Mamlakatimizda ilm-maʼrifat tamadduniga katta hissa qoʻshgan mutafakkir-allomalarimizning boy ilmiy merosini oʻrganish, yurtimiz va jahonda keng targʻib qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Termiz shahrida Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning hayoti va maʼnaviy merosini oʻrganish, hayotga keng tadbiq etish, islom dinining asl mohiyatini hamda hadis ilmi tarixi va uning ezgu gʻoyalarini targʻib etish maqsadida Prezidentimizning 2017-yil 14-fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Markazni tashkil etishdan koʻzlangan asosiy maqsad esa, Qurʼoni karim va hadis ilmining asl mohiyatini teranroq anglash, Imom Termiziy kabi yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar va mutafakkir zotlarning maʼnaviy merosini chuqur oʻrganib, uni keng miqyosda targʻib etishdan iborat. Shu maʼnoda Markaz oldiga qoʻyilgan maqsad-vazifalardan kelib chiqqqan holda, bugungi kunga qadar bir qator samarali ishlar amalga oshirib kelinyapti. Xususan, muhaddis Abu Iso Muhammad Termiziyning shoh asari – “Sunani Termiziy”ning oʻzbek tilidagi tarjimasining sharh va izohlari bilan nashrga tayyorlanishi buning yorqin misolidir.
Shuningdek, “Buyuk Termiziylar”, “Termizning bezavol qalʼalari yoxud Termiz tarixi”, “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Termiziy allomalardan oltin oʻgitlar”, “Muhaddis va faqih alloma”, “Ikki ulugʻ donishmand”, “Kitobul ilal”, “Muhammad Hakim Termiziy risolalari”, “Buyuk yurt allomalari”, “Imom Abu Iso Termiziy: hayoti va ijodi sahifalari”, Hakim Termiziyning Qurʼoni karimdagi “Fotiha” hamda “Baqara” suralari tafsiriga bagʻishlangan kitobi, Abu Jaʼfar Termiziyning “Tafsir” asari kabi 30 ta kitob hamda bir qancha risolalar nashr etildi. Bundan tashqari, Imom Termiziyning “Sunan” asarining hanafiylik yoʻnalishidagi 10 jildli sharhi oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda.
Dunyoda islom dini nomidan noxolis tarqatilayotgan axborotlar, din omili bilan bogʻliq turfa qarama-qarshiliklar, mafkuraviy tahdidlar va botil gʻoyalarning oldini olishda maʼrifat bilan yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsaddan kelib chiqqan holda markazda diniy gʻoyalarni ilgari suradigan destruktiv oqimlarga qarshi kurashish yoʻnalishida moturidiylik taʼlimoti va uning yorqin namoyandalari borasida bir qancha tadqiqotlar ham olib borildi.
“Moturidiya taʼlimoti va Abu Muin Nasafiy ilmiy merosi” asarini ushbu yoʻnalishdagi ilmiy izlanishlar samarasi, deyish mumkin. Jumladan, Abu Muin Nasafiy oʻz sulolasining mashhur vakili, moturidiylik taʼlimoti reformatori hisoblanadi. Ayni uning asarlari vositasida Abu Mansur Moturidiy qarashlari keng jamoatchilikka tushunarli, xalqchil sodda tilda yetkazib berilgan.
Taʼlim muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlarida tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti”, “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida targʻibot uchrashuvlari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ham ayni shu yoʻnalishdagi ishlarning uzviy davomidir.
Prezidentimiz 2019-yil 17–18-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari ijrosi boʻyicha ham ilmiy ishlar olib borilib, termiziy allomalar merosiga oid manbalar jamlandi. Ular asosida tizimli tadqiqotlar tashkil qilingan.
Bundan tashqari, Markaz kutubxonasida saqlanayotgan nodir asarlarni saralab, eng muhimlarini bosqichma-bosqich oʻzbek tiliga tarjima qilish ishlari boshlab yuborilgan. 2021–2023-yillarda buyuk allomalarimizning 10 ta muhim dolzarb mavzulardagi asarlari izohli tarjima qilinib, xalqimizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Alohida reja asosida Surxondaryo viloyatiga mos tarzda buyuk alloma ajdodlarimiz ilmiy merosiga bagʻishlangan kichik hajmdagi, xalqchil va yoshlarning psixologik jihatlarini hisobga olgan holda “Imom Termiziy”, “Hakim Termiziy”, “Xoja Alouddin Attor”, “Abu Bakr Varroq Termiziy”, “Burhoniddin Termiziy”, “Soʻfi Ollohyor”, “Xoja Samandar Termiziy”, “Roziyuddin Chogʻoniy”, “Adib Sobir Termiziy” va “Abu Jaʼfar Termiziy” kabi 10 nomdagi risola nashr etildi. Ushbu risolalar xalqchil ekani, tilining ravonligi va ilmiy asoslangani bilan ahamiyatli.
“Ustoz – shogird” anʼanasini davom ettirish maqsadida taniqli olim, manbashunos, mohir tarjimon, tarix fanlari doktori professor Ubaydulla Uvatov nomini abadiylashtirish yoʻnalishida onlayn anjuman tashkil qilinib, uning nomi Markazdagi manbashunoslik xonasiga berildi.
Imom Termiziy va termiziy allomalarning boy merosini oʻrganish hamda keng targʻib etish maqsadida xorijiy ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, konferensiya, simpozium, koʻrgazma, ilmiy maʼruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish Markazning asosiy vazifalari etib belgilangan. Bu boʻyicha ilmiy xodimlarimiz 2020–2021-yillarda tashkil etilgan xalqaro onlayn konferensiya va seminarlarda maqola va maʼruzalari bilan faol ishtirok etishdi.
Xalqaro hamkorlik masalalari ham markaz mutasaddilarining doimiy eʼtiborida boʻlib, bu borada Turkiyaning Karabuk universiteti, Saudiya Arabistonining Riyoz shahridagi “Informatsiya va arab-rus tadqiqotlari” markazi va islom tarixi, sanʼati va madaniyatini oʻrganish boʻyicha xalqaro markazi (IRCICA) bilan oʻzaro hamkorlikka oid memorandum imzolanganini taʼkidlash oʻrinlidir. Markaz tomonidan Oʻzbekiston bilan Turkiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Pokiston davlatlari oʻrtasida tuzilgan “Yoʻl xarita”larida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ham tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Kembrij universiteti “Al-Furqon” fondi va Britaniya kutubxonasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti, Fotih Sulton Mehmed universiteti, Istanbul Sabahitdin Zaim, Islom ilmiy tadqiqot markazi (ISAM), Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini oʻrganish boʻyicha xalqaro markazi (IRCICA) bilan ilmiy tadqiqot ishlarini hamkorlikda olib borish boʻyicha ilmiy amaliy ishlar boshlangan.
Mamlakatimizda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan termiziy allomalar hamda buyuk mutafakkirlarning qoʻlyozma va toshbosma asarlari nusxalarini, ular haqidagi kitoblarni toʻplash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish borasida ham tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Hindistoning “Razo library in Rampur” va “Khudo Bakhsh library in Patna” kutubxonalari bilan hamkorlikda mazkur qoʻlyozma fondlaridagi 50 ga yaqin termiziylar merosiga oid qoʻlyozma asarlar oʻrganildi. Shuningdek, dunyo fondlarida saqlanayotgan termiziy allomalar asarlari aniqlanib, ularning elektron nusxalarini yurtimizga keltirish choralari koʻrilmoqda.
Hozirda, respublikamiz va xorijda saqlanayotgan qoʻlyozma asarlarni oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida saqlanayotgan 1400 dan ziyod qoʻlyozma tavsifini oʻz ichiga olgan “Termizlik olimlar asarlarining jahon fondlaridagi qoʻlyozmalari katalogi” nashr etildi. Surxondaryo viloyati aholisida saqlanib kelayotgan ajdodlarimiz merosiga oid qoʻlyozma va toshbosma asarlar bilan Markaz kutubxona fondi muntazam boyitilmoqda.
Termiz shahridan yetishib chiqqan ulugʻ mufassir, muhaddis, mutakallim, mutasavvif va faqihlarning buyuk xizmatlari natijasi oʻlaroq, bu shahar haqida tarixiy manbalarda yuksak eʼtiroflar bitilgan. IX asrda yashab oʻtgan muarrix Abu Abbos Yaʼqubiy “Termiz – shaharlarning onasi boʻlgan shonli shahar”, deb taʼkidlagani yoki “Termiz – madinatur rijol” (Termiz – mardlar (olimlar) shahri), deb eʼtirof etilishi bu zamindan koʻplab ulugʻ allomalar yetishib chiqqanidan dalolat beradi.
Bugungi davrning yetuk hanafiy olimlaridan, Pokistonlik muhaddis Shayx Taqiy Usmoniy yurtimizga qilgan tashrifi chogʻida: “Sahihi Buxoriy” va “Jomii Termiziy” asarlarini oʻqimay olim boʻlish mumkin emas. Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan bir qancha islom namoyandalari bor. Bu diyor ulamolarining soʻzlari hammaga hujjat boʻlib kelgan va hanuzgacha ularning asarlari eng moʻtabar manbalar qatoridan joy olgan. Bularning barchasi sizlar uchun faxrdir. Bularning merosini oʻrganish va oʻrgatish, butun dunyoga tarqatishga siz haqlisiz va sizlar masʼulsiz”, deb alohida eʼtirof etdi.
Darhaqiqat, Markaz tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar negizida Islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganish, muqaddas yurtimiz azal-azaldan ulugʻ allomalar va aziz avliyolar vatani boʻlib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish, yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yana-da kuchaytirishga koʻmaklashishdan iborat boʻlgan oliy maqsadlar mujassam.
Shukurullo UMAROV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
hadisshunoslik ixtisosligi boʻyicha falsafa doktori