Korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi tizim va yangi mexanizm yaratiladi

    Korrupsiya – jamiyat kushandasi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qoʻyishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda, “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amaliyotga tatbiq etilmoqda.

    Jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

    Bugun fuqarolarimiz tomonidan agentlik faoliyatiga doir turli fikrlar bildirilmoqda, savollar tugʻilmoqda. Keng jamoatchilik oʻrtasida yuzaga kelayotgan turfa qarashlarga oydinlik kiritish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal BURXONOV bilan suhbatlashdik.

    – Yaqinda agentlik boshqaruv apparatiga 10 nafar xodim tanlov asosida ishga qabul qilinganidan xabarimiz bor. Ular orasida xotin-qizlar yoʻqligi muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Tanlovning qanday oʻtkazilgani, umuman, tashkilotga xodimlarni saralash bilan bogʻliq jarayon haqida gapirib bersangiz?

    – Prezidentimizning agentlikni tashkil etish toʻgʻrisidagi farmonida tashkilot boshqaruv xodimlarini xalqaro mezonlar asosida tanlov yoʻli bilan ishga qabul qilish belgilangan. Bu jarayonda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar tajribalarini oʻrgandik, ular bilan muzokaralar oʻtkazdik, tavsiyalarini inobatga oldik. Dastlab tanlov komissiyasini tashkil qildik. Komissiya aʼzoligiga ­Prezident Administratsiyasi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning qatʼiy tavsiyasiga koʻra jamoat tashkilotlari vakillarini, psixologlarni jalb qildik.

    Komissiya aʼzolari yordamida tanlovning xalqaro standartlarga asoslangan nizomini ishlab chiqdik. Tanlovning birinchi bosqichida 13 186 talabgordan onlayn shaklda arizalar kelib tushdi. Ular orasidan 146 nomzod saralab olindi va test sinovlari bosqichiga oʻtdi. Test savollari orqali qonunchilikni bilish, xalqaro hayotdan, korrupsiya bilan bogʻliq tendensiyalardan xabardorlik darajasi, tarix, falsafa kabi fanlarni oʻzlashtirgani va psixologik qobiliyati sinaldi. Test jarayoni toʻgʻridan-toʻgʻri “Feysbuk” ijtimoiy tarmogʻi orqali translyatsiya qilindi, OAV va jamoat tashkilotlari vakillarini ham kuzatuvchi sifatida taklif qildik.

    Test natijalariga koʻra, 23 nomzod toʻrtinchi bosqichga yoʻl oldi. Bu bosqichda talabgorning kasbiga layoqatliligi, tayyorligini koʻrsatuvchi psixofiziologik test boʻldi. Jarayondan barcha oʻtdi. Beshinchi bosqichda tanlov komissiyasi aʼzolari talabgorlar bilan birma-bir suhbatlashdi. Suhbatda ularning malakasi, oʻzlari tanlagan lavozimga mos yoki aksincha ekani, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha salohiyati baholandi. Pirovardida 10 nafar nomzod agentlikka ishga qabul qilish uchun tavsiya etildi.

    Nima uchun tarkibda xotin-qizlar yoʻq, degan savolingizga javoban aytishim mumkinki, avvalo, bu men uchun ham kutilmagan natija boʻldi. Agentligimiz boshqaruv apparati xodimlari soni 50 kishidan iborat. Biz tanlovni 30 lavozim uchun eʼlon qilgandik. Talabgorlarning 10 foizga yaqini xotin-qizlar edi. 1200 dan ziyod xotin-qizdan uchinchi bosqichga 15 nafari, toʻrtinchi bosqichga esa 2 ayol oʻtdi. Ular ham suhbat chogʻida maʼqul koʻrilmadi. Albatta, bu bizning xohishimiz emas edi. Hammaga bir xil imkoniyat berildi...

    Shu oʻrinda tanlovdan oʻtib, yaqinda ish bosh­lagan mutaxassislarimiz tarjimayi holiga eʼtibor qaratsak, ular turli sohada faoliyat yuritganiga guvoh boʻlamiz. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, moliya-iqtisod sohasida, jamoat tashkilotlarida ishlaganlar, tadbirkorlik bilan shugʻullanganlar ham bor. Bir soʻz bilan aytganda, oʻz sohasini mukammal bilgan, yetarli bilim va tajribaga ega, korrupsiya­ga qarshi kurashish mexanizmini tushunadigan ­kadrlar tanlab olindi.

    Endi 20 ta boʻsh ish oʻrnimizni tezroq toʻldirishimiz kerak. Buning uchun, avvalo, uchinchi bosqichga oʻtgan, nisbatan yaxshi natija koʻrsatgan talabgorlarning ayrimlarini suhbatga taklif qilyapmiz. Ular orasida ayollar ham bor, albatta. Shu bois, agentlikka ayollar ishga olinmadi, degan xulosaga kelishga hali erta. Qolaversa, vazirlik va idoralardan ham tanlovimiz talablariga javob beradigan ayollar nomzodini tavsiya qilishni soʻrayapmiz.

    Lekin talab va qoidalar oʻzgarmay qoladi, aslo yumshatilmaydi. Bunga haqqimiz yoʻq. ­Komissiya aʼzolari talabgorlar qobiliyatini qatʼiy iroda bilan koʻrib chiqadi. Agar biz talablarimizni xotin-qizlar uchun istisno qiladigan boʻlsak, boshidan yoʻnalishimizni notoʻgʻri tanlagan boʻlamiz.

    Bugun barcha boshqarmalarimizda vakillar ishlayapti. Bundan tashqari, bizda texnik va yordamchi personallar bor. Hozirgacha 20 ga yaqin xodimni ishga qabul qildik. Yaʼni biz toʻlaqonli ish ­boshladik.

    – Bu juda yaxshi, albatta. Yana bir mulohazali savol tugʻiladi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻz zimmasidagi vazifa va yoʻnalish­larni bajarishi uchun qay darajada huquqiy asosga ega. Taʼsir mexanizmi bormi? Yoki shunchaki monitoring yurituvchi, mamlakatda korrupsiya holatlarini tahlil qiluvchi, shu asosda tegishli tashkilotlarga maʼlumot yetkazuvchi tashkilot boʻlib qoladimi? Umuman, yangi tuzilma korrupsiyaga qarshi qanday kurashadi, demoqchimiz.

    – Toʻgʻri aytdingiz. Agentlik tashkil etilganiga yaqinda 3 oy boʻldi va xalqimiz bizdan koʻp narsa kutyapti. Shaxsan oʻzimga ham murojaatlar boʻlyapti, ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirishimizni, qaysidir jinoiy xatti-harakatlarga baho berib, ularga tegish­li choralar koʻrishimizni soʻrashyapti. Hatto agentlikdan hali natija koʻrmadik, degan ­fikrlar ham yoʻq emas.

    Men bugun “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi orqali aytmoqchimanki, normal demokratik-huquqiy mamlakatda bitta siyosiy davlat tuzilmasining tashkil etilishiga bir necha oy, baʼzan yillar kerak boʻladi. Bizda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil qilish gʻoyasi shu yil boshida Prezidentimiz Murojaatnomasida aytilgan edi. Koʻp tayyorgarlik koʻrildi. Buning uchun farmon tayyorlash, tashkilot faoliyat mexanizmini ishlab chiqish, bunda boshqa bir huquqni muhofaza qiluvchi organ faoliyatini takrorlab qolmaslik yoki oʻxshash vakolatlar boʻlmasligi kabi tamoyil va mezonlar hisobga olindi. Nihoyat, oradan 6 oy oʻtib Prezident farmoni eʼlon qilindi. Agentlikning tashkil etilishi katta ishning debochasi, xolos. Endi agentlik toʻlaqonli choralar koʻrishi, u yoki bu vazifalarni bajarishi, turli masalalarga munosabat bildirishi, reaksiya qilishi uchun mustahkam huquqiy asos kerak. Bu farmonda ham koʻrsatib oʻtilgan.

    Shuning uchun ham biz hozir agentlik faoliyatini bevosita tartibga soluvchi qonun loyihasi ustida ishlayapmiz. Bu qonunda fuqarolarimiz tomonidan koʻtarilayotgan, turli gap-soʻzlarga mavzu boʻlayotgan muhokamalarga chek qoʻyamiz. Muhimi, har bir murojaat, har bir korrupsion holat chetda qolmasligi, davlat idoralari, birinchi oʻrinda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oxirigacha yetkazilishi, jinoyat uchun jazo muqarrarligini taʼminlovchi mexanizmga asos boʻladigan qonun maromiga yetkazilyapti. Jumladan, qonun loyihasiga koʻra, bizda davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining qarorlarini, agar agentlikda shu qarorga doir korrupsion holatlar boʻyicha shubha boʻladigan boʻlsa, toʻxtatib turish, vazirlik va idoralarga taqdimnoma kiritish vakolati boʻladi. Korrupsion jinoyatlarni fosh etish jarayonlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birga agentligimiz vakillari ishtirok etishini ham taʼminlaymiz.

    Hozirda bu qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.

    Taʼkidlash joizki, bu qonun faqatgina agentlik faoliyatini tartibga soladi. Agentlik faoliyatining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi, umuman, Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashda yangi tizim, yangi mexanizm yaratish uchun esa yana bir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ham tamomila qayta koʻrib chiqish kerak. Shu kunlarda amaldagi qonun hujjatlariga tegishli qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha ham ishlar boshlab yuborilgan.

    Agentlik faoliyati doirasida mamlakat hayotining turli jabhalarida yangi yoʻnalish­lar ochilyapti. Demoqchimizki, oldimizda davlat xaridlarini, davlat xizmatchilari faoliyatini nazorat qilish vazifasi turibdi. Davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiyalashni biz yaqin yillargacha rivojlangan davlatlarda kuzatardik. Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, bu amaliyotni Oʻzbekistonda ham tez orada yoʻlga qoʻyamiz. Har bir vazirlik, idora faoliyat mezonlari asosida odob-axloq kodeksini ishlab chiqish masalasini koʻtaramiz. Bular boʻyicha alohida qonunlar ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, korrupsion jinoyatlar boʻyicha tergov, surishtiruv harakatlarini olib borish, umuman, jinoyat-protsessual qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish zarurati tugʻilmoqda. Chunki yangi tuzilma tashkil etildi. Uning samarali ish yuritishi, Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashda yangi tizim yaratish uchun bizda mustahkam huquqiy poydevor boʻlmogʻi kerak.

    Hozirdan aytish mumkinki, yangi qonun qabul qilinishi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tegishli majburlov choralarini koʻrishga, tegishli protsessual vakolatlarga ega, eng asosiysi, korrupsion jinoyatlarga jazo muqarrarligini taʼminlovchi idoraga ­aylanadi.

    – Bugun Oʻzbekistondagi korrupsiya bilan bogʻliq vaziyat qanday?

    – Yaqin-yaqingacha men ham Oʻzbekistonda korrupsiya holatlari juda koʻpligini bilardim. Lekin yangi lavozimga oʻtganimdan keyin mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hali oldimizda katta ishlar borligini tushunib yetdim. Muammolar juda koʻpligi, korrupsiya ildiz otib ketgani, bunga oddiy fuqarolar ham, davlat idoralari rahbarlari yoki davlat xizmatchilari ham, kerak boʻlsa, qonunchilikda ham, maishiy hayotda ham, davlat xizmatchilari bilan fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarda ham yaqqol amin boʻlishimiz shu fikrga kelishimga asos boʻldi. Ayniqsa, qonunchiligimizda yashirin korrupsiogen omillar mavjudligi barcha sohalarda bu illat ildiz otishiga zamin yaratyapti. Yaʼni, aytmoqchimanki, masala juda jiddiy. Bugun bironta sohada korrupsiya yoʻq, deb aytolmaymiz. Oʻzbekistonda keyingi yillarda juda katta islohotlar amalga oshirilyapti. Baʼzi vazirlik va idoralar “bizda korrupsiya yoʻq, unga barham berdik” deb maqtanishyapti ham, koʻkrak kerishyapti. Yoʻq, aslida bunday emas. Afsuski, oddiy fuqarodan soʻrasangiz, “hali korrupsiya hamma joyda bor”, dey­di. Biz vaziyatga kompleks yondashish kerakligini tushunib yetyapmiz.

    – Korrupsiyaga qarshi kurashishda dunyo mamlakatlari tajribasi bilan tanishgan, bevosita tahlil qilib borayotgan mutaxassis sifatida ayting-chi, siz qaysi mamlakatlarning bu boradagi strategiyasi, saʼy-harakatlarini maʼqullaysiz, muvaffaqiyatli deb sanaysiz?

    – Hattoki eng rivojlangan, biz uchun korrupsiya begona, deya bong urayotgan davlatlarda ham u yoki bu yoʻnalishda boʻshliqlar bor. Korrupsiya­ga toʻliq barham berilmagan. Biz, albatta, eng ilgʻor tajribalarni oʻrganishga harakat qilyapmiz. Yevropa, Osiyoning rivojlangan davlatlari – Singapur, Yaponiya va Janubiy Koreya ham bu borada ildamlayapti. MDHning ayrim davlatlari tajribasini ham oʻrganyapmiz.

    Bulardan xulosa qilish mumkinki, korrupsiyaning oldini olishga kompleks yondashmasak, hech qachon biz bu illatni yenga olmaymiz. Faqatgina bitta sohani tanlab, bir yoʻnalishda, masalan, qonunchilik yoʻnalishi boʻyicha kurashadigan boʻlsak, korrupsiya zanjirini uzib boʻlmaydi.

    Shu oʻrinda oʻrganishlarim xulosasi asosida alohida taʼkidlamoqchiman, barcha mamlakatlarda korrupsiyaning oʻchogʻi davlat xizmatchisi ekan. Korrupsiyaga yoʻl ochib beradigan ham, unga yoʻl qoʻyadigan ham, birinchi navbatda, davlat xizmatchisi boʻlib chiqyapti. Shuning uchun ham biz, avvalo, davlat xizmatchilarining odob-axloqiga alohida urgʻu berishni maqsad qilganmiz. Buning uchun nima qilamiz?

    Biz korrupsiyaga qarshi kurashishni faqatgina DXX, prokuratura yoki ichki ishlar idoralarining vazifasi, deb bilar edik. Prezidentimiz taklifiga koʻra, endi barcha idoralarda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat tuzilmasini tashkil etish vazifasi qoʻyilmoqda. Chunki barcha idoralarda, aksariyat davlat xizmatchilarida korrupsion moyillik bor.

    Bu jarayonni boshlab yuborganmiz. Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Hisob palatasi va bosh­qa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining 26 tasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini (“komplayens nazorat”) joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqdik.

    Oʻrni kelganda, korrupsiyaga zamin yaratayotgan yana baʼzi omillarni ham aytish kerak. Bu yerda faqat davlat xizmatchilarini ayblash ham adolatdan emas. Demak, omillardan asosiysi – oylik maoshning kamligi, fuqarolarimiz uchun ijtimoiy himoya, ijtimoiy imkoniyatlar yetarli emasligi. Oddiygina aholiga tibbiyot, taʼlim tizimidagi imkoniyatlarini taʼminlab bera olmas ekanmiz, hech qachon korrupsiyani yenga olmaymiz. Buni xorij taj­ribasi ham koʻrsatib turibdi.

    Bu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro tashkilotlar koʻmagida Janubiy Koreya, Sloveniya va Singapurdan ekspert-maslahatchilarni jalb qilganmiz. Bugungi kunda ular qonun hujjatlarini ishlab chiqishda, agentlik faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻ­yishda bizga yordam beryapti.

    – Agentlik tashkil etilganidan bugungi kungacha qanday ishlar amalga oshirildi?

    – Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining 26 tasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini yoʻlga qoʻyganimizni aytdik. Hozir bir qator qonun loyihalari ustida ishlayapmiz. Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlari toʻqnashuvini dek­laratsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi, normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisidagi qonun loyihalari shular jumlasidan.

    Prezidentimiz bizga xalqaro tashkilotlar grant va kredit mablagʻlarining maqsadli sarflanishini nazorat qilish vazifasini ham yuklagan. Bu boʻyicha ish boshlandi. Ishchi guruh tuzildi.

    Taʼkidlash kerakki, eng koʻp korrupsion jinoyatlar xalqaro grant va kredit mablagʻlari sarflanishida kuzatiladi. Oʻgʻrilik ham shu yerda, talon-tarojlik ham shu mablagʻ atrofida kechadi. Bu borada juda koʻp imkoniyatlar, koʻp jihatlarning nazoratsiz qolganini koʻrdik.

    Koʻpchilik biladi, 100 millionlab dollar mablagʻ aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlashga, yoʻllarni taʼmirlashga ajratilgan. Lekin siz bironta viloyat yoki tuman misolida aholi toʻliq toza ichimlik suv bilan taʼminlangan, barcha yoʻllar taʼmirlangan, qurilgan, deb ayta olasizmi? Yoʻq. Demak, bu yerda mablagʻlar talon-taroj qilingan, korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgan. Agar ajratilgan mab­lagʻ 100 foiz oʻzlashtirilganida, hech boʻlmasa olisdagi bitta tuman aholisining barchasi toza ichimlik suvi ichayotgan, tabiiyki, xalqimiz sogʻlom, avlodlarimiz baquvvat boʻlar edi. Biz endi buni qatʼiy nazoratga olamiz va aniq mexanizm yaratamiz.

    Jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha yangi mexanizmni joriy qilyapmiz. Shu maqsadda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuning­dek, ushbu sohadagi davlat va boshqa das­turlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi “E-Anticor.uz” elektron platformasini ishga tushirmoqchimiz. Bu platforma orqali davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyati monitoring qilib boriladi. Shuningdek, fuqarolarimiz korrupsion holatlar boʻyicha bizga tezkor murojaat qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu platforma yaqin kunlarda ishga tushadi.

    “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida sogʻliqni saqlash va davlat xaridlari tizimida dasturlar ishlab chiqishni boshladik. Yirik investitsion dasturlar, loyihalar nazoratini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham aniq rejalarimiz bor.

    Eng asosiysi, hamma yoʻnalishda shaffof­likni taʼminlamoqchimiz. Bun­da oʻzimiz oʻrnak boʻlmoqchimiz. Biz hali moddiy-texnik bazamizni mustahkamlab olishimiz kerak, buning uchun kompyuter texnikalari, boshqa jihozlar sotib olamiz. Barcha xaridlarimizni internet tarmogʻida ochiq amalga oshiramiz. Qanday tender oʻtkazdik, qaysi tashkilotdan qancha pulga nima oldik – hammasi shaffof boʻladi. Barcha vazirlik, idoralar davlat byudjetidan sarflayotgan pulini jamoatchilik bilib turadigan tizim ­yaratamiz.

    Oldimizda turgan eng muhim vazifalardan yana biri – keyingi yildan boshlab korrupsiya­ning darajasini baholovchi milliy indeksni ishlab chiqish. Xabaringiz boʻlsa, bu boradagi xalqaro indeksda hozircha 180 davlat ichida Oʻzbekiston 153-oʻrinda turibdi. Endi biz oʻzimizning milliy indeksimizni ishlab chiqamiz. Shu tariqa mamlakatdagi qaysi vazirlik, qaysi idorada, qaysi sohada korrupsion holatlar koʻpligi, qaysi davlat xizmatchilari korrupsiya­ga koʻproq moyilligi toʻgʻrisida jamoatchilikni tanishtirib boramiz. Bu jarayonda davlat idoralari rahbarlarining reytingi ham shakllanadi.

    – Bu mexanizm qanday amalga oshiriladi, qaysi mezonlar asosida?

    – Biz aniq indikator ishlab chiqamiz. Masalan, tashkilot faoliyatining jamoatchilikka ochiqlik indikatori. Hozir aksariyat tashkilotlar bitta brifing oʻtkazib, faoliyatimiz ochiq, deydi. Bu ochiqlik emas. Ochiq boʻlishi uchun tashkilot faoliyati ham ochiq boʻlishi kerak. Ikkinchi indikator davlat xizmatchilari manfaatlari toʻqnashuvi bilan bogʻliq. Biz bilamiz, bitta viloyat hokimining jiyanlari, qarindosh­lari qaysidir tuman miqyosidagi biror tashkilot rahbari boʻlib ishlaydi. Hattoki viloyat miqyosidagi tashkilot rahbarlari ham bor. Bu ham reytingga taʼsir qiladi. Yoki respublika darajasidagi davlat idorasi rahbari qaysidir qarindoshining firmasidan davlat xarid­larini amalga oshiradi. Bu ham bitta reyting natijasi sifatida qayd etiladi. Bundan tashqari, davlat xizmatchilarining xatti-harakatlari ham bitta indikator boʻladi. Deylik, yoʻl harakati qoidasini buzganligi ham indikatorda oʻz aksini topadi. Xuddi shunaqa juda koʻp indikatorlar boʻladi. Hozir BMT va Jahon banki aniq indikatorlarni ishlab chiqishda bizga yordam beryapti.

    Reyting natijalari xalqaro tashkilotlar uchun ham ochiq boʻladi. Xalqaro tashkilotlar ham oʻz hisobotini eʼlon qilishda bu maʼlumotdan foydalanishi mumkin. Baʼzan xalqaro tashkilotlarning bu reytingi notoʻgʻri, deymiz. Chunki ular rasmiy maʼlumotni ololmaganidan keyin norasmiy manbalardan soʻraydi. Ular bergan maʼlumot qay darajada haqqoniy ekanini kim biladi deysiz.

    Taʼkidlash joiz, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlar haqida gapirar ekan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarilganini ham alohida taʼkidladi. Bu yoʻlda biz sobitqadamlik bilan zimmamizdagi vazifalarni bajarishdan sira toʻxtamaymiz, albatta.

    Ulugʻbek ASROROV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri