Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev, Abdulla Avloniy kabi qomusiy bilim egalari ana shular jumlasidandir. Ular oʻz bilimlarini millat ravnaqi, jamiyat rivoji yoʻlida sarflashga intildi, oʻrni kelganda mablagʻini ham ayamadi. Ular orasida Fargʻona jadidchilik harakati vakili Isʼhoqxon Junaydullaxon oʻgʻli Ibratning alohida oʻrni bor.
Soʻnggi yillarda qatagʻon qilingan jadidlar hayoti va ijodini tarixshunoslik nuqtayi nazaridan tahlil qilish zaruriyatga aylandi. Milliy taraqqiyparvarlarimiz, jadidlar haqida koʻplab tadqiqotlar, monografiyalar, risolalar vujudga keldi. Shu jumladan, jadid namoyandasi Isʼhoqxon Ibrat ilmiy va maʼnaviy merosi ham oʻrganildi.
Alloma qoldirgan ilmiy meros xalqimizning maʼnaviy xazinasiga aylandi. Jumladan, uning 1901-yilda nashr qilingan “Lugʻati sitta al-sina” asari eʼtiborga loyiq. Risola oʻz davrida zamondoshlari eʼtirofiga ham sazovor boʻlgan.
Bir qator xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirgan va ularning bilimdoni boʻlgan Ibrat yozuvlar tarixi bilan ham shugʻullangan. Ibratning yozuvlar tarixiga oid 1912-yilda yozilgan “Jome ul xutut” asari haqida uning “Tarixi madaniyat” risolasida quyidagicha yozilgan: “Bu xil xatti qadimiylarni tarixi edi. Ikki ming dona bosma boʻlib, bosmaxonada qoldi. Hozir oʻzimizda ham kam. Koʻp yerlardan soʻraydurlar, yoʻq deb javob beramiz”.
U bu asarida Yevropa yozuvlarini oʻrganishga daʼvat qilish bilan birga, piktografik yozuvlardan keyin vujudga kelgan qadimiy tovush-harf yozuvlari — finikiya, yahudiy, suriya, arab, yunon, fors, slavyan, sanskrit, hind, lotin, arman, gruzin, uygʻur va boshqa qirqdan ortiq yozuv, ularning kelib chiqishi va taraqqiyoti haqida maʼlumot beradi.
Ibratning “Tarixi Fargʻona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezon uz-zamon” asarlari oʻz davri tarixiy jarayonlarining dolzarb muammolarini qamrab olgani bilan eʼtibor qozondi. Ushbu asarlar milliy davlat asoslarini yaratish va joriy etish muammolariga bagʻishlangan dastlabki urinish boʻlgani uchun milliylikka intilish, millatchilik sifatida qoralanib, 1920-yillarda sovet tuzumi nazoratidan oʻta olmay, bugungi kunga qadar qoʻlyozma holida qolib ketadi. Ibrat kabi millatparvarlarga xalq dushmani tamgʻasi bosilib, sovetlar tomonidan qatagʻon qilindi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida olim qalamiga mansub qimmatli ilmiy meros — “Tarixi Fargʻona”, “Mezon uz-zamon”, “Tarixi madaniyat”, toshbosma asarlaridan “Muhradot”, “Manzumai Ibrat”, arabchadan tarjima qilingan musulmon qonunshunosligiga oid “Fiqhi Kaydoniy”, qoʻlyozma holidagi “Majmuai ashʼor” hamda “Lugʻati sitta al-sina” asarlari saqlanmoqda.
Ibrat asarlari turli yoʻnalishda yozilganligiga qaramay, ularni yangilikni joriy qilish orqali mustamlakachilik asoratidan qutulish, millatni mustaqil davlatlar qatoriga olib chiqish maqsadi birlashtiradi.
Isʼhoqxon Ibrat 1886-yilda Toʻraqoʻrgʻonda birinchi jadid maktabini ochadi. Biroq uning bu harakati Turkiston general-gubernatorligi maʼmurlari tomonidan tazyiqqa uchraydi. Mustamlakachilar uni “maqsadga muvofiq emas” deb topib, olti oy oʻtmay yopib tashlaydi. Bu maktab haqidagi taassurotlarini u “Qalam” sheʼrida bayon qilib oʻtgan. Ibrat keyinchalik “Tarixi Fargʻona” asarida oʻlkadagi mavjud oʻquv tizimi, maktablarning ahvoli, aholining ilmga munosabati, ilmsizlikning taraqqiyotga salbiy taʼsirini koʻrsatib, jadid maktablarining zaruriyati haqida: “Ammoki, ilmiya toʻgʻrisida bizni xalqda chandon ahamiyati yoʻq, tanazzulda turur... Madaniyat uchun har qaysi vaqtdagi zamona ilmini, qaysi biri rivojida boʻlsa, ani bilmak zarurdir”, deb yozadi.
Turkiston jadidlari Ibratni ustoz muallim maqomida eʼtirof etadi. U. Dolimov dalillariga koʻra, Ibrat Munavvarqori Abdurashidxonov taklif xatiga binoan 1907-yilda bir necha marta Toshkentda jadid maktablari talabalari yillik imtihonida ishtirok etgan. Jumladan, xatda: “Hurmatlu Isʼhoqxonxoʻja janoblarina! 1907-yil may oyindan eʼtiboran Toshkentda Tarnovboshi mahallasinda “Xoniya” maktabinda talabalarni yillik imtihonlari boshlanur. Siz hurmatludan rijo qilurmizki, tavobingizda boʻlgʻon usuli jadidiya maktablari muridlari ila imtihon majlislarina tashrif qilsangiz, muallim va shogirdlar mamnun boʻlur edilar.
Muhibingiz Munavvarqori, 1907-yil 15-mart”, deb yozilgan.
Ibrat zamondoshlaridan biri I. Davronning 1907-yilda nashr etilgan “Haq soʻz” nomli maqolasida keltirilishicha, u Ibratning “xattoti azim” ekanini, musulmoncha xat yozishning 17 xilini bilishini, uning bu sanʼati 1907-yil Turkiston general gubernatori tomonidan ikkinchi darajali yorliq-xalat bilan mukofotlanganini aytadi.
XX asr boshida Turkistonda jadidchilik harakati yangi pogʻonaga koʻtariladi. Jadidlar bosmaxonalar tashkil qila boshlaydi. Noshirlik ishiga katta ehtiyoj va zarurat borligini anglagan Ibrat 1907-yilda Rossiyaning Orenburg shahriga boradi va Kaufman ismli matbaachidan 10 yil mobaynida pulini toʻlash sharti bilan 1901-yilda chiqqan toshbosma mashina sotib oladi. 1908-yilda Namangan uyezdiga qarashli Toʻraqoʻrgʻonda “Matbaai Isʼhoqiya” nomi bilan Fargʻona vodiysida birinchi nashriyot tashkil qiladi. Ibrat bu ishdan maqsadini “Tarixi chopxona” sheʼrida quyidagicha yozadi:
“Maqsad bu ishdan erdi olamga ilm qasri
Ham quymoqqa asarlar yodvora jahona”.
Ibratning “Sanʼati Ibrat qalami mirrajab Bandiy” risolasida nashriyot haqida soʻz boradi. Unda Abdurauf Shohidiy: “Boqiy duo umid qilib... birinchi hadyamizni ojizona taqdim ayladik”, deb yozadi va bu bilan mazkur risola “Matbaai Isʼhoqiya”ning dastlabki nashriy mahsuloti ekanini eʼtirof etadi.
Ibrat matbaada chop etilgan risolalar uchun maxsus ramziy tasvir ishlagan. Unda ilm quyoshga oʻxshatilgan va nashr etilgan har bir kitobning yuqori qismida aks ettirilgan.
1910-yildan boshlab Namangan shahrida 13 ta, Chustda 2 ta, Popda 2 ta, Yangiqoʻrgʻonda bitta kitob doʻkoni ochiladi. Ularda, asosan, “Matbaai Isʼhoqiya”da nashr qilingan kitoblar arzon narxda sotiladi. Ibrat 1913-yilda “Matbaai Isʼhoqiya” qoshida “Altijoral Namangan” nomli gazeta chiqarish uchun hukumatga ariza beradi.
Ibratning jadidchilik harakati faqat maktab ochish, nashriyot va roʻznoma tashkil etish bilan cheklanib qolmaydi: u oʻz uyida “Kutubxonai Isʼhoqiya” nomli kutubxona ham ochadi.
Serqirra qobiliyat egasi boʻlgan Ibrat sheʼriyat bilan ham shugʻullangan. Uning “Devoni Ibrat” asarini zamondoshi qoʻqonlik shoir Muhsiniy yuqori baholagan, afsuski, devon bizgacha yetib kelmagan.
Oktyabr toʻntarishidan keyin Isʼhoqxon maorif ishlari bilan shugʻullanadi. U yangi maktablar ochish, savodsizlikni tugatish jabhasida faol ishtirok etadi. 1918-yilda Ibrat ochgan maktab zaminida Toʻraqoʻrgʻondagi 44-maktab tashkil topib, u 1960-yillarda Isʼhoqxon Ibrat nomidagi 3-maktabga aylantiriladi. Dastlabki vaqtlarda bu maktabda Isʼhoqxon Ibrat ona tili, adabiyot, tarix fanlaridan dars berib, keyinroq maktab dasturiga musiqa ashula predmetini kiritadi. 1919-yilda uning tashabbusi bilan Namanganda oʻzbek xotin-qizlari uchun birinchi marta maktab ochiladi va unda Husayn Makayevning rafiqasi Fotima Makayeva dars beradi. Isʼhoqxon Ibrat sovet davrining dastlabki yillarida maorif sohasida sidqidildan xizmat qildi, zero, uning asosiy maslagi xalqini ilmli, avlodlarini yuksak maʼrifat va madaniyat sohibi sifatida koʻrish edi. Sovet hukumatining qatagʻon siyosati butun hayoti va faoliyatini maʼrifat, ziyo yoʻliga bagʻish lagan, millat iftixori boʻlgan olim va fozil shaxs Isʼhoqxon Ibratni ham oʻz domiga tortdi.
Ibratni 1929-yilda qishloq faollari quloqlarga aloqador deb ayblashadi va mol-mulki musodara qilinadi. Xuddi shu vaqtda Ibrat Oʻzbekiston Xalq komissarlari sovetiga shikoyat xati yozadi. U yerdan “Ibratga tegilmasin, ipidan ignasigacha qaytarib berilsin”, degan xat keladi. Bu xat mazmuniga koʻra, Oʻzbekiston Xalq komissarlari soveti raisi F.Xoʻjayev viloyat rahbariyatiga Ibratning buyumlarini qaytarib berishni buyuradi. Ammo siyosiy tazyiqdan qoʻrqqan viloyat rahbariyati Ibratning uyini qaytaradi, gulbogʻini esa davlat ixtiyorida qoldiradi. Bu Ibrat taqdiridagi vaqtinchalik osoyishtalik pallasi edi, xolos.
Sovet hukumatining beshafqat qatagʻonchilari millatning fidoyi farzandini 1937-yil 7-yanvarda qamoqqa oladi. Ibrat tomonidan yozilgan va toʻplangan qoʻlyozma va toshbosma kitoblar 4 qanorga joylanib, olib ketiladi. Uning uyjoyi, roʻzgʻor buyumlari kimoshdi savdosiga qoʻyib sotib yuboriladi, oilasi va bolalari uch sotixdan iborat quruq yerga chiqarib qoʻyiladi.
Ibrat Andijon turmasiga olib ketilgach, sudi ham boʻlmay, qamoqxonaning jismoniy va ruhiy qiynoqlariga dosh bera olmay, 2 oydan soʻng 75 yoshida vafot etadi.
1963-yili Isʼhoqxonning shogirdi mulla Iskandar domla Abduvahob oʻgʻli shoirning qamalish oldidagi ruhiyati haqida kuyunib bunday deydi: “... Isʼhoqxon Ibrat ham “tiq” etsa, eshikka qarab turgan vaqtlar. Ular bir kuni meni uylariga chaqirib qoldilar. Koʻrinishlari ancha tashvishli. Salom- alikdan keyin meni mashhur kutubxonalariga olib kirdilar.
— Qarang, shuncha kitob. Bularning qanchasi 1919-1920-yillarda nes-nobud boʻldi. Mana, endi yana notinchlik. Bu kitoblardan qanchasi kecha kun qamalgan, qanchasi “xalq dushmani”, “aksilinqilobchi” deb badnom qilinayotgan yozuvchilarning asarlari. Bularni qanday qilib yoʻq qilish mumkin? Axir bular xalqning bebaho mulki-ku!
Toʻramning ovozi ancha siniqqan edi.
— Mana, men har ehtimolga qarshi yuzga yaqin nozikroq kitobni ajratib qoʻydim. Bularni siz mehmonxonaning orqasiga — qoʻshsinch orasiga nobud boʻlmaydigan qilib terib, devorni yana suvab qoʻyasiz. Men bu kitoblarni koʻzdan kechirdim:
— Toʻram, mana bu kitoblar Ismoilbek Gʻaspiralining “Xoʻjai sibyon”, Munavvarqorining “Adibi avval”, Behbudiyning “Kitobat ul-atfol” alifbolari. Axir, ular vafot etganlariga bir qancha yillar boʻldi, qolaversa, bu kitoblar yosh bolalar uchun yozilgan.
— Azizim Mulla Iskandar, bolsheviklarning maqsadi faqat ularni jisman yoʻq qilish emas, balki ularni hatto farzandlarimiz xotirasidan ham sidirib tashlash. Mabodo, Gʻaspiralilar, Behbudiylar bu kunlarga yetib kelganlarida edi, bolsheviklar birinchi navbatda ularni otar edilar. Men, toʻram aytganlaridek, qoʻshsinchning guvalalarini tushirib, avval 2-3 qator quruq pishiq gʻisht terdim va uning ustiga kitoblarni taxladim. Bu voqeadan 1-2 oy oʻtgach, toʻramni, kutubxonadagi bor-yoʻq kitoblarini bir mashinaga bosib olib ketishdi. Haqiqatan ham toʻram avliyo odam edilar”. Isʼhoqxon Ibrat oʻgʻli Rotifxon Isʼhoqov s aʼy-harakatlari tufayli 1959-yil 2-oktyabrda Andijon viloyati prokuraturasining 3336 raqamli hujjatiga asosan toʻla oqlanadi. Bu bilan tuhmat girdobiga tortilgan bir inson taqdiri misolida adolat qaror topdi. Oʻzbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, milliy qadriyatlarimizni tiklash, madaniy merosimizni oʻrganish va asrab-avaylashga alohida eʼtibor berilmoqda. Inchunun, maʼrifatparvar inson, yurt fidoyisi Ibrat nomini abadiylashtirish borasida ham bir qator ishlar qilindi. U tashkil qilgan “Udarnik” nomini olgan bosmaxonaga 1991-yilda Isʼhoqxon Ibrat nomi berildi. Sayram qishlogʻi hududidagi Kalinin jamoa xoʻjaligi 1991-yil 27-iyunda Isʼhoqxon Ibrat nomi bilan atala boshlandi.
1996-yilda Isʼhoqxon Ibrat nomli muzey binosi qurildi va foydalanishga topshirildi. Toshkent shahridagi koʻchalardan biri Isʼhoqxon Ibrat nomi bilan ataladi.
2017-yil 5-sentyabrda Vazirlar Mahkamasining “Toʻraqoʻrgʻon tumanida Isʼhoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Koʻp oʻtmay, qarorga muvofiq, ikki gektardan ziyod maydonda soʻlim bogʻ, muzey va maktab-internatni oʻz ichiga olgan majmua qad rostladi.
Prezidentimiz 2018-yil 3-mayda ushbu majmuaga tashrifi chogʻida “Ibrat domlaning Vatan va yurt taraqqiyoti yoʻlidagi fidokorona hayoti nafaqat oʻz davrida, balki bugungi kunda ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi boʻlib qolmoqda”, deya uning vatan oldidagi xizmatlarini yana bir bor yuksak baholadi. Maʼrifatparvar nomi bilan ataluvchi maktabning har tomonlama namunali boʻlishi, bir necha tillarni biladigan kadrlarni tarbiyalashi zarurligi, yoshlarning yurt koriga yaraydigan munosib insonlar boʻlib voyaga yetishiga hissa qoʻshishi lozimligi taʼkidlandi.
Isʼhoqxon Ibrat taʼbiri bilan aytganda:
“Olamdin ushbu ona sonsiz kishilar oʻtdi,
Mingdin biri qoʻyubdur olamgʻa bir nishona.”
Darhaqiqat, Isʼhoqxon Ibrat Vatan va millat ravnaqi uchun oʻz hayoti, ijodi va faoliyati misolida “mingdin bir” odamga nasib qiladigan “nishona” qoldirdi, nomiga mos chinakam ibrat namunasi boʻldi.
Dilorom ALIMOVA,
tarix fanlari doktori, professor