Jamoat transportida ishga borgan amaldorlar: Toshkentda “avtomobilsiz kun” tadbiri qanday o'tdi?

    Ushbu foydali tashabbus biror xorij davlatida o'tkazilganida, natija ancha yaxshiroq bo'lishi, hatto, ko'chalar avtomobilsiz huvillab qolishi mumkin edi, degan o'ylar hayoldan o'tdi.

    Istalgan bir kunda shaxsiy avtomobilni uyda qoldirib, kun davomida jamoat transporti yoki velosipedda harakatlanish, yaqin masofaga piyoda yurish orqali ekologiyaga qanchalik foyda keltirish mumkinligi haqida ko'pchilik o'ylab ko'rmaydi. Vaholanki, bugun ekologik muammolarning asosiy omillaridan biri sifatida tilga olinayotgan avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar atmosfera uchun jiddiy xavfga aylangan. Ko'chalarda avtomashinalarning ko'payib, uzundan uzun tirbandliklarni yuzaga keltirayotgani vaziyatni yanada yomonlashtiryapti.

    Bunga qarshi birgina chora yoki harakat bilan kurashish mahol. Ammo kichik-kichik harakatlarni umumlashtirib, katta va kutilgan natijaga erishish mumkin. 29 mart kuni Toshkent shahrida o'tkazilgan “Avtomobilsiz kun” tadbiri ana shu harakatlarning bir qismi. Ijtimoiy loyiha shu yilning 21-fevral kuni Prezident tomonidan imzolangan “O'zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi farmonida belgilangan edi. Unga ko'ra, poytaxtimizda har oyning bir ish kuni davomida “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi amalga oshiriladi. Maqsad esa sog'lom turmush tarzi targ'iboti, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda transport vositalari tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlantirish masalalariga jamoatchilik e'tiborini qaratishdan iborat.

    Vazir va hokimlar namuna ko'rsatdi

    Mart oyining so'nggi jumasida yurtdoshlarimiz orasida “Avtomobilsiz kun” loyihasi ishtirokchisiga aylanganlar ko'p bo'ldi. ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tomonidan o'tkazilgan ushbu tadbir bir necha kun oldin e'lon qilinib, poytaxtimiz aholisi unda faol qatnashishga chorlangan edi. Internet tarmoqlari orqali xabar topganlarning ko'pi, xususan, fuqarolar, turli tashkilotlar xodimlari shu kuni jamoat transportida yurishini ham ma'lum qildi. Har holda, loyiha nisbatan targ'ibot qilindi. Ixtiyoriy bo'lgan loyihada odamlar shaxsiy avtomobili o'rniga jamoat transporti, metro, velosiped kabi atmosferaga kamroq zarar yetkazadigan transport vositalaridan foydalanishga chaqirildi.

    Yodingizda bo'lsa, 2018-yilda hukumat qarori bilan “Yo'l harakati xavfsizligi targ'ibot kuni”ni o'tkazish bo'yicha dastur tasdiqlangan edi. Unda O'zbekistonda har oyning uchinchi juma kunida “Avtomobilsiz kun” aksiyasini o'tkazish belgilangan. Ayni o'sha yilning 21-sentyabr kuni mazkur tadbir yurtimiz bo'ylab ilk bor tashkillashtirildi. Keyinchalik ham ushbu aktsiya haqida bir necha bor eshitdik, ammo bu faqat targ'ibot xarakteriga ega bo'lgani bois, unda ishtirok etish majburiy bo'lmagan. Uning targ'ibotchilari ham ko'proq ekofaollar va jamoatchilik vakillari edi.

    Yuqorida Prezident tomonidan imzolangan farmon bilan endi poytaxtimizda har oyning bir ish kuni davomida “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasini amalga oshirish qat'iy belgilangani uning ko'lami avvalgisidan ancha kengroq bo'lishini anglatadi. Unda barcha yurtdoshlarimiz faol ishtirok etishga chaqirilayotgani ham bejiz emas. Chunki endilikda, bu loyiha doimiy ravishda o'tkazilib, yaxshi an'anaga aylanishi ko'zda tutilgan. Loyihaga ko'ra, Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar hamda boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna ko'rsatishi ham belgilangan.

    Kecha ayni shu holat kuzatildi. Davlat tashkilotlari oldidan o'tayotganimizda xizmat mashinalari anchayin kamligi ko'zga tashlandi. Amaldorlar, davlat tashkilotlarining rahbarlari boshchiligida ko'plab xodimlar ish joyiga piyoda yoki jamoat transportida kelgani haqida internet tarmoqlarida xabarlar joylandi. Xususan, poytaxtimiz bo'ylab o'tkazilgan “Avtomobilsiz kun”da Sport vaziri Adham Ikromov ishga xizmat mashinasida emas, balki 93-sonli avtobusda yetib olgan. Hatto, vazir svetofor o'rnatilmagan piyodalar o'tish joyida bir muddat yo'ldan o'ta olmagani, unga avtomobillar yo'l bermagani aks etgan videolar ham tarqaldi. Ayni shu vazirlikning markaziy apparat xodimlari ham ijtimoiy tadbirda faol qatnashib, ish joyiga jamoat transportida bordi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov esa uyidan ishxonagacha bo'lgan masofani bir soatda yayov bosib o'tgan.

    Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo'jayev, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham jamoat transporti xizmatidan foydalanib yoki piyoda ishga borishgan. Bojxona qo'mitasi raisi general mayor Akmalxo'ja Mavlonov esa velosipedda harakatlanishni ma'qul ko'rdi. Boshqa ko'pchilik bojxonachilar ham sog'lom turmush tarziga amal qilib, ishga piyoda ravishda, aksariyati esa velosipedda borishgan. e'tiborlisi, ushbu jamoatchilik loyihasida hamyurtlarimiz qatori xorijliklar ham ishtirok etgani ko'zga tashlandi. Ulardan biri Kanadaning O'zbekistondagi elchisi Alan Xemson bo'lib, u kecha avtobusda yurgan. Amaldorlar va davlat tashkilotlari xodimlarining bu kabi faolligi yurtdoshlarimizda ijobiy taassurot qoldirganini izohlarda yozib qoldirishdi.

    Ekologik madaniyat sustroqdek...

    1885-yilda Karl Benz tomonidan birinchi benzinli motorli avtomobilning ixtiro qilishi insoniyatning eng foydali kashfiyotlaridan biri bo'lgandi. Uzog'imizni yaqin qiladigan avtotransport vositalari vaqt o'tgan sari ommalashib, odamlar uchun eng qulay va vaqtni tejaydigan vositaga aylandi. Bugungi kunga kelib esa u, hatto, hashamat belgisi sanaladi.

    Ammo ko'pgina shaharlarda avtomobillarning foydasi bilan birga, zarari ham sezila boshlagan. Hatto, ularga ekologik muhitni yomonlashtirayotgan asosiy omillardan biri sifatida qaralmoqda. Bu muammo Toshkent shahrida ham mavjud va poytaxtimizda tirbandliklar oshib borayotgani kuzatilyapti. Ma'lumotlarga ko'ra, 2021-yilda O'zbekistonda 3 million 200 mingga yaqin mashina bo'lgan, bugungi kunga kelib bu raqam deyarli 5 millionga etdi. Toshkentda har kuni 1 millionga yaqin avtomobil harakatlanyapti. Bu ekologiyaga avtotransport vositalaridan katta miqdorda zararli gazlar chiqayapti, degani. Ayniqsa, xalqaro sifat standartlariga javob bermaydigan yonilg'i turlari atmosfera havosini jiddiy zararlayotgani tahlillarda ham ko'rsatilyapti. Yurtimizda 2026-yilga qadar Ai-80 markali benzindan to'liq voz kechish talabi qo'yilgani boisi ham shunda. Bundan tashqari, og'ir yuk mashinalari, 10 yildan oshgan avtomobillar hamda Evro-4 standartidan past bo'lgan yonilg'ini ishlatishning atrof-muhitga zararini kamaytirish mexanizmlari ishlab chiqilishi aytilgan. Qolaversa, poytaxtimizda jamoat transportiga ustunlik berish, avtotransport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlar va yo'llardagi tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilangan.

    Bu ma'lumotlardan xabardor kishi “Avtomobilsiz kun” loyihasiga befarq bo'la olmaydi. Hech bo'lmaganda oyda bir marta shaxsiy avtomobildan voz kechib, jamoat transportida harakatlanish orqali salomatligi hamda ekologiya xavfsizligiga o'z hissasini qo'shadi. Ijtimoiy loyihaning ahamiyati ham shunda. Ammo yurtimizda o'tkazilgan “Avtomobilsiz kun”da oddiy aholining ishtiroki sustroq bo'lganini ham tan olishimiz kerak. Kun davomida yo'llarda avtotransport vositalari nisbatan kamroqdek ko'rindi. Ammo bu sezilarli darajada emasdi. Ya'ni, shaxsiy avtomobiliga ega yurtdoshlarimizning ko'pi, afsuski, loyihada faollik ko'rsatmadi. Bu ob-havoning biroz sovigani, kimlarningdir bundan xabardor bo'lmagani yoki bu loyiha ilk bor o'tkazilib, yetarlicha ommalashmagani bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Ko'chalarda targ'ibot bannerlari, e'lonlar ham ko'zga tashlanmadi. Har holda, ushbu foydali tashabbus biror xorij davlatida o'tkazilganida, natija ancha yaxshiroq bo'lishi, hatto, ko'chalar avtomobilsiz huvillab qolishi mumkin edi, degan o'ylar hayoldan o'tdi.

    — Ochig'i, bir necha kundan beri “Avtomobilsiz kun”da faol fuqarolik pozitsiyamni namoyon etib, shaxsiy avtomashinamni uyda qoldirib, ishga jamoat transportida borishni maqsad qilgandim, — deydi Nargiza opa. — Ammo ertalabdan oliy o'quv yurtida tasil oladigan qizim bank va boshqa bir qancha joyga kirishi kerakligi, buning ortidan o'qishga ulgurmay qolishi mumkinligini aytib, mashinada olib borishimni iltimos qildi. Shu bois, shaxsiy avtomobilda yurishimga to'g'ri keldi. Ammo odatda tez-tez piyoda yurib turaman, toza havoda sayr qilishni yoqtiraman. Ijtimoiy loyihaga kelsak, ekologiyani asrashimiz yo'lidagi yaxshi tashabbuslardan biri, deb hisoblayman va keyingi oyda unda faol ishtirok etishni o'ylaganman. Umuman, bu tashabbusni o'zimiz ham ixtiyoriy tarzda tez-tez qo'llab turishimiz lozim.

    Ilk bor o'tkazilgan loyihada davlat tashkilotlari rahbar va xodimlaridan tashqari, o'nlab yurtdoshlarimiz ham ishtirok etgani quvonarli. Keyingi tadbirlarda ularning soni yuzlab, minglab bo'lishi va “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi bir ko'tariladigan shov-shuv bo'libgina qolmay, doimiy olib boriladigan muhim tadbirga aylanishiga umid qilamiz. Zero, uning xalqimiz orasida ommalashishi ekologik madaniyatni shakllantirishda ham katta ahamiyatga ega.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri