Xalqaro munozara klubining navbatdagi sessiyasi demokratlashtirish, faol fuqarolik jamiyati va inson huquqlari ustuvorligiga qaratildi

    Mamlakatimizda 18 Fevral 2022 1244

    17-fevralda Toshkent shahrda Xalqaro munozara klubining «Demokratlashtirish, faol fuqarolik jamiyati va inson huquqlari ustuvorligi» mavzusida navbatdagi sessiyasi tashkil etildi.

    Unda Markaziy Osiyo davlatlarining «aql markazlari», fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va xalqaro ekspertlar qatnashdi.

    Mahalliy va xorijiy ekspertlar ochiq munozara shaklida jamiyatni demokratlashtirish, islohotlar jarayoniga fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilishning zamonaviy tendensiyalari, inson huquqlarini ilgari surishning ilg‘or tajribalari, fuqarolik jamiyatini zamonaviy talablarni hisobga olgan holda rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

    Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda barcha islohotlar markazida inson, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari turadi. Ilgari amal qilib kelgan «davlat–jamiyat–inson» tamoyili yangi «inson–jamiyat–davlat» tamoyiliga o‘zgartirildi. Xalqparvar davlat barpo etishning eng muhim sharti sifatida iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash bosh mezonga aylandi. «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» degan g‘oya doirasida esa fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash belgilandi.

    O‘zbekiston tarixida ilk marotaba kambag‘allik statistikasi rasman tan olindi va uni qisqartirishga kompleks choralar ko‘rilyapti. Bu, o‘z navbatida, davlatning muammolarni yashirmaslik, kamchiliklarni tan olish, muammolar bilan ishlash, ularga konstruktiv yechim topish yo‘lidan borayotganini ko‘rsatadi. Bunga misol tariqasida mahallalar va xonadonlar kesimida manzilli yondashuv joriy etilayotganini, shartli ravishda «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» deya atalayotgan tizim shakllantirilganini aytish mumkin.

    Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoev 2021-yilda birinchi marta huquqni himoya qilish global maydonida nutq so‘zladi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tashkil etilgan 2006-yildan buyon atigi 20 ta davlat rahbari dunyoda inson huquqlari sohasida eng obro‘li xalqaro tashkilotning yillik sessiyasi delegatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilgan. Bu borada O‘zbekiston sobiq Ittifoq respublikalari orasida birinchi bo‘ldi. Davlat rahbarining shaxsan ishtiroki O‘zbekiston o‘zining 2021—2023-yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga qanchalik mas’uliyat bilan yondashayotganini namoyon etdi. Yuksak minbardan asosiy tamoyil qayta-qayta yangradi: inson qadr-qimmati daxlsizdir, uni himoya qilish va e’zozlash O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Jumladan, Prezident qiynoqlar da’vo muddati qonun bilan belgilanmagan jinoyat ekanligini va har qanday g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning boshqa ko‘rinishlari kabi unga qat’iy barham berilishini ta’kidladi. Shuningdek, BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilishga, BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisini hamkorlikda ish olib borish uchun O‘zbekistonga taklif etishga tayyorligini bildirdi.

    Yangi O‘zbekistonning shakllanishida inson huquqlarini ta’minlash asosiy o‘rin tutadi. Demokratik o‘zgarishlarni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga to‘la rioya qilgan holda, xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot va yaqin hamkorlikda izchil davom ettirishga qat’iy siyosiy iroda mavjud. Bu boradagi ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanganiga dalolatdir. Masalan, gender muvozanatiga erishish, siyosiy yoki jamoat ishlarida o‘zini namoyon etishga tayyor ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor tufayli Parlamentlararo ittifoqning 2021-yilgi «Siyosatdagi ayollar» jahon reytingida O‘zbekiston 45-o‘rinni egalladi. Hisobotda turli mamlakatlar parlamenti va hukumatida ayollarning vakilligi haqidagi ma’lumotlar oshkor etilgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz nafaqat Markaziy Osiyo respublikalari, balki Germaniya, AQSh, Kanada, Avstraliya kabi davlatlardan ham oldinda.

    2021-yil 14-oktyabrda e’lon qilingan Huquq ustuvorligi indeksi (World Justice Project)da O‘zbekiston 14 pog‘onaga ko‘tarildi. Joriy yilda mamlakatimizga berilgan baho 4,1 foizga o‘sdi va bu yo‘nalishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan uch davlatdan biri bo‘ldi. Natijada umumiy reytingda 85-o‘rinni egalladi.

    Ekspertlarning e’tirof etishicha, O‘zbekistonning siyosiy qiyofasi yangilanishi bilan birga, odamlarning ham, fuqarolik jamiyatining ham dunyoqarashi o‘zgarmoqda. 2016-yildan buyon Shavkat Mirziyoev xalq bilan samarali muloqot qilish, mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi ochiqligi va mas’uliyatini davlat apparati faoliyatining muhim shartlari sifatida belgilab berdi. Bugun ular mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim, ayniqsa, aholini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlashmoqda.

    O‘zbekiston davlat va jamiyatning barcha sohalarini tubdan isloh qilish bosqichini boshidan kechirayotgan mamlakat sifatida fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, siyosiy institutlarni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish g‘oyalariga sodiqdir. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish mexanizmlari maqsadga muvofiq ravishda takomillashtirilmoqda, kafolatlari mustahkamlanmoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyati bo‘yicha qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi. Masalan, jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi byurokratik to‘siqlar olib tashlandi. NNTlarning xorij grantlarini olishida va ulardan foydalanishida to‘siqlar yo‘q. NNT va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ o‘rtasidagi tadbirlarni muvofiqlashtirish tartibi bekor qilindi. NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji stavkalari 5 baravarga, soliq yuki 2 baravarga kamaytirildi. Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar va grantlar so‘nggi to‘rt yil ichida 4 baravar oshdi.

    O‘tgan besh yilda O‘zbekistonda fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi ishtirokini kengaytirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Ammo strategik istiqbolda sa'y-harakatlarni, jadallikni saqlab qolish yo‘llari, omillari muhimligicha qolmoqda. Bunda nafaqat erishilgan yutuqlarni, balki aniqlangan muammolar va yuzaga kelayotgan chaqiriqlarni ham har tomonlama tahlil qilishga zarurat bor.

    Sessiya yakunlari bo‘yicha davlat va nodavlat sektorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamon talablariga o‘z vaqtida va unumli javob berishda fuqarolar ishtirokini kuchaytirish, inson huquqlarini ta'minlashda ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Tadbir «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi ko‘magida o‘tkazildi.

    Ma’lumot uchun: Xalqaro munozara klubi Prezidentning 2020-yil 2-martdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Klubi faoliyati dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy masalalarni muhokama qilish, turli sohalardagi tendensiyalarni shakllantirish, takliflar ishlab chiqish, ekspertlar, shu jumladan xorijiy va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari bilan innovatsion g‘oyalar va qarashlarni targ‘ib qilishga qaratilgan.

    «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati.