Tadbirda odam savdosiga qarshi kurashishda milliy, mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida yangi yondashuv va takliflarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama etildi.
Davra suhbatida Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda, eng avvalo inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash yoʻnalishida islohotlar amalga oshirilgani, bu yoʻnalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilganini alohida qayd etib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, odam savdosi jinoyati xalqaro hamjamiyatda barcha davlatlar uchun global muammo sifatida namoyon boʻlmoqda. Ushbu illat keng qamrovli muammo boʻlib, u nafaqat odam savdosi bilan bogʻliq, balki inson huquqlarini taʼminlash, uning salomatligi, ona va bola xotirjamligi, taʼlim, xavfsiz migratsiya, mehnat ekspluatatsiyasi masalalari bilan chambarchas bogʻliq. Shuning uchun ushbu jinoyat transmilliy ahamiyat kasb etib, bir davlatdan ikkinchisiga yoki yana boshqa davlatlarga bogʻlanib davom etadi va global xavfsizlikka tahdid qiladi.
Bunday sharoitda, eng avvalo, odam savdosiga qarshi kurashish milliy tizimini takomillashtirish, qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazani mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish davr talabi hisoblanadi.
Davra suhbatida Oʻzbekistonda mazkur global illatga qarshi kurashishda davlat organlari bilan birgalikda fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik koʻrsatayotgani, sohani takomillashtirish xalqaro standartlar asosida amalga oshirilayotganiga eʼtibor qaratildi. Bu borada Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha milliy va hududiy komissiyalarning hamda ushbu masalalar boʻyicha Milliy maʼruzachi institutining faoliyati milliy va mahalliy darajada har tomonlama, muvofiqlashtirilgan va taʼsirchan choralarni amalga oshirish imkonini beryapti.
Taʼkidlash joiz, xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalari asosida milliy qonunchilikda odam savdosiga oid jinoyatlar uchun jazo masalalari kuchaytirildi, shuningdek, ochiqlik tamoyillariga tayangan xolda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib, bu boradagi ishlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi.
Tadbir davomida xalqaro ekspertlar tomonidan soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan islohotlarga yuksak baho berildi.
Taʼkidlanganidek, AQSH Davlat departamentining Dunyoda odam savdosi toʻgʻrisidagi soʻnggi yillardagi hisobotlarida Oʻzbekiston Respublikasining odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi faoliyati yuqori natijalarga erishgani natijasida, alohida kuzatuv ostidagi davlatlar roʻyxatidan chiqarilib, xalqaro standartlarni toʻliq bajarish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirayotgan davlatlar roʻyxatiga kiritildi.
Shuningdek, 28-sentyabrda AQSH Mehnat vazirligi tomonidan eʼlon qilingan “Bolalar mehnatining eng yomon koʻrinishlari” toʻgʻrisidagi yillik hisobotda Oʻzbekiston Respublikasining pozitsiyasi eng yuqori – “muhim oʻzgarishlarni amalga oshirgan davlatlar” qatoriga kiritildi. Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston 131 davlat ichidan eng yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan 9 ta davlat qatoridan oʻrin olgan.
Odam savdosiga qarshi kurashishda, sohaga xalqaro standartlarni joriy etishda YEXHTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan samarali hamkorlik amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
YEXHTning Odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha maxsus vakili V.Richi, tashkilotning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari, mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda qator davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari maʼruza bilan ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida YEXHT doirasida odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, oʻzbekistonlik mehnat migrantlari faoliyat yuritayotgan davlatlarning parlamentlari, hukumatlari, tegishli idoralari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.