— Kelgusi uch yilda tayyor mahsulot eksportini 2 baravar oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishishning birdan bir yoʻli — Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish. Bu 164 ta davlat bilan adolatli savdo tizimini yoʻlga qoʻyish va barqaror bozorlarni yaratish imkonini beradi.
Prezidentimiz 14-aprel kuni Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonlari va istiqbollariga oid taqdimot bilan tanishishi chogʻida ushbu fikrlarni bildirar ekan, unga aʼzo boʻlish shartligini taʼkidladi. Binobarin, bu boradagi vazifalar Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasining 91-maqsadida belgilangan, davlatimiz rahbarining oʻtgan yilgi Murojaatnomasida bu jarayonni jadallashtirish kun tartibiga qoʻyilgan edi. Shu maqsadda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo ellikka yaqin mamlakatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borilyapti.
Maʼlumki, 1995-yil 1-yanvarda asos solingan Jahon savdo tashkiloti davlatlararo koʻp tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi nufuzli xalqaro tuzilma hisoblanadi. Bugungi kunda dunyodagi eng yirik ushbu iqtisodiy tashkilotga 164 mamlakat aʼzo va ular hissasiga global savdo va jahon yalpi ichki mahsulotining 95 foizi toʻgʻri keladi. Oʻzbekiston tovar aylanmasining 97 foizi ushbu davlatlarning birgalikdagi ulushini tashkil etadi.
Jahon bankiining uch yil oldingi maʼlumotiga koʻra, Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsulotining 91, Zambiyada70, Kanadada 65, Janubiy Afrikada 59, Hindistonda 40, Indoneziya va Yaponiyada 37 , Xitoyda 36 , AQSHda 26 foizi tashqi savdo bogʻliq boʻlgan. Xalqaro savdo iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qashshoqlikni kamaytirishda misli koʻrilmagan imkoniyatlarni taklif qiladi. Biroq, ushbu salohiyatni amalga oshirilishini taʼminlash global savdoni xalqaro darajada boshqarish va tartibga solishni taqozo etadi. Agar bunday boshqaruv va majburiy tamoyillar boʻlmasa, xalqaro globallashuv va savdo hozirgi vaziyatni yaxshilash oʻrniga iqtisodiy tengsizlikni, ijtimoiy adolatsizlikni, atrof-muhitning tanazzulini va madaniy bir xillikni kuchaytirishi mumkin.
Barqaror taraqqiyot tayanchi
JST 1947-yildatuzilgan xalqaro bitim — GATTʻning davomchisi hisoblanadi. Tashkilotga aʼzo va ishtirokchi mamlakatlar uchun majburiy boʻlgan tamoyillar va qoidalar belgilangan. Uning asosiy vazifasi global iqtisodiyotni kuzatish orqali xalqaro savdo izchilligi va shaffofligini tartibga solish, aʼzo mamlakatlar barqaror taraqqiyotini taʼminlash va insonlar turmushini yaxshilashdan iborat. Bu Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar maqsadiga toʻliq mos keladi.
— Tashkilotda qarorlar ishtirokchi mamlakatlar yordamida konsensus — umumiy ovoz berish orqali qabul qilinadi, — deydi siyosiy fanlar doktori, professor Baxtiyor Omonov. —Qarorlar qoidaga koʻra, ikki yilda bir marta chaqiriladigan Vazirlar konferensiyasi tomonidan qabul qilinadi. Kundalik amalga oshirilayotgan ishlarga masʼul boʻlgan Bosh kengash yigʻilishlarini tashkilotning maʼmuriy qarorgohi joylashgan Jeneva shahrida bir yilda bir marta oʻtkazadi. Yigʻilishlarda tashkilotga aʼzo mamlakatlar vakillari, elchilar ishtirok etadi.
Bosh kengash qoshida nizolarni hal etish va savdo siyosati tahlillari bilan shugʻullanadigan organlar bor (jami 650 xodim ishlaydi). Shuningdek, uning tarkibida savdo va rivojlanish, savdo balansi borasida cheklovlar oʻrnatish hamda byudjet, moliya va maʼmuriy masalalar bilan shugʻullanadigan uchta qoʻmita faoliyat yuritadi. Bosh kengashdan quyi pogʻonada tovarlar, xizmatlar savdosi va intellektual mulk huquqi boʻyicha kengashlar faoliyat yuritadi.
Tashkilotning yana bir ustuvor yoʻnalishi shundaki, unga 3 tasnif asosida, yaʼni rivojlangan, rivojlanayotgan va eng kam rivojlangan davlatlar maqomida qoʻshilish mumkin. Oʻzbekiston rivojlanayotgan davlat maqomida qoʻshilishga intilyapti. Bunda qator imkoniyatlarga ega boʻlinadi. Masalan, oʻtish davriga uzoqroq vaqt beriladi.
— Oʻzbekiston JSTga qoʻshilish uchun 1994-yilda ariza bergan va ishchi guruhning uchta uchrashuvida qatnashgan, —deydi Bojxona instituti dotsenti Toʻlqin Pardayev. — Ammo ayrim sabablarga binoan, bu jarayon toʻxtab qolgan. 2017-yilda JSTga qoʻshilish boʻyicha saʼy-harakatlar qayta boshlandi. 2019-yil boshiga kelib, ishchi guruh faoliyati hukumat tomonidan jonlantirildi. 2020-yilda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha qoʻshma ishchi guruh yigʻilishlari qayta tiklandi. Xususan, oʻtgan yil 21-iyun kuni Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan ishchi guruhining beshinchi yigʻilishida aʼzo davlatlarning 60 dan ortiq delegatsiyalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqan barcha 25 aʼzo-davlat, jumladan, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va boshqalar bir ovozdan Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Joriy yilning mart oyida Jahon savdo tashkilotida ishchi guruhning oltinchi yigʻilishi oʻtkazildi. Unda respublika savdo rejimining barcha jihatlariga taalluqli 10 dan ziyod yangi hujjat koʻrib chiqildi.
Yaqinda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining JST bilan hamkorlik boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Amirbek Muhamedov maʼlum qilishicha, ushbu xalqaro tashkilotgaga aʼzo boʻlish uzoq vaqt talab qiladigan murakkab jarayon. Har bir davlatning bu tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoni oʻrtacha 8 — 10, baʼzi davlatlar uchun esa 10 — 15 yilni tashkil etadi. Masalan, tashkilotga kirish uchun Qozogʻistonga 13 yil, Rossiyaga 19 yil kerak boʻlgan. Chunki, unga hamma aʼzo davlatlarning roziligi olinganidan keyin qoʻshilish mumkin. 164 ta davlatning hammasi bilan muzokara olib bormasak-da, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha ishchi guruhi tarkibiga jami 47 ta davlat kirgan. Ularning barchasi tovar va xizmatlar bozoriga kirish boʻyicha Oʻzbekiston bilan muzokaralar olib borish istagini bildirgan.
Haqiqatan, keyingi paytda bu boradagi ishlar jadallik kasb etib boryapti. Xususan, shu oy boshida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — Gruziya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishida mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi doirasida Gurjiston va Oʻzbekiston oʻrtasida tovar va xizmatlar bozoriga chiqish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash toʻgʻrisidagi bayonnoma imzolandi. Xuddi shunday jarayon Moʻgʻuliston va Turkiya bilan yakuniy bosqichda turibdi.
Oʻzbekistonning JSTga kirishini tezlashtirish boʻyicha faoliyati BMTning Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro rivojlanish boʻyicha AQSH agentligi (USAID), Xalqaro hamkorlik boʻyicha Germaniya jamiyati (GIS) kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanyapti va texnik koʻmak berib kelinyapti.
— “Oʻzbekistonning JSTga kirishiga koʻmaklashish” boʻyicha ishlab chiqilgan besh yillik loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan ham qoʻllab-quvvatlanmoqda, — deydi iqtisod fanlari doktori, professor Jasurbek Otaniyozov. — Mazkur loyiha 2020-yil fevral oyida boshlangan boʻlib, unda mamlakatning JSTga qoʻshilish jarayonida milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish boʻyicha rivojlanish rejalarini qoʻllab-quvvatlashga asosiy eʼtibor berilgan. Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad — tashkilot tomonidan belgilangan qoidalarga mos keladigan savdo muhitini yaratish orqali Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashish hamda xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvini kuchaytirishdan iborat.
2021-yilda Oʻzbekiston GSP+ tizimiga qoʻshilgani natijasida Yevropa bozoriga tayyor mahsulot eksporti 1,5 baravar oshganligini buning amaliy misoli sifatida keltirish mumkin.
Oldinda turgan vazifalar
Prezidentimiz Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonlari va istiqbollariga oid taqdimotda mazkur tuzilma bitimlaridan kelib chiqib, milliy qonunchilikni unga uygʻunlashtirish, tartib va standartlarni xalqaro talablarga moslashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Buning uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilib, barcha vazirliklar va elchixonalar bilan tizimli ishlash zarurligi taʼkidlandi.
— Oʻzbekiston uchun JSTga qoʻshilish mutlaq ustuvor vazifa hisoblanadi, — deydi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Badriddin Obidov. — Bu jarayonga mamlakatimizning jahon iqtisodiy hamjamiyati va koʻp tomonlama savdo tizimiga yanada integratsiyalashuviga qaratilgan islohotlarning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi doirasida mazkur tashkilot bilan ishlash tizimi yaratilib, Idoralararo komissiyasi shakllantirildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari boshchiligida muzokaralar guruhi hamda tegishli vazirlik va idoralar masʼul xodimlaridan iborat 10 ta yoʻnalish boʻyicha ishchi guruh tarkiblari tashkil etilgan.
— Milliy qonunchilikni JST bitimlariga muvofiqlashtirish jarayoni uzluksiz va tizimli ishlashni talab etadi, — deydi adliya vaziri oʻrinbosari Alisher Karimov. — Adliya hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan 2023-yilga moʻljallangan milliy qonunchilikni JST bitimlariga uygʻunlashtirish boʻyicha harakatlar rejasi ishlab chiqilgan. Ushbu reja JSTning asosiy 15 ta bitimi kesimida tuzilgan. Shundan kelib chiqqan holda, Adliya vazirligi xodimlaridan iborat ixtisoslashgan kichik ishchi guruhlari ham tashkil etilgan. Ularning maqsadi JST bitimlarini chuqur oʻrganib, shu sohadagi milliy qonunchilikni xatlovdan oʻtkazish, qaysi qonunlarga qanday oʻzgartirishlar kiritishni tahlil qilish asosida takliflar tayyorlashga qaratilgan. Keyinchalik bu takliflar barcha yoʻnalishlar boʻyicha umumlashtirilib, vazirlik huzuridagi ishchi guruhda muhokamadan oʻtgach, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Hozirda ishchi guruh tomonidan JSTning 8 ta bitimi qoidalariga nomuvofiq boʻlgan 25 dan ortiq qonunchilik hujjatlari aniqlandi. Ularda belgilangan masalalar boʻyicha tovar va xizmatlar uchun davlat xaridlari, eksportni qoʻllab-quvvatlash va soliq solish kabi sohalarda milliy rejim joriy qilish, standartlashtirish borasida yangi hujjatlar qabul qilish, bojxona qiymatini aniqlash mexanizmini takomillashtirish, intellektual mulk yoʻnalishini muvofiqlashtirish va boshqa masalalarlarni qamrab olgan. Misol uchun, JSTning asosiy talablaridan biri muayyan mamlakat oʻz savdo sheriklari hamda mahalliy va xorijiy tovarlar, xizmatlar hamda shaxslar (tadbirkorlar) oʻrtasida diskriminatsiyaga yoʻl qoʻymasligi, rezidentlarga berilgan huquqiy rejimni norezidentlarga ham taqdim etishi kerakligi bilan bogʻliq. Yaʼni, JST doirasida sof raqobatga zid boʻlmasligi uchun milliy qonunchiligimizda diskriminatsiya holatlarini bartaraf qilish masalasi berilayotgan takliflar orasida alohida oʻrin tutadi. Joriy yilda tabiiy ravishda JST kotibiyatiga taqdim etilgan rejada koʻrsatilgan qonunchilik hujjatlarini qabul qilishni oxiriga yetkazish hamda milliy qonunchilikni JST bitimlariga muvofiqlashtirish boʻyicha takliflarni doimiy ravishda tayyorlab, vazirlik-idoralar bilan birga tegishli oʻzgartirishlarni qonunchilikda aks ettirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Jahon savdo tashkilotiga kirish va yanada qulay investitsiya muhitini yaratish boʻyicha masalalar hal qilish boʻyicha boshqa sohalarda ham ishlar davom etyapti. Bojxona-tarif, fiskal tartibga solish va eksport-import jarayonlari mexanizmlarini takomillashtirish, ularni soddalashtirish shular jumlasiga kiradi. Masalan, tarifga oid yon berishlar boʻyicha muzokaralar davomida tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining har bir pozitsiyasi (ularning soni 11 ming 250 ta atrofida) boʻyicha “bogʻlanadigan” jihatlar muvofiqlashtirilishi lozim. Moslashuv davrida Oʻzbekiston tariflarni ulardan yuqori koʻtarmaslik majburiyatini oʻz zimmasiga oladigan bojxona bojlarining eng yuqori chegarasi ham aniqlab olinadi.
JSTga aʼzolikdan qanday manfaat koʻramiz?
Mutaxassislarning fikricha, JSTga aʼzolik Oʻzbekistonda iqtisodiy taraqqiyotga kuchli turtki beradi. Avvalo, yangi sarmoyalar asosida qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulot sifatini oshirib, dunyo bozoridagi kuchli raqobatga koʻnikadi. Oʻz navbatida, isteʼmolchilarning arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlarni tanlash imkoniyati yuzaga keladi.
Mamlakat jahon miqyosidagi savdo siyosati boʻyicha muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi, yaʼni tashkilot yigʻilishida qatnashadigan har bir davlat oʻz ovoziga ega boʻladi. Bojxona maʼmuriyatchiligi va qonunchilik boʻyicha institutsional islohotlarni amalga oshirish, tizimdagi korrupsiya darajasini kamaytirishga koʻmak beradi, dunyo miqyosidagi ilmiy-texnik rivojlanish jarayoniga integratsiyalashuvni tezlashtiradi.
Janubi Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi So Jin Kyoning qayd etishicha, Oʻzbekiston JSTga aʼzo mamlakatlar safiga qoʻshilsa, ushbu davlatlar bilan mahsulot ayirboshlashda katta yutuqlarga erishadi. Bunda aʼzo davlatlarga soliq, bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Masalan, hozirgi kunda ushbu tashkilotning har bir aʼzosi Oʻzbekiston tovarlariga istalgan hajmda tariflar kiritishi mumkin, biroq Oʻzbekiston tashkilotga aʼzo boʻlgach, ularning bunday choralarni amalga oshirishiga chek qoʻyiladi. Yaʼni, Oʻzbekiston JSTga aʼzo boʻlishi bilan unda tashkilot aʼzolariga bojxona toʻlovlarini kamroq toʻlash yoki umuman toʻlamaslik imkoniyati paydo boʻladi.
— Bundan tashqari, tashkilotning barcha aʼzo mamlakatlari bozorlariga kirish uchun teng huquqli sharoit vujudga keladi, — deydi Bojxona instituti dotsenti Toʻlqin Pardayev. — Mamlakakatimizda raqobat muhiti yaxshilanadi va monopoliyaning oldi olishiga erishiladi, inflyatsiya darajasi kamayadi.Tashqi savdoga kelganda, eksportyorlarning huquqi himoya qilinadi, qabul qilingan xalqaro standartlarga muvofiq, milliy talablarning ishlab chiqilishi eksport bilan shugʻullanuvchilarga chet el bozori tamoillariga moslashishda yordam beradi.
Aksariyat manbalarda Jahon savdo tashkilotining yuqoridagi afzallik tomonlari bilan birga, uning bir nechta kamchiliklari ham bor, degan fikrlar mavjud. Tashkilot faoliyati boʻyicha xalqaro ekspert Yovan Yekich ushbu tanqidiy fikrlarning ayrimlari toʻgʻri emasligiga eʼtibor qaratadi. Misol uchun keng tarqalgan fikrlardan biri — bu tashkilotga aʼzo boʻlgandan keyin import tariflari (boj)ning avtomatik ravishda pasayishi bilan bogʻliq. Ekspertning fikricha, aslida unday emas. Chunki bunday pasayish hamma tovarlar uchun tatbiq etilmaydi. Agar hozirgi paytda Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatidan oʻrin olgan tovarlar roʻyxatida 11295 nomdagi mahsulotlar mavjud boʻlsa, ularning har biri boʻyicha alohida muzokaralar olib boriladi. Maqsad — taʼsirchan tovarni aniqlash. Yaʼni, shunday tovarlar borki, ularning boj stavkalari muayyan davlat iqtisodiyotiga hech qanday salbiy taʼsir qilmaydi. Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun subsidiya taqiqlanmagan, ammo aʼzolikka qabul qilish jarayonida kelishilgan miqdordan oshmasligi lozim.
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida JSTga aʼzo boʻlishning milliy iqtisodiyotga taʼsirini oʻrganishga ham alohida urgʻu berilgan. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan shunday tadqiqot amalga oshirilib, asosiy makroiqtisodiy muvozanatga koʻrsatadigan taʼsirlarga baholar berildi.
Unda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boshqa davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tashqi raqobatbardoshlikni kuchaytirish, shu bilan birga, bozor munosabatlariga oʻtish jarayonini tezlashtirish uchun zamin hozirlaydi. Ammo, tariflarning pasaytirilishi tufayli JST ga aʼzo boʻlish mahalliy ishlab chiqarishning zaif tarmoqlariga salbiy taʼsir qilishi mumkinligi ham qayd etiladi.
Tadqiqotda Oʻzbekistondagi tariflar darajasini JSTga aʼzo davlat boʻlgan Qozogʻiston darajasiga, yaʼni oʻrtacha darajani amaldagi 7,4 foizdan 5,7 foizga tushirish nazarda tutilgan. Bu boradagi tahlillar shuni koʻrsatdiki, eng avalo, tariflar va ichki narxlarning pasayishi tufayli eksport jozibadorligi oshishi tufayli eksport hajmi 0,06 foizga ortishi va ichki tovarlar taklifi 0,03 foizga kamayishi mumkin.
Ayni paytda ichki bozorda narxlarning pasayishi natijasida isteʼmol hajmi 0,11 foizga ortadi. Davlat byudjeti daromadlarining qisqarishi hisobiga, jami jamgʻarmalar 0,35 foizga kamayadi. Jamgʻarmalar hajmining kamayishi investitsiyalar darajasini 0,16 foiz tushishiga olib kelish ehtimoli bor.
Tadqiqotda modelning dastlabki natijalaridan kelib chiqib aytiladiki, birinchi bosqichda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi va buning natijasida tariflarning pasaytirilishi mahalliy mahsulotlarga boʻlgan talabning maʼlum darajada pasayishiga olib keladi. Bu esa, oʻz navbatida, mahalliy kompaniyalar faoliyati samaradorligini oshirish zaruratini keltirib chiqaradi. Aks holda xorijiy kompaniyalar bilan narx raqobatiga dosh bera olmaydigan samarasiz korxonalar bozordan chiqib ketishiga toʻgʻri keladi.
Yangi sharoitga muammosiz oʻtishni taʼminlash va Oʻzbekistonda milliy korxonalarni tashqi raqobat sharoitiga bosqichma-bosqich tayyorlash uchun yangi muhitni yaratish tavsiya etiladi. Xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekiston bozoriga kirishi bilan tariflarning bosqichma-bosqich pasaytirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish,texnologik va kadrlar bazasini takomillashtirish orqali sifatni oshirish, korxonalarning narx siyosatini qayta koʻrib chiqishi hamda isteʼmolchilarning didi va ehtiyojini tizimli ravishda oʻrganish uchun turtki beradi.
Abdurauf Qorjovov,
iqtisodiy sharhlovchi