloyat “Agropilla” MCHJ bosh agranomi Farrux Muhamadaliyev. — Viloyatimizda 3692 gektar tutzorlar mavjud boʻlib, hozirgi kunda 279 gektar eskirgan tutzorlarni reja asosida qaytadan rekonstruksiya qilish ishlari olib borilyapti. Qisqa davrda 558,5 ming dona tut koʻchatlari ekildi. Fargʻona tumanidagi “Vodil ipak yigiruv” shoʻba korxonasining yordamchi tutchilik xoʻjaligida 5 million tupdan ziyod kam suv talab qiladigan serhosil “Sanish” navli tut koʻchatlari yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.
Mavjud tut maydonlari 14771 nafar aholiga 4 mavsum ipak kurti boqib, pilla yetishtirish, tutzor kator orasidan ikkilamchi foydadalanish orkali daromadlarini yanada oshirish uchun oilaviy pudrat shartnomasi asosida biriktirib berilmoqda.
— Pillachilik serdaromad soha, mehnat qilgan odam baraka topadi, —deydi pillakor Xayrulla Teshaboyev. — Fargʻona tuman “Agropilla” maʼsuliyati cheklangan jamiyati bilan oilaviy pudrat asosida ish olib boramiz. Oʻtgan yili bahorgi mavsumda 3 quti ipak qurtidan 280 kilogrammdan oshirib hosil terib oldik. Daromad miqdori 7 million soʻmdan oshdi. Undan tashqari, har bir kilogramm pila uchun 5 ming soʻmdan subsidiya oldik. Uyimizga yaqin hududda 1 gektar maydonda tut plantatsiyalari tashkil qilganmiz. Koʻchatlar oraligʻiga roʻzgʻorimiz uchun kerakli boʻlgan sabzavot ekinlari ekib daromad olyapmiz. Endilikda shu yerning oʻzida ipak qurti parvarishlashga ixtisoslashgan yengil tipdagi koʻchma qurtxona qurdik. Endi ortiqcha ovvoragarchilik va sarf-harajatlarsiz moʻl va sifatli hosil yetishtirish imkoniyatini bermoqda.
Pillani chuqur qayta ishlash loyihalarini va modernizatsiya tadbirlarini amalga oshirish maqsadida 9 ta istiqbolli loyihalar uchun 2 million 560 ming. AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi. Natijada xom ipak, ipk momigʻi, ipak mato ishlab chiqarish 2021-yilga nibatana 1, 5 barobarga koʻpaydi. 340 dona ipak gilamlari tayyorlandi. Bu oʻtgan yilgan nisbatan besh barobar koʻp.
Eng sifatli ipak qurti urugʻi yetishtirish sohasida Fargʻona viloyati va Vyetnam davlati korxonalari oʻrtasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, naslli ipak qurti zotlarini yangilab borish doimiy eʼtiborda.
— Yangi kelishuvlarga erishish uchun joriy yilning yanvar oyida Vyetnam davlatida boʻldik, — deydi Fargʻona viloyati “Agro Pilla” MCHJ boshqaruvi raisi Maqsudjon Qosimov. — Mamlakatning Dalat shahrida naslli ipak qurti yetishtirish tajribasi oʻrganildi. Bu yerda ipak qurti urugʻini bir oila shaklida koʻpaytirish usulidan samarali foydalaniladi. Vyetnam davlatining iqlimi moʻtadil, issiq boʻlgani uchun yiliga 10-martagacha ipak qurti boqib, juda katta miqdorda muhim sanoat xom ashyosi — hoʻl pilla olish imkoniyati mavjud. Shu bois ipak qurtining ushbu davlatda keng tarqalgan “Vyetnam” zotini viloyatimizga olib kelib, Fargʻona “Pilla naslchilik” MCHJ laboratoriyasida koʻpaytirish boʻyicha yangi kelishuvlarga erishildi.
Yaqin istiqbol rejalari
Joriy yilda mamlakatimizda toʻrt mavsum davomida 510 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 28,3 ming tonna xomashyosi yetishtirilishi koʻzda tutilgan. Shundan 3,1 trillion soʻmlik ipak mahsulotlari ishlab chiqariladi. Oʻzbekiston bugungi kunda dunyodagi juda koʻplab davlatlarga ipak mahsulotlarini eksport qilmoqda, jumladan, Xitoy, Hindiston, Vyetnam, Fransiya, Italiya, Avstriya va AQSH kabi 30 dan ortiq davlatlarga pillachilik mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
—Ayni kunlarda viloyat va tuman “Agropilla” MCHJ hamda pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan bahorgi pilla yetishtirish mavsumlariga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda, — deydi Bahrom Sharipov. — Ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida tut koʻchatlari ekilmoqda. Rejaga koʻra, bu yil ularning soni 122 million 680 ming tupga koʻpayadi. Korxonalarda ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlari hamda mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirish ishlari olib borilmoqda.
Endilikda Xitoydan 10 dan ortiq mutaxassislar jalb qilinib, ular ipak qurtini parvarishlash va uning hosildorligini oshirish ishlarida ishtirok etadi. Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining olimlari bilan birgalikda ipak qurtining yangi zotlarini yaratadi. Joriy yil parvarish qilinadigan ipak qurti urugʻlarining 50 foizga yaqini mahalliy ipak qurti urugʻchilik korxonalarida tayyorlanishi va qolgan qismi import qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu borada “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi urugʻchilik yoʻnalishida Xitoy Xalq Respublikasidagi 3 ta yirik korxona bilan hamkorlik qiladi.
Prezidentining2022yil 28-dekabrdagi qaroriga asosan, umumiy qiymati 35,4 million dollarlik 16 ta yangi loyihalar ishga tushirilishi moʻljallanmoqda. Bu va rejalashtirilayotgan boshqa loyihalarning ijrosi natijasida Sohada 1 mimllion 175,8 ming nafar aholining bandligi taʼminlanadi.
Pilla — ona tabiat tomonidan inʼom etilgan moʻjiza. Bir qaraganda, oddiy ishdek koʻringan yumushlar kishidan sabr-bardosh, halol va mashaqqali mehnatni, tabiiyki, xalqaro mezonlar asosida ishlashni talab etadi. Bu, oʻz navbatida, mashhur qoʻshiqda kuylanganidek, ipaklarni zarri tilloga aylantiradi.
Abdurauf QORJOVOV,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari