Kadrlar salohiyatli boʻlishi kerak

    Oldimizga qoʻyilgan asosiy vazifa – mana shu

    Bugun chet tillarni bilish hayotiy zaruratga aylandi. Qanday boʻlmasin, kelgusida umumtaʼlim hamda kasb-hunar maktablarini bitirayotgan oʻquvchilar kamida bitta xorijiy tilni oʻrganib ketishi kerak. Bu esa malakali xorijiy til oʻqituvchilariga ehtiyojni oshiradi. Ayni maqsad yoʻlida faoliyat boshlagan Andijon davlat chet tillar instituti ikki yoshga toʻldi.

    Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, biz ham, avvalo, xalqaro va mintaqaviy reytinglarga kirish, kelgusida TOP darajaga yetish, jahon mehnat bozorida bellasha oladigan kadrlar tayyorlash borasida sof raqobatga kirishdik. Institutda ingliz, fransuz, nemis va rus tillaridan tashqari xitoy, koreys, arab va yapon tillari boʻyicha ham kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻydik.

    2023/2024 oʻquv yilida 5 ta magistratura, 16 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha talabalar qabul qildik. Toʻliq kredit-modul tizimi asosida taʼlim beryapmiz. Oʻquv jarayoni ham toʻla raqamlashtirilib, HEMIS platformasi joriy etildi. Barcha oʻquv dasturlarimiz AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya va Rossiyadagi hamkor oliygohlar bilan birgalikda jahon taʼlim standartlari hamda kadrlar buyurtmachilari talablari asosida butunlay yangidan tuzildi.

    Oʻtgan davr mobaynida 72 nafar professor-oʻqituvchi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalariga malaka oshirish va stajirovkaga yuborildi. Xorijiy hamkorlar professor-oʻqituvchilarining mahorat darslari taʼlim sifatini oshirishda katta yordam bermoqda. Shuningdek, ularning oʻquv-uslubiy hamda ilmiy faoliyatini ragʻbatlantirish tizimi sababli taʼlim sifati keskin oʻsdi. Masalan, joriy oʻquv yilida professor-oʻqituvchilarimizning barchasi S1 darajadagi milliy va xalqaro til bilish sertifikatlariga ega boʻldi.

    Samaradorlikning muhim omili

    Bugun oliy taʼlim muassasalarida nufuzli xorij oliygohlari bilan hamkorlikka katta eʼtibor qaratilyapti. Bu, ayniqsa, chet tillar oliygohlari hayotida muhim oʻrin tutadi. Hozirgacha Singapurning Amiti xalqaro universiteti, Buyuk Britaniyaning Kembrij hamda Portsmut universitetlari, AQSHning Ohayo universiteti, Buyuk Britaniyaning Norvich instituti, Janubiy Koreyaning Cheju Halla hamda King Sejong universitetlari, Moskva davlat universiteti, Oʻsh davlat universiteti, Turkiyaning Kanfas, Gʻozi va Hoji Bayram universitetlari hamda Hindistonning Milliy turizm va mehmondoʻstlik menejmenti institutlari bilan oʻquv sohasini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik oʻrnatdik. Shuningdek, ETC xalqaro tashkiloti, Buyuk Britaniya hamda AQSH konsulliklari, AQSH elchixonasi, Fransiya, Germaniya elchixonalari ham hamkorlarimizga aylandi.

    Kelgusi oʻquv yilidan Amiti, Cheju Halla, Gʻozi universitetlari bilan amaliy ingliz tili, turizm va mehmondoʻstlik taʼlim yoʻnalishlarida qoʻshma taʼlim dasturi joriy etiladi. Cheju Halla universitetiga 14, Amiti universitetiga 10 talaba akademik almashinuv dasturi asosida oʻqishga yuboriladi. Bundan tashqari, “Yozgi maktab” dasturi doirasida 100 nafar xorijlik talabani jalb qilish rejalashtirilgan.

    Bitiruvchimiz “Dunyoning ishlari” qissasini ingliz tiliga oʻgirdi

    Yaqinda Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasi ingliz tiliga tarjima qilinib, “Amazon”da sotuvga qoʻyildi, Nyu-York metrosida mazkur kitobning reklama suratlari tarqaldi. Kitobning birinchi tarjimoni Abdullo Roʻziyev bizning bitiruvchimiz. Bu kabi talabalarimizning oʻz ustida ishlashi va ulkan yutuqlarga erishishida institut axborot-resurs markazi muhim oʻrin tutadi. Shu bois, institut kutubxonasini boyitishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, til taʼlimi beruvchi nufuzli ilmiy markazlar va taʼlim muassasalari nashriyotlari tomonidan chop etilgan 18 nomdagi 284 ta xorij darsligi sotib olinib, institut kutubxonasiga topshirildi. Kutubxonaning elektron oʻquv zalida AQSHning Ohayo hamda Buyuk Britaniyaning Norvich universiteti kutubxonasidan ochiq foydalanish imkoniyati yaratildi. Endi talabalar bemalol ushbu nufuzli universitetlar kutubxonalaridan onlayn shaklda foydalanishi mumkin.

    Yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga tayyormiz

    Zamonaviy oliy taʼlimda har bir talabaga individul yondashuv taqozo etiladi. Kimlardir alohida iqtidorini koʻrsatgisi keladi. Talaba-yoshlarni qiziqishlariga qarab kasb-hunarga oʻrgatish, qoʻshimcha daromad olishini yoʻlga qoʻyish maqsadida institut talabalar shaharchasida pazandalik, tikuvchilik, mebelsozlik uchun sharoitlar yaratilgan. Pazanda qizlarimiz tayyorlayotgan turli pishiriqlar, salatlar institut hududidagi ovqatlanish shoxobchalariga tarqatiladi. Tikuvchi qizlar ham alohida jihozlangan xonada, oʻzlari va tengdoshlari ehtiyoji uchun kiyimlar tikadi.

    Institutning 1120 oʻrinli talabalar turar joyi mavjud. Ular holidan doimiy xabardor boʻlish, yashash sharoiti bilan yaqindan tanishish maqsadida “Talaba bilan bir kun” loyihasi birinchi boʻlib institutimizda yoʻlga qoʻyilgan. Loyihaga koʻra, institut rahbariyati, professor-oʻqituvchilar talabalar turar joyiga borib, ular bilan birdek yotoqxonada boʻladi hamda turli toʻgaraklarda, koʻngilochar tadbirlarda ishtirok etadi, yotoqxonada tunaydi. Bu tashabbus tizimdagi boshqa oliygohlarda ham ommalashganidan xursandmiz. Loyiha institut rahbariyati va talabalar oʻrtasida sogʻlom ijtimoiy muhitni yuzaga keltirish, mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlab, bartaraf etishda katta samara bermoqda.

    “Besh muhim tashabbus” markazida 13 nafar iqtidorli, faol talaba jamoatchilik asosida faoliyat yuritmoqda. Markazda 18 ta ijodiy toʻgarak, 7 ta klub ham mavjud. Oʻnlab yirik loyihalar amalga oshirilib, ularga 2 000 dan ortiq talaba qamrab olindi.

    “Zakovat” klubidan tashqari “LinguaQuiz” loyihasida rahbar va ishchi xodimlarimiz, professor-oʻqituvchilarimiz, talaba-yoshlardan iborat jamoalar haftaning seshanba kunlari oʻzaro bellashib turadi.

    Xonobod shahridagi 3,5 gektarli turizm oʻquv-laboratoriyamizda talabalar uchun qishki va yozgi oʻquv oromgohlari tashkil qilingan. Oʻtgan yozda 100 nafar talaba-yosh u yerda oʻz bilimlarini oshirgan boʻlsa, bu yil ular sonini 200 ga yetkazish koʻzda tutilgan. Zero, bu yerda yoshlar sohasining yetuk mutaxassislari seminar-treninglarida ishtirok etib, oʻz loyihalarini yaratib qaytadi. Eng yaxshi, deb topilgan loyihalar institut tomonidan moliyalashtiriladi. Jumladan, oʻtgan mavsumda Izzatillo Pahlavonbekov tomonidan ilgari surilgan “BookQuiz” loyihasi maʼqul topilib, moliyalashtirildi.

    Ilmiy salohiyat — birlamchi muvaffaqiyat

    Institut bugun nafaqat taʼlim maskani, balki ilmiy tadqiqotlar gurkirab rivojlanayotgan fan markaziga ham aylandi. Oʻtgan yili tayanch doktorantura va doktorantura uchun oʻrinlar ajratilgan boʻlib, hozir 51 doktorant, stajyor-tadqiqotchi va mustaqil izlanuvchilar tadqiqot ishi bilan shugʻullanyapti. Bu oliygohimiz ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilyapti. Ilmiy salohiyatimiz bugunga kelib 40,7 foizga yetdi. Yil oxirigacha bu koʻrsatkichni 45 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.

    2022-2024-yillar mobaynida 36 ta, xususan, xalqaro reyting agentliklarining TOP-1000 talik roʻyxatiga kiritilgan universitetda bitta dissertatsiya himoyasi oʻtkazildi, xorijdan ilmiy darajaga ega 8 pedagog taklif qilindi. Institut professor-oʻqituvchilaridan 3 nafari Janubiy Koreya, 1 nafari AQSH, 3 nafari Rossiyaning nufuzli xorijiy oliy va ilmiy taʼlim muassasalari faxriy professori va akademiya muxbir aʼzoligiga saylangani olimlarimiz xalqaro miqyosda ham tan olinayotganidan dalolat.

    2 ta ilmiy laboratoriya, 5 ta tadqiqot markazi, 14 ta ilmiy toʻgarak, 1 ta tahririyat tashkil etilib, bugungi kunda ularga 745 iqtidorli talaba, 50 tadqiqotchi va 150 professor-oʻqituvchi jalb etildi. Yetakchi ustozlar, olimlarimiz tomonidan 21 ta darslik, 79 ta oʻquv qoʻllanma, 10 ta uslubiy qoʻllanma va 11 lugʻat chop etildi.

    Iqtidorli talaba-yoshlarni saralash, ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatga yoʻnaltirish hamda ilmiy-ijodiy gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida respublika OTMlari orasida birinchi boʻlib “Respublika Yoshlar akademiyasi forumi”ning kuzgi hamda bahorgi bosqichlarini tashkil etdik. Bu orqali 600 dan ortiq iqtidor egasi, jumladan 120 dan ortiq xorijiy talabani birlashtirishga hamda 100 dan ortiq “Startap” va akselerator gʻoya ishlab chiqishga erishildi. Kelgusida forumni anʼanaviy dasturga aylantirib, ishtirokchilari sonini 1000 nafarga yetkazamiz.

    Bu kabi tadbirlar qisqa vaqt ichida meva bera boshladi. Ilmiy faoliyati samaradorligi natijasida bugungi kungacha 18 talaba nufuzli tanlovlarda gʻoliblikka erishdi. Ular Prezident stipendiyasi, Islom Karimov va Navoiy nomidagi davlat stipendiyalari sovrindorlari, 1 nafari “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanlovining respublika bosqichi gʻolibi, 10 nafari vazirlik huzuridagi “Yoshlar akademiyasi” bosh assambleyasi aʼzoligiga qabul qilindi. Bitiruvchilarimizning 62 foizi yuqori darajadagi milliy va xalqaro til bilish sertifikatlarini qoʻlga kiritgani ham mehnatlarimiz besamar emasligini koʻrsatyapti.

    Umuman olganda, bir oiladek ahil jamoamiz bilan institutni rivojlantirish boʻyicha besh yillik dastur va istiqbolli rejalarimizni amalga oshirishga astoydil harakat qilyapmiz. Institutimizni ikki yilda meva bera boshlagan daraxtga qiyoslaganlarini eshitib, koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi. Shunday ekan, yagona maqsadimiz — raqobatbardosh, yetuk kadrlar tayyorlab, bildirilgan ishonchni oqlash.

    Dilshod RUSTAMOV,

    filologiya fanlari doktori, professor