J-PAL seminari: kambag'allikka qarshi kurashish yo'llari ko'rib chiqildi

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Nobel` mukofoti laureatlari Abxijit Banerji va ester Duflo asos solgan J-PAL bilan birgalikda kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha davlat dasturlari samaradorligini oshirish uchun O'zbekiston hukumati bilan hamkorlikda innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va sinovdan o'tkazishga ko'maklashish maqsadida seminar tashkil etdi.

    2022 yil 10-11-may kunlari Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida "J-PAL va O'zbekiston: kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha hamkorlik va tajriba almashishning boshlanishi" mavzusida ilmiy-uslubiy seminar bo'lib o'tdi, deya xabar berdi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamoatchilik bilan ishlash bo'limi.

    Unda kambag'allikka qarshi kurashning eng yaxshi jahon amaliyotlari va usullarini o'rganish, kelajakdagi qo'shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo'nalishlarni shakllantirish maqsadida ijtimoiy himoya, bandlik va tadbirkorlik, shuningdek, ta'lim masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

    Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov kambag'allikka qarshi kurash va aholini ijtimoiy himoya qilishni tashkil etish davlatimiz diqqat markazida ekanini va so'nggi 5 yil ichida mamlakatimizda bu borada ulkan ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi. Xususan, davlatimiz rahbarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini va ijtimoiy himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan tegishli farmon va qarorlari qabul qilingani, O'zbekistonda yangi “mahallabay” tizimini ishga tushirish, shuningdek, Yangi O'zbekiston strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri – 2026-yilga qadar mamlakatda kambag'allik darajasini ikki baravar kamaytirish ekani qayd etildi.

    Parij iqtisodiyot maktabi tomonidan tashkil etilgan J-PAL Europe tadqiqot markazining siyosat bo'yicha direktori Killian Nolanning ta'kidlashicha, O'zbekistonga tashrifdan maqsad, kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha davlat dasturlarining asosini tashkil etishi mumkin bo'lgan tadqiqotlarni ko'rib chiqish, bunday dasturlarning ta'siri va samaradorligini o'rganishdir.

    — Biz kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha turli chora-tadbirlar samaradorligini, ushbu chora-tadbirlar kambag'allikni kamaytirish maqsadlariga erishish, ta'lim olish imkoniyatlarini oshirish, ish o'rinlari yaratish va aholi farovonligiga ijobiy ta'sir ko'rsatishi yoki ko'rsatmasligini aniqlashga yordam beradigan seminar tashkil qilish maqsadida O'zbekistonga keldik, — dedi ekspert.

    Seminar davomida tinglovchilar tomonidan, jumladan, tadqiqotni qanday qo'llash mumkinligi borasida ko'plab qiziqarli savollar berildi.

    — Tadqiqotning o'zi siyosatni o'zgartira olmaydi, ammo u orqali dastur ishlayotgani yoki ishlamayotganini bilish mumkin va kelgusida bunday dasturlarga o'zgartirish kiritishga ta'sir qiladi. Bizning O'zbekistondagi maqsadimiz texnik ko'mak ko'rsatish, kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha davlat dasturlarining asosini tashkil etishi mumkin bo'lgan tadqiqotlarni ko'rib chiqish, bunday dasturlarning ta'siri va samaradorligini o'rganish, fuqarolarning, shuningdek, kambag'allikni kamaytirish uchun mas'ul bo'lgan vazirlik va idoralarning savollariga javob berish va ularni baholashdan iborat, — deya ta'kidladi J-PAL Europe siyosat bo'yicha direktori Killian Nolan savollarga javob berarkan.

    Seminar davomida J-PAL ekspertlari ishtirokchilarga laboratoriyada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining metodologiyasi asoslari va turli mamlakatlarda amalga oshirilayotgan kambag'allikka qarshi kurash loyihalari va vaqt o'tishi bilan ijtimoiy himoyani tashkil etish natijalari qanday baholanishi haqida so'zlab berdi. Xususan, taqdimotda Peru, Hindiston, Janubiy Afrika, Indoneziya, Saudiya Arabistoni va Turkiyaning tajribalari keltirilgan.

    Amalga oshirilayotgan loyihalar natijalarini vaqt bo'yicha baholashga alohida e'tibor qaratildi.

    J-PAL Global va J-PAL Europe siyosat menejeri Karla Petersen ta'kidlaganidek, «J-PAL turli mamlakatlarda amalga oshirayotgan ayrim loyihalarning ta'sirini baholash uchun 6 oydan ikki yoki undan ko'proq yilgacha vaqt ketadi va bu chora-tadbirlar ijobiy ta'sir qiladimi yoki bu jarayonni o'z-o'zidan davom ettirish yaxshiroq bo'ladimi yoki yo'qligini oldindan taxmin qilish har doim ham mumkin emas, chunki amalga oshirilgan harakatlarning teskari, salbiy ta'siri ham bo'lishi mumkin».

    — Bir mamlakatda qabul qilingan va muvaffaqiyatli isbotlangan loyihalar, hatto ikkala mamlakatda ham shunga o'xshash omillarni hisobga olgan holda, boshqasida ham muvaffaqiyatli bo'lishiga kafolat yo'q. Har bir mamlakat individual yondashuvga muhtoj, — dedi Karla Petersen.

    Muhokama davomida J-PAL ekspertlari va tadbir ishtirokchilari J-PAL tavsiya qilishi mumkin bo'lgan qo'shimcha harakatlarning potentsial ta'sirini xolis baholash va prognoz qilish uchun, birinchi navbatda, mamlakatdagi mavjud vaziyat yuzasidan dastlabki tadqiqotlar o'tkazish, shuningdek, respublikada ijtimoiy himoya va kambag'allikka qarshi kurash bo'yicha qabul qilingan chora-tadbirlar va ishga tushirilgan tashabbuslarni o'rganish muhim, degan fikrga keldi.

    Ehtiyojmandlar sonini hisoblash bo'yicha dolzarb ma'lumotlarni to'plash usullari va imkoniyatlari, ijtimoiy himoyani rag'batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda davlatning roli, shuningdek, tahliliy ma'lumotlarni yig'ish va ko'rilgan choralar oqibatlari dinamikasini hisoblash usullari muhokama qilindi.

    Xulosa qilib aytganda, seminar ishtirokchilari J-PAL ekspertlari bilan fikr almashdilar va kelgusi yillarda bo'lajak qo'shma tadqiqotlar uchun ustuvor yo'nalishlarni shakllantirishni boshlash maqsadida tegishli ma'lumotlarni almashishga kelishib oldi.