Milliy saylov qonunchiligi: demokratik tamoyillar  va xalqaro standartlar namunasi

    Mamlakatimizda joriy yil 24-oktyabrda bo'lib o'tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik muhim pallaga kirdi.

    Ayni kunlarda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti qizgʻin davom etmoqda. Aholi nomzodlarning saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishib, ularda ilgari surilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashmoqda. Saylov huquqlari va erkinliklari yuzasidan qizgʻin bahs-munozara boʻlyapti.

    Shu oʻrinda aytish kerakki, saylov huquqlari va erkinliklari mavzusi nufuzli xalqaro tashkilotlar jiddiy shugʻullanadigan masala hisoblanadi. Hozirgi paytda dunyoda saylov huquqlari va erkinliklarini taʼminlashga oid yigirmadan ziyod xalqaro huquqiy hujjat bilan belgilangan standartlar mavjud. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasiga koʻra, har bir inson oʻzi yashayotgan davlatning boshqaruvida bevosita yoki erkin saylangan vakillar orqali qatnashish huquqiga ega. Xalq irodasi hokimiyatning asosi boʻlmogʻi lozim. Bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, umumiy va teng saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoki ovoz berish erkinligini taʼminlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida oʻtkaziladigan saylovlarda oʻz aksini topishi lozim.

    Bundan tashqari, BMT tomonidan qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, BMTning Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish haqidagi hamda «Ayollarga nisbatan kamsitishlarning har qanday shakllariga barham berish haqidagi konvensiyalari, Parlamentlararo ittifoq kengashi tomonidan qabul qilingan Erkin va adolatli saylovlar mezonlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Insoniylik mezonlari boʻyicha Kopengagen hujjatida ham demokratik saylov prinsiplari oʻz aksini topgan.

    Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: Milliy saylov qonunchiligimiz mazkur xalqaro standartlarga qanchalik muvofiq keladi?

    Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida saylovning umumiylik, tenglik, toʻgʻridan-toʻgʻri, yashirin ovoz berish, koʻppartiyaviylik, muqobillik, ochiqlik va oshkoralik, erkinlik, adolatlilik va haqqoniylik kabi xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan demokratik prinsiplari har tomonlama oʻz ifodasini topgan. Masalan, umumiy saylov prinsipi fuqarolarimiz kimligidan qatʼi nazar, saylov huquqidan foydalanishini anglatadi.

    Saylov kodeksi asosida ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etgani uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylash huquqi vujudga kelishi bilan umumiy saylov huquqi prinsipi milliy saylov qonunchiligiga yanada toʻliq joriy etilgani, yaʼni xalqaro standartlar talablari implementatsiya qilinganini anglatadi.

    Teng saylov huquqini taʼminlash har bir saylovchining bir ovozga ega ekani yoxud siyosiy partiyalarga bir xil imkoniyatlar yaratilgani bilan amalga oshiriladi. Yana bir islohot – saylovoldi tashviqoti nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanishi, yaʼni nomzodlar saylovoldi tashviqotini bir vaqtda boshlashi taʼminlanishi teng saylov huquqi prinsipining yorqin isbotidir.

    Yana bir prinsip - toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi. Yaʼni fuqarolar yashab turgan joyida ovoz berishi orqali deputatlar yoki Prezidentni saylaydi. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxati shakllantirilishi va “bir saylovchi – bir ovoz” tamoyili asosida fuqarolarimizning qayerda yashayotganidan qatʼi nazar, saylovda ishtirok etishi taʼminlanganini alohida eʼtirof etish lozim.

    Yashirin ovoz berish ham saylovning muhim prinsipi hisoblanib, fuqarolarning ovoz berishida hech kim taʼsir qila olmasligini anglatadi. Muddatidan oldin ovoz berish saylov varaqalari oʻrniga saylov byulleteni orqali amalga oshirilishi belgilanishini ham yashirin ovoz berish prinsipi milliy saylov qonunchiligida yanada mustahkamlanganiga misol boʻla oladi.

    Milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, umum eʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish doimiy hamda muntazam davom etadigan jarayondir. Bu borada xalqaro tashkilotlar va ekspertlar tavsiyalari asosida Saylov kodeksiga joriy yilda ikki marta oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgani fikrimizni yaqqol isbotlaydi. Xususan, 2021-yil 8-fevralda saylov qonunchiligiga kiritilgan eng muhim oʻzgarishlardan biri Prezident hamda mahalliy vakillik organlari saylovlari muddatini dekabr oyidan oktyabr oyiga koʻchirish boʻldi.

    Barcha mamlakatlarda Prezident muayyan muddatga saylanadi. Mazkur saylovning siyosiy ahamiyati shundan iboratki, Prezident saylovi orqali xalq oʻzi ishongan vakilni muayyan muddatga davlat rahbari etib saylaydi. Konstitutsiyamizda Prezident Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan besh yil muddatga saylanishi belgilangan.

    Har yillik rejalarni hayotga tatbiq qilish yil boshidan boshlanishini inobatga olsak, saylovning dekabr oyi oxirida oʻtkazilishi yangi saylangan Prezidentning yil boshidan oʻz lavozimiga kirishishi va muhim strategik dasturlar qabul qilinishining kechikishiga sabab boʻlishi mumkin edi. Saylov barcha uchun maqbul boʻlgan sanada oʻtkazilishi oqilona yechim boʻldi.

    Shu bilan birga, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHBB) tavsiyalari asosida Saylov kodeksidan saylov komissiyalari nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishiga oid vazifasi chiqarib tashlanganini alohida eʼtirof etish joiz. Qayd etish zarurki, saylovoldi tashviqotini tashkil etish va oʻtkazish bevosita siyosiy partiyalarning ishi boʻlgani sababli saylov komissiyalari bu ishga aralashishi ularga xos boʻlmagan vazifa hisoblanadi va mazkur amaliyot xalqaro tajribada ham oʻz aksini topgan.

    Shuningdek, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda. Masalan, davlat xizmatchilariga, agar ular ishonchli vakil boʻlmasa, shuningdek, harbiylar, diniy tashkilotlar xizmatchilari, sudyalarga saylovoldi tashviqotini yuritish taqiqlanmoqda.

    Saylov sohasidagi ogʻriqli masalalardan biri xorijdagi saylov uchastkalari boʻyicha saylovchilar roʻyxati mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan konsullik roʻyxati boʻyicha taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tuzilishi edi. Natijada xorijdagi fuqarolarimizning saylov huquqlari muayyan darajada cheklanib kelardi. Shu bois, xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslari yaratildi.

    Shu bilan birga, DIIHBB saylovlar boʻyicha missiyasining tavsiyalari asosida, jumladan, saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi, ish joyi koʻrsatilishi haqidagi normaning chiqarilishi nomzodlarga teng imkoniyat yaratishga qaratilgan islohot boʻldi. Mazkur islohot ovoz berishda, eng avvalo, nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan masalalarga eʼtibor qaratishga xizmat qiladi.

    Saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni oʻtkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda oʻtkazish tartibi saylovoldi tashviqotida nomzodlar, siyosiy partiyalar, saylov jarayoniga masʼullarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olishga qaratilgan boʻlib, ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligini anglatadi. Bundan tashqari, tegishli qonunchilik bilan identifikatsiya kartasi ham shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar sirasiga kiritilishi saylov qonunchiligida mustahkamlandi.

    Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar boʻlajak saylovda yurtdoshlarimizning faol ishtiroki orqali saylovni demokratik mezonlar asosida oʻtkazishga, mamlakatimizning uzoq muddatga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi kafolatini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Islombek RUSTAMBEKOV,

    Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b.,

    yuridik fanlar doktori, professor