Muqobil maʼruza tayyorlashda fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini oshirish istiqbollari

    Xalqaro hamkorlik 13 Aprel 2022 1572

    2022-yil 12-aprelda Toshkent shahrida “Oʻzbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil maʼruza tayyorlashda nodavlat notijorat tashkilotlarning salohiyatini oshirish” mavzusida seminar-trening oʻz ishini boshladi.

    Ikki kunlik tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNISEF, BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari, BMTning Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari boʻyicha hamkorlik tuzilmasi tomonidan tashkil etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov trening ishtirokchilarini qutlar ekan, BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan 2021-yil 7-iyunda ratifikatsiya qilinganini qayd etdi. Konvensiyaning asosiy maqsadi nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari tenglik asosida toʻliq amalga oshirilishini ragʻbatlantirish, himoya qilish va taʼminlashdan iboratligi alohida taʼkidlandi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, milliy qonunchilikni takomillashtirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini himoya qilish yuzasidan jamoatchilik monitoringini oʻtkazish, xalqaro majburiyatlarni bajarish boʻyicha milliy va muqobil maʼruzalar tayyorlash jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etmoqda.

    Bu omil, ayniqsa, BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini nafaqat ratifikatsiya qilish, ayni chogʻda, uning ijrosini taʼminlash jarayonlariga ham davlat tuzilmalari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlar keng jalb etilgani misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

    Yurtimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot faoliyat yuritmoqda. Mazkur nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.

    Konvensiya ratifikatsiya qilingandan soʻng uning ijro etilishi sohasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, Konvensiya qoidalarini amalga oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi xalqaro ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan berilgan takliflar asosida takomillashtirildi. Milliy harakatlar rejasini Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasiga kiritish rejalashtirilgan.

    Maʼlumki, BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasida ishtirok etuvchi davlatlar Konvensiyani ratifikatsiya qilganidan soʻng dastlab 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta milliy maʼruza taqdim etib borishi zarur.

    Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining dastlabki milliy maʼruzasini 2023-yil iyul oyida topshirish moʻljallangan. Shu bilan birga, BMTning tegishli qoʻmitalari fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan taqdim etiladigan muqobil maʼruzalarni olqishlaydi.

    Bu, oʻz navbatida, davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillarini yanada faol boʻlishga chorlaydi. Shu munosabat bilan joriy seminar-treningda Oʻzbekistonning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga rioya etishi yuzasidan muqobil maʼruza tayyorlashda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning salohiyatini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Trening davomida “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya – huquq standartlari va unsurlari”, “BMT Nogironlar huquqlari boʻyicha qoʻmitasining milliy maʼruzalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq faoliyati tahlili”, “Muqobil maʼruzalarni tayyorlashga doir talablar” kabi mavzular muhokama qilinadi.

    Mashgʻulotlarga BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakolatxonasi milliy dasturlari muvofiqlashtiruvchilari Erkin Isaqulov va Yuliya Voslava trenerlik qilmoqda.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazi matbuot xizmati.