Ishlaydigan talaba hech kimga muhtoj boʻlmaydi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yil, 8-mart sonida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulovning “Ishlaydigan talaba hech kimga muhtoj boʻlmaydi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Malakali kadrlar — mamlakatning ertasi, taraqqiyotini belgilovchi juda katta kuch. Bugun dunyoning yetakchi mamlakatlari bilimli, salohiyatli yoshlarni tarbiyalashga alohida eʼtibor beryapti. Bu bejiz emas. Zero, har qanday davlat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlar jarayonida jahon andozalari darajasida bilim olgan, zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlarga ehtiyoj sezadi.

    Mamlakatimizda taʼlim sohasidagi islohotlar zamirida ham ayni shu maqsad mujassam. Birgina 2021-yilda 25 ta yangi oliy taʼlim muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Bugun oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni kasbiy rivojlantirish, ularning nazariy bilimini amaliyotda qoʻllash imkoniyatini yanada oshirish, taʼlim va boshqa kundalik xarajatlarini qoplash uchun ish bilan taʼminlash zarurati sezilmoqda.

    Shu yil 4-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida jamiyatdagi, taʼlimdagi juda dolzarb masalalarga alohida urgʻu berildi. Jumladan, ularga sifatli taʼlim berish, hayotini yaxshilash, eng muhimi, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ish bilan taʼminlashga katta eʼtibor qaratildi.

    Dunyo amaliyotida bor — talabalarning aksariyati ishlaydi. Faqat nochor, qiynalganlar emas, hatto oʻziga toʻq xonadonning farzandlari ham taʼlim yoʻnalishi doirasida ishlab, tajriba orttiradi.

    Yigʻilishga tayyorgarlik asnosida talabalarning ish bilan bandlik holati oʻrganildi. Jarayonda maʼlum boʻldiki, mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida 820 ming nafar talaba oʻqimoqda. Oliy taʼlimning kunduzgi shaklida tahsil olayotgan 510 ming talabaning 87 mingdan ortigʻi ish bilan band.

    Oʻrganish faqat vertikal oʻtkazilmadi. 50 mingga yaqin talabadan qaysi sohada ishlashni xohlashi boʻyicha soʻrov oʻtkazildi. Jarayonda 100 mingga yaqin talaba ishlashga ehtiyoji borligini bildirdi. Ayniqsa, ular orasida chin yetim yoki nogironligi boʻlgan 7,5 ming hamda turli “daftarlar”ga kiritilgan 4,5 ming talaba borligi zimmamizga alohida masʼuliyat yuklaydi.

    Yigʻilishda Prezidentimiz ota-onalar oʻzining oltin fondini, eng qadrli boyligini, oʻsmir yoshdagi, balogʻatga yetgan farzandini tahsil olsin, deya qoʻlimizga topshirayotganini taʼkidladi. Shuning uchun yigit-qizlarga sifatli taʼlim olish barobarida ishlashi uchun ham qulay sharoit yaratish kun tartibidagi vazifamiz.

    Qayd etilganidek, bugun talabalar ishlashi mumkin boʻlgan 105 mingta vakant ish oʻrni mavjud. Ish bilan taʼminlashda asosiy eʼtibor oliy taʼlim muassasalarining oʻziga qaratildi. Masalan, oliy taʼlim muassasasining oʻzida axborot-resurs markazlari, axborot texnologiyalari markazi, laborantlik, ishchi lavozimi bor. Oliygohlar atrofidagi shahar maktablari va bogʻchalarida 13 ming vakant ish oʻrni mavjud. Kamida 10 ming talabani ular uchun qulay boʻlgan maktab va bogʻchalarga ishga joylashtirish vazifasi qoʻ yildi.

    Shuningdek, Markaziy bank tajribasi asosida talabalarning haq toʻlanadigan stajirovkalarini tashkil etish va yakunda eng yaxshi stajyorlarga ish taklif etish tizimi iqtisodiyot, moliya, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi sohasida, soliq, kadastr idoralarida joriy etilishi belgilandi.

    Yigʻilishda bu ishlarni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzilishi maʼlum qilindi. Shuningdek, viloyat hokimlari boshchiligida hududlarda ham shunday komissiyalar tashkil etiladi.

    Komissiya viloyat hokimlari va rektorlar bilan birga vakant oʻrinlarni tahlil qilib, har bir viloyat boʻyicha birinchi, ikkinchi va uchinchi kurs talabalarining kamida 30-40 foizini ishga joylashtirish choralarini koʻradi. Bundan tashqari, bitiruvchi kurs lar talabalarining kelgusidagi ish joyini belgilab oladi va ularni haq toʻlanadigan 3-4 oylik stajirovkaga yuboradi.

    Talabalar uchun juda katta imtiyoz berildi. Jumladan, universitet hududida talabalar ishlayotgan korxonaga soliq imtiyozlari joriy qilinadigan boʻldi. OTM hududida tashkil etilgan subyektlarga ijara puli olmaslik, ularga sharoit yaratib berish va oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari bilan ishlash, yaʼni bitiruvchilar uyushmasini tashkil qilish topshirigʻi yuklatildi. Oliy taʼlim muassasasini bitirib ketgan klaster rahbarlari, jamoatchilik arboblarini ayni paytda tahsil olayotgan talabalar bilan tanishtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Talabalarni turar joy bilan taʼminlash 2021-yilda 28 foizdan 40 foizga yetkazildi. Bu koʻrsatkichni yanada oshirish maqsadida yangi yotoqxonalar qurilishi koʻzda tutilmoqda.

    Umuman olganda, talabaning nafaqat oʻqishi, balki turar joy, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ish bilan taʼminlashga davlat rahbari darajasida eʼtibor qaratilgani ularning oʻqishni bitirmasdan turib, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshishiga zamin hozirlamoqda. Qolaversa, talaba hech kimga muhtoj boʻlmaydi.