Davlatimiz rahbarining joriy yilning 17-oktyabr kuni eʼlon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishida Asosiy qonunimizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish, “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy hamda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Darhaqiqat, farovon fuqarolik jamiyati barpo etishni, adolatli va ijtimoiy davlat bunyod etishni maqsad qilgan xalq avvalo mustahkam huquqiy poydevor – Konstitutsiyani yaratadi va qabul qilinishiga erishadi.
Konstitutsiyani yaratishdan maqsad ham inson qadrini, inson huquqlarini amalga oshirish uchun kafolatlarni taʼminlash hisoblanadi.
Xalq takliflari, fikr-mulohazalari asosida tayyorlanib, umumxalq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz jamiyatimiz aʼzolarining dunyoqarashi, huquqiy savodxonligini namoyon etuvchi hujjatdir.
Qayd etish kerakki, taʼlim sohasini rivojlantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosiy oʻrin tutadi, chunki aynan qonunchilik normalari nafaqat chegaralarni, balki butun taʼlim jarayonida asos boʻlgan tamoyillarni ham belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahririda taʼlim masalalariga bagʻishlangan alohida modda mavjud. IX bobning, 50-moddasiga koʻra, har bir shaxs toʻgʻridan-toʻgʻri taʼlim olish huquqiga ega, davlat uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirishni taʼminlaydi, maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun sharoitlar yaratadi, umumiy oʻrta va boshlangʻich kasb-hunar taʼlimining bepul boʻlishini kafolatlaydi.
Mamlakatimizda taʼlim olish huquqining Asosiy qonun darajasida mustahkamlanishi bu boradagi davlat siyosati naqadar ahamiyatli ekanligi va jamiyatning taʼlim darajasini oshirish mamlakatimiz oldida turgan eng asosiy maqsadlardan biri ekanligidan dalolat beradi.
Taʼlim olish huquqining Konstitutsiya darajasida qayd etilishi yuksak ahamiyat hamda ulkan maʼno-mazmun kasb etadi. Zero, bugungi kundagi eng qimmat resurs – inson kapitalining yaratilishida taʼlim tizimining oʻrni beqiyos hisoblanadi.
Oʻzbekistonda taʼlimni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy eʼtibor yildan yilga ortib bormoqda. Shuni taʼkidlash muhimki, oʻtgan yetti yil davomida taʼlim sohasida erishilgan katta yutuqlar ushbu asosiy sektorni yaxshilashga qaratilgan milliy harakatlarning biri desa mubolagʻa boʻlmaydi.
Ahamiyatlisi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 50-51-52 moddalari bevosita taʼlim olish huquqi bilan bogʻliq boʻlib, normalar ham kengaytirilgan. Agar oldingi Konstitutsiya bilan solishtiradigan boʻlsak, unda faqatgina bitta 41-moddada taʼlim masalasi keltirilgan edi.
Shu oʻrinda 50-moddada davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlaydi, deb nomlangan normaga toʻxtalsak.
Bugun mamlakatimiza ikki milliondan ortiq bola maktabgacha taʼlim muassasalariga boradi. Shu oʻrinda aytish kerakki, oldingi Konstitutsiyada maktabgacha taʼlim toʻgʻrisida birorta norma mavjud emas edi. Buni qanday izohlash mumkin? Ikki milliondan ortiq bola taʼlim-tarbiya olish kerak boʻlgan masala, uning huquqiy asoslari Konstitutsiyada mustahkamlanmagan edi.
Qayd etish kerakki, soʻnggi yillarda bu borada juda katta tizimli islohotlar amalga oshirildi. Agar misollarga murojaat qiladigan boʻlsak, 2016-yilda bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrov darajasi 27,7 foizni tashkil etgan. Bu degani har toʻrtta bolaning bittasi bogʻchaga boradi degani. Ayni paytda esa bu koʻrsatkich 72 foizdan oshdi. Bu qisqa vaqtda erishilgan juda katta yutuq.
Bu sohada amalga oshirilgan islohotlarni mana bu misol yaqqol ifodalaydi. 2022-yilda Finance Inquirer nashri RGCA xalqaro tadqiqoti natijalari va UNICEF, Jahon banki va OECD maʼlumotlariga tayanib, bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb qilish boʻyicha eng yaxshi dinamikaga ega boʻlgan dunyodagi eng peshqadam 10 ta davlatni eʼlon qildi. Oʻzbekiston jahon reytingida birinchi oʻrinni egalladi.
Hisobot 2018-yildan 2020-yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan maktabgacha taʼlimning uzoq muddatli tendensiyalarining umumiy koʻrinishini oʻz ichiga oladi.
Bu sohada faqatgina islohotlarni amalga oshirib qolmasdan, uning huquqiy asosi, bundan keyingi rivoji Bosh qonunimizda belgilab qoʻyilgani ham bildiradi.
Yana bir misol. 2016-yilgacha 5 ming 211 ta maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyat yuritgan. Bugungi kunda esa ularning soni 5-6 barobarga ortdi. Bu natijaga erishilishida, albatta, sohaga xususiy sektorni jalb qilinishi, ularga berilgan imtiyoz va ragʻbatni alohida qayd etish kerak.
Yangilangan Konstitutsiyaning 51-52 moddalari esa bevosita maktab va oliy taʼlim bilan bogʻliq. Konstitutsiyaga taʼlim olish huquqi toʻgʻrisidagi moddalarning kiritilishi fuqarolar uchun koʻpgina afzalliklarni yaratadi. Xususan, bu taʼlimni insonning asosiy huquqi sifatida qabul qilishni kuchaytiradi, ushbu huquqning mustahkamlanishi uning yanada ishonchli va barqaror himoya qilinishini taʼminlaydi. Qolaversa, aniq meʼyor va tamoyillarga asoslangan qulay taʼlim muhitini yaratishga yordam beradi, bu esa mamlakat taʼlimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu barcha fuqarolar uchun taʼlim olishda koʻproq teng imkoniyatlar yaratishga yordam beradi va ijtimoiy tengsizlikni kamaytiradi.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida aholiga taʼlimning barcha boʻgʻinlaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, taʼlim tizimini yanada yuqori sifat darajasiga koʻtarishga alohida eʼtibor qaratilgan.
U umumiy oʻrta taʼlim tizimida “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish doirasida olis va chekka hududlarda joylashgan maktab oʻquvchilari uchun bepul avtobuslarni yoʻlga qoʻyish, maktablarni toza ichimlik suv va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan toʻliq taʼminlash, yangi darsliklar, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qoʻllanmalar va mobil ilovalar, multimedia dasturlarini yaratish, kasb-hunarga oʻrgatish kurslarini joriy etish hamda xorijiy tillarni oʻrganish masalalarini oʻz ichiga olgan.
Taʼlimga sarmoya kiritish mamlakat kelajagiga sarmoya kiritish degan gʻoyaga tayanadigan boʻlsak, oliy taʼlimni rivojlantirish nafaqat yuqori malakali kadrlarni shakllantiradi, balki ijodiy fikrlash, tadqiqotlar va yangi texnologiyalarni ishlab chiqishni ragʻbatlantiradi. Ushbu omillar bugungi kungi qiyinchiliklarga moslasha oladigan barqaror jamiyatni shakllantirishga yordam beradi.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, taʼlimga oid yuqoridagi normalarning yangilangan Konstitutsiyamizda oʻz aksini topishi mamlakatimizda taʼlim tizimini yangi sifat bosqichiga koʻtarish, oʻquv yurtlari tizimini yanada rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish, pirovardida ilm-fanning yirik oʻchoqlariga aylantirishga alohida eʼtibor qaratishning huquqiy asoslarini mustahkamlaydi.
Shuhrat HOTAMOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti