Yarmarkada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari, shuningdek, Jizzax viloyati va mamlakatimizning boshqa hududlaridan kelgan tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar ishtirok etdi.
Yarmarkada jami 775 ta tarmoq va hududiy korxonalar ishtirok etib, ulardan 142 tasi 3 000 dan ortiq turdagi mahalliy mahsulotlarni taqdim etdi. Tadbir turli soha va hududlarda faoliyat koʻrsatuvchi korxonalar oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, kooperatsiya va savdo munosabatlarni kengaytirish imkoniyatlarini, shuningdek, yangi sanoat ishlab chiqarish obyektlarini tashkil qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama etish uchun samarali maydon boʻlib xizmat qildi.
Yarmarkada ishtirok etgan tarmoq birlashmalari, xususan, «Oʻzeltexsanoat», «Oʻztoʻqimachiliksanoat» va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda bir qator tijorat banklari rahbarlari tomonidan tegishli tarmoqlarning investitsiyaviy va sanoat salohiyati, turli hududlarda ishlab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, tadbirkorlar va eksportchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida taqdimotlar oʻtkazildi. Mahalliy sanoat korxonalari va isteʼmolchilar talabiga mos boʻlgan yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish maqsadida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangilarini joriy qilish dolzarbligi qayd etildi. Bu, oʻz navbatida, mamlakat ichida tugallangan qoʻshilgan qiymat zanjirlarini mahalliylashtirish, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini kamaytirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish orqali ichki mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Yarmarka doirasida vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh “Newland”, “ADM Jizzax”, “Global Optical Communication Uzbekistan”, “Minguan Silu Industry”, “Master building products”, “Jada Color Tekstil” kabi mahalliy sanoat korxonalariga tashrif buyurib, ishlab chiqarishning texnologik jarayoni bilan tanishdi, korxona rahbar va xodimlari bilan suhbatlashdi. Tashrif davomida ishlab chiqarish va eksport faoliyati bilan bogʻliq masalalar oʻrganildi, ularni hal qilish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi, mavjud ishlab chiqarish obyektlarini kengaytirish va boshqa mahalliy korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini oʻrnatish istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Yarmarka yakunlari boʻyicha Elektron kooperatsiya portali orqali jami 75,9 milliard soʻmlik 467 shartnoma tuzildi. Ulardan hududiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tuzilgan shartnomalarning umumiy qiymati 60,2 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, tarmoq korxonalari tomonidan tuzilgan shartnomalar qiymati 15,7 milliard soʻmni tashkil etdi.