Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar himoyasi qay holatda?

    Mamlakatimizda 15 Dekabr 2022 2026

    Joriy yil 15-dekabrda Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, qoʻmita ekspertlari, tegishli davlat organlari va tashkilotlari masʼullari, jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonunning ijro holati, qonunchilikdagi boʻshliqlar va amaliyotdagi muammolar muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, sohaga oid normativ-huquqiy hujjat takomillashtirilib, intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–221-sonli Qaror qabul qilindi.

    Adliya vazirligi tomonidan 2019–2022-yillar davomida mualliflar va turdosh huquqlarning buzilish holati yuzasidan iqtisodiy sudlarda 136 ta, maʼmuriy sudlarda 65 ta, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda 21 ta, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda 2 ta ish koʻrib chiqilgan va sudlar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilingan. Sud qarorlariga muvofiq 216 nafar shaxsdan 297 million soʻm miqdorida maʼmuriy jarimalar undirilgan.

    Shu bilan birga, majlisda ishtirokchilar mualliflik va turdosh huquqlarini himoya qilish borasidagi tizimli muammo va muayyan kamchiliklarga eʼtiborini qaratdi.

    Xususan, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini qoʻllash talab darajasida emasligi, kontrafakt mahsulotlarga samarali qarshi kurashish, Internet tarmogʻidagi “uz” domenida faoliyat koʻrsatayotgan veb-saytlar tomonidan mualliflik huquqiga rioya etilish holatlarini monitoring qilib borish ishlarida sustkashliklarga yoʻl qoʻyib kelingani aytib oʻtildi.

    Bundan tashqari, masʼul vazirlik va idoralar mualliflik huquqi buzilgan shaxslar tomonidan murojaat kelib tushmagunga qadar uning huquqlarini tiklash borasida muayyan harakatlar olib bormaslik holatlari mavjud ekanligiga toʻxtalib oʻtildi.

    Jumladan, ayrim nashriyotlar, Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa foydalanuvchilar tomonidan asar mualliflari (merosxoʻr)ning ruxsatisiz ular asarlaridan ochiqdan-ochiq foydalanib kelinayotganligi, ushbu holatlar ustidan nazorat tadbirlari lozim darajada amalga oshirilmayotgani koʻzga tashlanyapti.

    Intellektual mulk sohasini himoya qilish va mualliflik huquqiga oid xalqaro shartnomalarning qoida va normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish borasidagi ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan. Sohada faoliyat olib borayotgan mualliflar huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyati tizimli tashkil etilmagan.

    Oʻz navbatida, senatorlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralarga sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, mualliflarga ularning huquqlarini yanada kengroq tushunishlariga koʻmak berish, targʻibot ishlarini kuchaytirish va huquqbuzarlik holatlarini aniqlashda tashabbuskorlikni oshirish boʻyicha tegishli koʻrsatma va vazifalar belgilab berildi.

    Majlis soʻnggida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.