Ogohlik — millionlab yosh taqdirlar hayotini asraydi

    Respublika boʻylab 1-oktyabrdan 31-oktyabrgacha “Giyohvandlikka qarshi kurashish boʻyicha “Dolzarb oylik” eʼlon qilingan. Mazkur “Dolzarb oylik” doirasida idoralararo kompleks targʻibot tadbirlari viloyatning barcha shahar tumanlarida oʻtkazilmoqda.

    Xususan, shu yilning 4-oktyabr kuni Fargʻona davlat universitetining Maʼnaviyat va Maʼrifat markazida ushbu maqsadlarga qaratilgan seminar mashgʻuloti tashkil etildi.

    Tadbirda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Viloyat hokimligi, Fargʻona Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, Fargʻona davlat universiteti rahbariyati, professor-oʻqituvchilar, profilaktika nozirlari, psixologlar hamda tyutorlar ishtirok etdi.

    Tadbir avvalida universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov auditoriyaga seminar maqsadini tushuntirar ekan, Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan oʻzgarishlar va Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan katta islohotlarga daxldorlik avvalo, ogohlikdan, yosh avlodni yomon illatlardan jinoyatlardan, giyohvandlik, ruhiy qaramlikdan asrashdan boshlanishini taʼkidladi.

    Oʻquv seminarida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshanjon Mamatov oʻz soʻzida yoshlarda giyohvandlikka qarshi kuchli immunitetni shakllantirishda ziyoli qatlam bosh boʻgʻin ekanini aytib oʻtdi. Bu borada hokimlik guruh rahbari Yusufjon Kamolov yetakchiligida Fargʻonada, shuningdek, Fargʻona davlat universitetida ushbu profilaktika oyligi faollik bilan tashkil etilayotganligini eʼtirof etdi.

    — Barcha ustozlarimizni oʻtgan kasb bayramlari bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ular har sohada bizning tayanchimizdir. Qolaversa, Fargʻona davlat universiteti ham mening baxtli talabaligim oʻtgan qadrdon maskan” — dedi markaz direktori.

    Oʻquv jarayonida xotin-qizlar, yoshlar orasida kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni isteʼmol qilishga murosasiz munosabatni shakllantirish, taʼlim muassasalarida psixofaol moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi taʼsirchan targʻibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik mexanizmlarni joriy etish yuzasidan tyutorlar bilan jonli muloqot olib borildi.

    — Oʻzbekistonda esa aholining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Bu vaziyatda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarning noqonuniy aylanmasining yangicha, ayniqsa, internet tarmogʻidagi usullaridan hamisha xabardor boʻlishimiz lozim, — Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov.

    Seminar davomida talaba-yoshlar oʻrtasida giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarga qarshi kurashish usullari, natijalari muhokama qilindi va ishtirokchilarga targʻibotda foydalanishlari uchun tavsiya tariqasida ushbu holatlarning ayanchli oqibatlari aks etgan videorolik namoyish etildi.


    Hamkorlik materiali