Hozirgi vaqtda taraqqiyot kundan-kunga tezlashmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda ham bu jarayonni kuzatmoqdamiz. Fuqarolik jamiyati sari intilar ekanmiz, albatta, har birimiz bunga oʻzimizning hissamizni qoʻshishimiz zarur. Mustaqillikdan keyin jamiyatning barcha jabhalari kabi ijtimoiy-madaniy sohaga ham katta eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, ijtimoiy-madaniy faoliyatni amalga oshirishda milliy mentalitetning oʻrni beqiyos.
Mamlakatimizda yosh avlod tarbiyasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilishi bu sohaning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi. Buni mamlakatimizning yaqin tarixi mobaynida bosib oʻtgan tarixiy yoʻli misolida koʻrishimiz mumkin. Islohotlarning davomi sifatida taʼkidlash joizki, bugungi globallashuv davrida, dunyoda mafkuraviy kurash avj olgan sharoitda doimo ogoh, sezgir va maʼnaviy uygʻoq boʻlib yashashimiz shart.
Eng katta boyligimiz boʻlmish yurtimizdagi millatlararo ahillik, oʻzaro mehr-oqibat hamda hamjihatlik muhitini koʻz qorachigʻidek asrash va mustahkamlash yoʻlida olib borilayotgan ishlarimizning maʼno-mazmunini tushunib yetishimiz lozim. Oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik va millatparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb vazifadir. Bu esa oilada va oʻquv dargohlarida taʼlim hamda tarbiyaga eʼtiborni kuchaytirishni taqozo etadi.
Prezidentimizning “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilganidek, mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati, ong-u tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash davr talabidir.
Bugun yangi Oʻzbekiston Prezidentimiz boshchiligida taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻymoqda! Bunda biz mamlakat va millat oʻlaroq tanlagan yoʻl — huquqiy demokratik jamiyat tuzish yoʻlidir. Yolgʻondan, nomigagina, sirti demokratik, ichi avtokratik emas, chin va haqiqiy huquqiy demokratik jamiyat barpo etishni tanladik.
Shu oʻrinda yoshlarni masʼul lavozimlarga tayinlanishi bu jarayonning amalga oshishi uchun, yaʼni koʻzlangan maqsadga erishish uchun voz kechib boʻlmas bir ehtiyoj ekanligini koʻrsatadi. Prezidentimizning yangi avlod boshqaruv kadrlarini — yangi tafakkurga ega, maʼnan yetuk hamda keng mushohadali yoshlarni davlat boshqaruv tizimiga olib kelishi shu bilan izohlanadiki, taraqqiyotning yangi bosqichiga mamlakatni faqatgina korrupsiyaga moyil boʻlmagan, dunyoqarashi keng, demokratik qadriyatlarni his qila olgan shaxslar olib chiqadi. Aslida, eng buyuk maʼnaviyat inson hurriyatini taʼminlashdir.
Bugun milliy maʼnaviyatimizni qaytadan idrok etib, uni chuqurroq tanib, yangi milliy mafkuramizni shakllantirish vaqti keldi. Maʼnaviyat targʻiboti asosi — yadrosi adolatdan va insonparvarlik tamoyilidan iborat boʻlishi kerak. Milliy mafkura esa ana shunday millatni yashatadigan, boʻgʻmaydigan, gullatadigan, gullarini qirqmaydigan maʼnaviyat targʻiboti orqali amalga oshirilishi zarur. Qachonki millat ziyolilari fikrlar xilma-xilligi va sogʻlom munozaraga oʻrgansa, mamlakatda chin maʼnoda maʼnaviy yuksalish boʻladi.
Oʻzbekistonning ulkan salohiyati hal qiluvchi kuch sifatida ijtimoiy hayotga kirayotgan, zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini puxta egallagan, navqiron yosh avlod timsolida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Ilm-fan va taʼlim vakillariga, yosh olim va umuman, mamlakatimiz yoshlariga qaratilgan imkoniyatlar sababli bugungi kunda yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Zero, bunday eʼtiborga loyiq boʻlish ham har birimizga oʻziga xos masʼuliyat yuklaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizning taraqqiyoti, avvalambor, ilm-fan va yuksak intellektual salohiyatli yoshlarga tayanadi. Shuningdek, yurtimizda yoshlarni maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus gʻoyasidan foydalanamiz. Bu tashabbuslar zamirida qanchalik ezgu maqsadlar mujassam ekanini uning mohiyatini toʻgʻri tushunganlar teran his etadi.
Ayniqsa, yoshlarda sogʻlom dunyoqarash, jumladan, kitobxonlik koʻnikmasini shakllantirish, internet-axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish, ularda gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va gʻoyaviy-mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini har tomonlama chuqur anglash, terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, separatizm, odam savdosi, ommaviy madaniyat, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi gʻoyaviy kurash olib borish jamiyatning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan ichki tahdidlar, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, axloqiy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga eʼtiborsizlik kabi holatlarga barham berishga qaratilgan kompleks tadbirlar tizimini ishlab chiqish, milliy gʻoyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari oʻrtasida keng targʻibot etish muhim vazifalar hisoblanadi.
Xususan, hozirgi globallashuv jarayonlarida yoshlarni shaxs ongini egallashga qaratilgan xurujlardan himoyalash, har bir insonning ruhiy olamida mustahkam maʼnaviyatni shakllantirish, axborot isteʼmoli madaniyatini tarkib toptirish tobora muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Taʼlim-tarbiya sifati va maʼnaviy ishlar samaradorligini oshirishda birinchi navbatda yoshlarga maʼnaviy, gʻoyaviy, bilim va tarbiya berish hamda jamiyat manfaatlariga zid zararli gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni tarkib toptirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Aytish mumkinki, butun jahon boʻyicha ulkan globalizatsion jarayonlar kechayotgan bir vaqtda oʻzbek milliy mentalitetini shakllantirish uning nechogʻliq umuminsoniy qadriyatlarga mosligini kuzatish imkonini beradi. Ayniqsa, xalqimizning qadimiy anʼanalari, azaliy urf-odat hamda marosimlariga ega boʻlishi bilan birgalikda, oʻziga xos va oʻziga mos milliy mentalitetga ega xalq ekanidan dalolat beradi. Milliy tariximizni tiklash, uning boy imkoniyatlarini izlab topish, xalqimiz, yoshlarimiz ongi va qalbiga singdirish mamlakatimizning nufuzini oshirishga zarurat mavjudligida oʻz ifodasini topgan.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan milliy mentalitetimiz negizida yoshlarning komil inson qilib tarbiyalash, maʼnaviy olamida ezgulik va poklik tuygʻularini kamol toptirish lozim. Shunday ekan, yoshlarimiz maʼnaviy kamolotini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarimizni milliy gʻoya bilan uygʻunlashtirgan holda kelajak avlodlarga oʻz holicha yetkazishimiz, har birimiz ijtimoiy hayotda fuqarolarimizning milliy tafakkur taraqqiyotiga oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim.
Abduqahhor RAXMONOV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali,
Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy
ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari,
Falsafa fanlari doktori (PhD)