Bu yerda “Shoabdumalik ota”, “Shayx Umar Vali Bogʻistoniy”, “Zangi ota”, “Iyk ota” ziyoratgohlari, “Gumbaz bobo” maqbarasi, “Qaynargumbaz” sardobasi, “Shohruxiya” shahristoni kabi tarixiy qadamjolar borki, ular viloyatning buyuk oʻtmishi, koʻhna va boy madaniyatidan soʻzlaydi. Bu esa hududda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun keng imkoniyat yaratadi.
Zamonaviy infratuzilma — yangicha yondashuv
Poytaxt viloyati insoniyat ilmiy-madaniy tamadduniga hissa qoʻshgan Oʻzbekistonning yirik madaniy mintaqalaridan biri. Qadimdan u Choch davlati sifatida dunyoga maʼlumu mashhur boʻlgan, ilm-fan va madaniyat, davlatchilik rivojlangan.
Viloyatdagi ayrim qoyatosh suratlar Markaziy Osiyodagi petrogliflar orasida syujeti va kompozitsiyasi jihatidan betakror hisoblanadi. Xoʻjakent, Qoraqiyasoy, Boshqizilsoy, Chotqol, Ohangaron va boshqa joylardan topilgan petrogoliflar oʻziga xosligi bilan tadqiqotchilardan tashqari tashrif buyuruvchilarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda.
Toshkent viloyati hududida 828 ta moddiy madaniy meros obyekti boʻlib, shundan 588 tasi arxeologiya, 7 tasi arxitektura, 74 tasi monumental yodgorlik, 159 tasi diqqatga sazovor joylardir. Shuningdek, 223 tasi mahalliy va 605 tasi respublika ahamiyatidagi obyekt sirasiga kiradi.
Aytish joizki, 2016 — 2021-yillar davomida 18 ta madaniy meros obyektida taʼmirlash tiklash ishlari olib borildi. Ushbu maqsadlar uchun jami 18 milliard 582 million soʻm mablagʻ ajratildi.
Yuqori Chirchiq tumanidagi “Iyk ota” ziyoratgohi yaqin vaqtlargacha juda xarob holatda edi. Ziyoratgoh 2020-yilda tuman hokimligi tashabbusi bilan toʻliq taʼmirlanib, obod maskanga aylantirildi. Jumladan, majmuada namozxona, kutubxona qurildi, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Maqbara oʻtmish va bugungi kun bunyodkorligini oʻzida uygʻunlashtirgani bilan eʼtiborni tortadi. Hovlilar keng va shinam. Namozxonasi esa yorugʻ va charogʻon. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu maskan ziyoratga keluvchilar va xorijiy mehmonlar uchun zamonaviy sayyohlik maskaniga aylangan.
Prezidentimizning 2021-yil 2-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizning barcha hududida boʻlgani kabi Toshkent viloyatidagi tarixiy obidalarning yanada obod boʻlishi hamda mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulay shart-sharoitlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Taʼkidlash joizki, 2021-yilda Oqqoʻrgʻon tumanida joylashgan “Shomirqori avliyo” ziyoratgohi, Bekobod tumanidagi “Buzruk buva” maqbarasi va “Temirtaki ota” majmuasida keng koʻlamli qurilish ishlari olib borildi. Maqbaralar va ayvonlar barpo etildi. Ziyoratgohlar hududi obodonlashtirildi.
Boʻstonliq tumanidagi “Shayx Umar Vali Bogʻistoniy” va Parkent tumanidagi “Zarkent ota” ziyoratgohlarida ayni paytda taʼmirlash va tiklash ishlari, maqbaralar qurilishi davom etmoqda.
Shu bilan birga, 20 ta moddiy-madaniy meros obyektiga olib boruvchi yoʻl koʻrsatkich belgilari va 1 ta elektron hisobga oladigan turniket, “Shoabdumalik ota”, “Zangiota” ziyoratgohlarida WI-FI nuqtalari hamda 20 dan ortiq obyektda muhofaza belgilari oʻrnatildi.
Shuningdek, 200 ta moddiymadaniy meros obyektini qayta tarixiy madaniy ekspertizadan oʻtkazish, raqamlashtirilgan pasporti va katalogini ishlab chiqish, ularning 200 tasining qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash va raqamlashtirish ishlari bajarildi.
Viloyatda nafaqat mavjud tarixiy obidalarni tiklash va taʼmirlash ishlariga, balki yangi arxeologik yodgorliklarni izlab topishga ham alohida eʼtibor qaratilayotir. Oʻtgan yili olib borilgan tadqiqotlar, izlanishlar natijasida Parkent tumanida “Patir tepa” hamda Ohangaron tumanida “Marjontepa” madaniy meros obyektlari aniqlandi.
Muzeylar tarixdan soʻzlaydi
Muzeylar — tarixdan guvohlik beruvchi, ajdodlarimizning maʼnaviy merosini namoyon etuvchi maskan. Ular yoshlarning bilim va dunyoqarashini boyitib, qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat tuygʻusini koʻchaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, muzeylar muayyan hudud tarixi boʻyicha odamlarda yaxlit tasavvur uygʻotadi.
Shu nuqtayi nazardan Toshkent viloyatida joylashgan bunday maskanlarni zamon talablari asosida taʼmirlash va faoliyatini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Viloyatda Olmaliq shahar oʻlkashunoslik muzeyi, Chirchiq shahar tarixi muzeyi, Oqqoʻrgʻon tumani tarix-oʻlkashunoslik muzey-memoriali, Angren shahar tarixi muzeyi, Yangiyoʻl shahar Usmon Yusupov memorial uy-muzeyi faoliyat yuritadi. Ulardagi jami eksponatlar soni 85156 dona boʻlib, ekspozitsiyaga qoʻyilganlari 1743 donani tashkil etadi. Muzeylarni zamon talablariga moslashtirish, shu orqali tashrif buyuruvchilar sonini oshirish maqsadida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, 2018-2019-yillar davomida 1 milliard 200 million soʻmlik davlat byudjeti mablagʻi hisobidan Chirchiq shahar tarixi muzeyi mukammal taʼmirlandi.
Hozirgi kunda Oqqoʻrgʻon tumani tarix-oʻlkashunoslik muzey-memorialida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Toshkent tumani tarixi muzeyi yangidan tashkil etilib, uning binosi toʻliq taʼmirlandi.
Angren shahar tarixi muzeyi uchun 2021 — 2023-yillar davomida 9 milliard 270 million soʻmlik investitsiya dasturi doirasida yangi bino qurilishi belgilangan. Usmon Yusupov memorial uy-muzeyida ham mukammal taʼmirlash ishlari olib borilishi, buning uchun davlat byudjetidan 800 million soʻmlik mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.
Ilk ziyorat turizmi klasteri
Toshkent viloyatidagi “Shohruxiya”, “Qanqa”, “Sardoba”, “Ohangaron”, “Qorixona” kabi arxeologiya madaniy meros obyektlari hamda “Zangiota” majmuasi YUNESKO Umumjahon merosi markazining Sirdaryo-Fargʻona koridori nomzodnomasiga kiritilish ishlarini yakunlash rejalashtirilgan.
Kelgusi yillarda madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, yemirilish va yongʻinning oldini oluvchi moslamalar, xususan, 7 obyektda turniketlar, 47 ta obyektda tabiiy taʼsirlarning oldini oluvchi 157 ta marker, datchik, 47 ta obyektda esa 418 ta xavfsizlik moslamalari oʻrnatiladi.
2022-yilda byudjet va homiylik mablagʻlari asosida 16 ta madaniy meros obyektini asrab-avaylashga doir ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, muzey va uning filiallarida mavzuga oid ekspozitsiyalar yaratiladi, ularga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish maqsadida koʻchma koʻrgazmalar soni oshiriladi.
Toshkent viloyati madaniy meros boshqarmasi mamlakatimizdagi ilk ziyorat turizmi klasterini tashkil etish gʻoyasini ilgari surgan edi. Ushbu turizm klasteri 2022 — 2023-yillarda Ohangaron tumanida joylashgan “Shoabdumalik ota” mahalla fuqarolar yigʻini hududida tashkil etiladi. Mazkur mahallada “Shoabdumalik ota” ziyoratgohi joylashgan. Klasterni tashkil etish uchun Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda homiylar hisobidan 6,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
— Mazkur ziyorat turizmi klasterini 2023-yilgacha qurib, ishga tushirish koʻzda tutilgan, — deydi Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Mansur Isroilov. — Loyiha doirasida “ochiq osmon ostidagi” muzey, yopiq muzey, viloyatdagi madaniy meros obyektlari toʻgʻrisida sayyohlarga uch tilda maʼlumot beradigan hamda surdo tarjimaga ega axborot maslahat markazi, hunarmandlar shoxobchasi, rassomlar hamda hunarmandlar galereyasi, suratxona, kitob rastalari kabi qator turistik xizmat koʻrsatish obyektlari bunyod etiladi. Ziyorat turizmi klasteri tashkil etilishi bilan viloyatda mavjud barcha arxeologik yodgorliklar boʻyicha yaxlit maʼlumotlar bazasi shakllanadi. Bu yerga kelgan mahalliy va xorijiy sayyohlarga Toshkent viloyatida joylashgan tarixiy obidalar haqida maʼlumot berilishi, ularning umumiy tasavvur hosil qilishiga xizmat qiladi.
Oʻrni kelganda aytish joizki, oʻtgan yili viloyatdagi madaniy meros obyektlariga 116 ming 650 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Ziyorat turizmi klasterining qurilishi bilan hududning turistik jozibadorligi yanada ortadi.
— Toshkentga borsam, shaharga yaqin hududda joylashgan “Zangiota” maqbarasini, albatta ziyorat qilaman, deb niyat qilgandim, — deydi turkiyalik turist, jurnalist-bloger Serdar Tunjer. — Shukrki, orzum ushaldi. Bu ziyoratgoh nafaqat Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo, balki butun islom olami uchun ham alohida ahamiyatga ega tabarruk maskan hisoblanadi. Zangiota haqida tarixiy kitoblarda oʻqiganmiz. Buyuk bobokaloningiz juda koʻplab allomalarga diniy-maʼnaviy ustozlik qilgan. Vafotidan soʻng u zotning mozori nafaqat mahalliy, balki olis mintaqalardan keladigan kishilar uchun ham ziyoratgohga aylangan. Bugungi kunda majmua tom maʼnoda goʻzal va obod maskanga aylanganiga guvoh boʻldik. Bu yerdagi inshootlar oʻzaro uygʻunlashib, yaxlit manzara kasb etgan. Majmuada mahalliy va xorijiy sayyohlarga barcha sharoitlar yaratilgan. Orastalik, yashillik, anvoyi gullar ifori odamga oʻzgacha kayfiyat bagʻishlaydi. Bularning barchasi mamlakatingizda buyuk ajdodlar xotirasiga koʻrsatilayotgan ehtirom, qadimiy qadamjolarni obod etish, ziyorat turizmi rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor namunasidir.
Muxtasar aytganda, bugungi kunda viloyatda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, taʼmirlash, ular joylashgan hududda zamonaviy infratuzilma yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa tarixiy obidalarni asrab-avaylash, kelajak avlodga asl holida yetkazish hamda Toshkent viloyatining turistik salohiyatini oshirish imkonini bermoqda.
Shahzod Gʻafforov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri