Aytishlaricha, koʻhna qishloq dehqonchilik madaniyatiga bu noyob va foydali ekin turi kirib kelganiga yetmish yildan oshdi. Emishki, vodillik yigit Ikkinchi jahon urushi tugaganidan soʻng, uyiga qaytayotib oʻzi bilan uning koʻchatini olib kelgan. Boshqa fikrlarga koʻra, malina koʻchati oʻz taqdirini oʻzbek oʻgʻloni bilan bogʻlagan rossiyalik kelin hayot tarziga bogʻlab aytiladi.
Oʻsimlik salqin havo va nam tuproqda yaxshi rivojlanadi. Shu bois, soʻlim Vodilning musaffo ob-havosi ushbu ekin turi rivojlanib, ommalashishida oʻziga xos oʻringa ega.
Malina nafaqat mazali taʼmi, moʻmay daromda manbai, balki shifobaxsh xususiyatlari bilan ham ajralib turadi. Uning mevasi immunitetni mustahkamlashda yordam beradi, keksayishni sekinlashtiradi, yogʻlarni eritadi, ovqat hazm qilishni meʼyorlashtiradi, shamollash, saraton yuzaga kelishining oldini oladi, qondagi qand miqdorini nazorat qiladi.
Bugungi kunda tumandagi 15 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi 4,2 ming xonadonda 184 gektar tomorqalar malinachilikka ixtisoslashtirilgan. Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash hamda agrar sohada aholi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali ular daromadlarini oshirish, “Bir hudud — bir mahsulot” tamoyili asosida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholiga uzoq boʻlmagan hududlarda 520 nafar ishsiz fuqaroga ochiq auksion savdolari asosida ajratilgan 250 gektar yer maydonlarida ham malinachilik plantatsiyalari tashkil etildi.
“Hosilot” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qilayotgan Holisxon Hamroyeva bu ishning etagidan tutganiga chorak asrdan oshdi. Tomorqasidagi 4 sotix malinazordan har yili ikki marta hosil terib oladi.
— Birinchi hosilning oʻzidan 20 million soʻmdan ortiq daromad olishni koʻzlab turibmiz, — deydi yigʻim-terim bilan andarmon boʻlayotgan tomorqachi. — Kilosini 35 ming soʻmgacha sotyapmiz. Kuzgi hosil ham moʻl va sifatli boʻlishi uchun hozirdan taraddud koʻramiz. Ekin tagini yumshatish, mahalliy oʻgʻit bilan oziqlantirish, suvga qondirish mavsumning muhim amallaridan. Oilamizdagi tinchlik-totuvlik, fayzu baraka ana shu mehnat va izlanishlarimiz samarasi.
“Dilkushod” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 425 dan ortiq aholi tomorqasidagi 4 gektar yerda malina yetishtiriladi. Keyingi yillarda bu ish amallarini ommalashtirish, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulot turlarini yetkazib berishga boʻlgan eʼtibor oshdi. Shu maqsadda tomorqasida malina yetishtirish tashabbusi bilan chiqqan 18 nafar fuqaroga 473 million soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlari berildi.
— Hududimizga yaqin boʻlgan, hosildorligi past, paxta va gʻalladan qisqargan ekin maydonlari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda ishsiz aholi qatlamiga 10 sotixdan 15 sotixgacha 30 yil muddatga ijara asosida malinachilik yoʻnalishida dehqon xoʻjaligi tashkil etish uchun ajratib berildi. Bu nafaqat malina, balki koʻchatlar oraligʻida boshqa sabazavot ekinlari ekib, qoʻshimcha daromad olish imkoniyatini bermoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tumandagi 4 ming 200 ta xonadon va dehqon hoʻjaliklari bogʻ qator oralaridan birinchi mavsumda 1200 tonna hosil yigʻib olish koʻzda tutilgan. Mahsulotning 480 tonnasi Qozogʻiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon va Qirgʻiziston davlatlariga eksport qilish, qolgan qismini ichki bozorga yetkazib berish rejalashtirilgan. Kuzgi mavsumda esa oʻrta hisobda 1000 tonnadan ortiq mahsulot eksportga yoʻnaltiriladi.
Tumanda malina yetishtirish, qayta ishlash va sotish kundan-kunga rivojlanmoqda. Shu kunga qadar bu yoʻnalishda 3 ta malinachilik klasteri tashkil etildi. Ular tashabbusi bilan Qizilqoʻrgʻon massivida 300 gektardan ortiq samarasiz bogʻlar oʻrnida yangi malinazorlar tashkil etildi.
— Buning hisobiga har yili 30 tonnadan ortiq hosil olish imkoniyati yaratildi, — deydi “Al-Vodil” klaster xoʻjaligi rahbari Nasibullo Rasulov. — Shu kunga qadar, Belorusdan madaniylashtirilgan oʻn ming tup koʻchat olib kelindi. Bu navlarning serhosil, mevasi yirik va qattiq, uzoq vaqt oʻz xususiyatini yoʻqotmasligi bilan ajralib turadi. Mahsulotni saqlash uchun sigʻimi 300 tonna boʻlgan muzlatkich qurib, ishga tushirdik. Bu isteʼmol bozoriga yil davomida shifobaxsh mahsulot yetkazib berish imkoniyatini beradi.
Sirasini aytganda, Fargʻona tumanida quloch yoygan “Bir hudud-bir mahsulot” tamoyiliga koʻra, yana 15 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi 7,5 ming xonadonda 355 gektar tomorqa maydonlari malinachilikka ixtisoslashtiriladi.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri