Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizda yotoqxonalarga boʻlgan ehtiyojni qondirishning bosqichma-bosqich, lekin jadal yechimi boʻyicha oʻziga xos tizim yaratildi. Bu esa, oʻz navbatida, talabalarni turar joy bilan taʼminlash masalasining dolzarbligini yanada oshirdi.
Qayd etish lozimki, mazkur tizim asosida, birinchidan, mavjud talabalar turar joylaridagi yashash xonalarini optimallashtirish va ikki qavatli karavotlarni oʻrnatish orqali qoʻshimcha 20 ming oʻrin tashkil etildi. Shuning dek, davlat byudjeti mablagʻlari, oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari puli hamda davlat-xususiy sheriklik va ijara asosida qoʻshimcha 11,4 ming oʻrinli 29 ta talabalar turar joyi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Natijada oʻtgan yilning oʻzida qoʻshimcha 32,1 ming oʻrin yaratildi va davlat oliy taʼlim muassasalaridagi talabalar turar joylari soni 257 taga yetkazildi. Bu 91,4 ming talabani joylashtirish imkoniyatini yaratdi va yotoqxonaga ehtiyojning 41 foizi qoplandi. Shunga qaramasdan, hozir qoʻshimcha 131,6 ming oʻrinli talabalar turar joylariga ehtiyoj saqlanib qolmoqda.
Yoshlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor tufayli yotoqxona bilan taʼminlanmagan hamda oʻziga, shu jumladan, ota-onasiga tegishli boʻlmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan toʻlanadigan oylik ijara toʻlovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda.
Hududlarda talabalar turar joylarini tadbirkorlik subyektlari mablagʻlari hamda byudjet subsidiyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida qurish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yil 9-sentyabrdagi “Respublika oliy taʼlim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2022-2025-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 85 ta oliy taʼlim muassasasida 91,2 ming oʻrinli 228 ta talabalar turar joyini qurish belgilangan. Bundan tashqari, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ushbu davr mobaynida talabalar turar joylari sonini 100 ming oʻringa yetkazish, jumladan, bu yil 18 800 oʻrinli 47 ta talabalar turar joyini barpo etish, 2026-yilga qadar esa talabalarni yotoqxona bilan taʼminlash darajasini 60 foizdan oshirish koʻrsatib oʻtilgan.
Avvaliga mazkur tizimni yoʻlga qoʻyishning dastlabki bosqichida tadbirkorlar tomonidan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yotoqxona barpo etish boʻyicha loyihalarda ishtirok etishga yetarli darajada qiziqish bildirilmadi. Sababi, yotoqxona uchun qurilgan binoning DXSH shartlari muddati tugaganidan keyin oliy taʼlim muassasasi balansiga toʻliq oʻtib ketishi va tadbirkorga mulk shaklida qolmasligi, DXSH bitimlari tuzishda loyiha baholash hujjatlariga muvofiq bitimning amal qilish muddati kamligi, ayrim turdagi loyihalarda har bir yotoq oʻrni uchun toʻlanadigan subsidiya miqdorining kamligi boʻldi.
Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 4-mart kuni oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda 2021-yilda talabalar yotoqxonasi boʻyicha tizim yaratilgani taʼkidlandi, lekin barcha hududlarda ham qurilish ishlari bir xil olib borilmayotgani qayd etildi. Shuningdek, talabalar uchun yotoqxonalar qurish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Jumladan, qaysi oliygoh rektori yotoqxona qurilishining 50 foizini oʻzi rahbarlik qilayotgan oʻquv muassasasi mablagʻi hisobidan amalga oshirish tashabbusini bildirsa, qolgan 50 foizi byudjetdan qoplab berilishi belgilandi.
Vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining bu yil 6-maydagi “Talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan Talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish uchun davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylarini qurishda keng imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilgan yotoqxonalardagi bir yotoq oʻrni uchun davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiya miqdori oshirildi.
Talabalar turar joylarini qurgan tadbirkorlarga ikki tomonlama kafolatlangan mablagʻ toʻlanadi. Dasturning jozibadorligini oshirish uchun subsidiya ikki barobar oshirildi. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini erkin kelishiladigan shartlar asosida moliyalashtirish boʻyicha 1 nafar talaba uchun bir yilga beriladigan subsidiya bazaviy hisoblash summasining 25 barobari (6 million 750 ming soʻm) miqdorida qoplab beriladi. Bu jarayonda oliy taʼlim muassasasi hisobidan kafolatli tarzda bazaviy hisoblash miqdorining 0 barobari va byudjet hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobari qoplab beriladi. Bu tadbirkorga 1 yilda 3 milliard soʻmga yaqin daromad olib keladi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 15-apreldagi “Byudjetlararo munosabatlarni va soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorida tadbirkorlarga qulay sharoit yaratish uchun subsidiyalar miqdorini oshirish, mulkka egalik huquqini qayta koʻrib chiqish belgilandi. Talabalar turar joylarini oʻz mablagʻi hisobidan qurgan mahalliy tadbirkorlarga bino umumiy maydonining 20 foizdan oshmagan qismiga boʻlgan mulk huquqini tadbirkorga oʻtkazish belgilandi. Yaʼni davlat-xususiy sheriklik asosida barpo qilinadigan yotoqxonalarning 20 foizi tadbirkorga mulkiy huquq sifatida kadastr bilan rasmiylashtirib beriladi. Deylik, ajratilgan yerda tadbirkor kamida 400 oʻrinli bino quradi va uning kamida 200 oʻrnidan oliy taʼlim muassasasi bilan kelishilgan narxda foydalanadi. Qolgan 200 oʻrniga tijoriy narx belgilaydi. Bu shaklda tadbirkor bir yilda qariyb uch milliard soʻm atrofida tushumga ega boʻladi. Bu — bitta toʻrt yuz oʻrinli yotoqxonadan keladigan daromad.
Eʼtiborlisi, tadbirkor bu oʻrinda oʻzi uchun qoʻshimcha daromad olishi mumkin. Yaʼni kelishilgan miqdordan ortiq qurilgan joydan oʻzi foydalanishi uchun imkoniyat mavjud.
Yana bir yangilik shuki, tadbirkor koʻp qavatli binodan talabalar uchun 400 oʻrin ajratsa boʻldi. Qolgan qismiga oʻz mablagʻi hisobidan mehmonxona yoki turli oʻquv kurslari, xizmatlar koʻrsatish shoxobchasi ochishi mumkin.
Agar tadbirkor yangi bino qurmay turib shaxsiy mulki, oʻzida mavjud bino inshootni talabalar turar joyiga oʻzgartirib, foydalanishga bersa, davlat tomonidan beriladigan bazaviy hisoblash summasining 15 barobari miqdoridagi subsidiyaga ega boʻladi. Qisqasi, yangi tartib joriy etilishi oliy taʼlim muassasasining ham, tadbirkorning ham, talabalarning ham manfaatiga xizmat qiladi.
Ayni paytda bu yangiliklar hayotga tatbiq etilmoqda. Hozirda tadbirkorlarga berilayotgan ushbu imtiyozlar tufayli 24 ta oliy taʼlim muassasasida jami 12 500 oʻrinli talabalar turar joylarini qurish ishlari allaqachon boshlab yuborildi. Shundan 15 tasi davlat-xususiy sheriklik, 6 tasi davlat dasturi asosida hamda 3 tasi 100 foiz muassasalarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan barpo etilmoqda.
Qayd etish lozimki, birgina davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan 7500 oʻrinli yotoqxonalar loyihasining umumiy qiymati 260 milliard soʻmni tashkil qiladi. Samarqand davlat chet tillari instituti uchun qurilayotgan, yil yakuniga qadar tugallanishi kutilayotgan talabalar turar joyi 500 oʻringa moʻljallangan. Mazkur turar joyni qurish uchun 32,1 milliard soʻm mablagʻ sarflanadi va u toʻliq tadbirkorning mablagʻi hisobidan barpo etiladi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida Andijon davlat universiteti hududidagi 4 gektar boʻsh maydonning 30 sotixida 400 oʻrinli zamonaviy talabalar turar joyi qurilmoqda. Unga 27,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Mablagʻning 10,8 milliard soʻmi davlat byudjetidan ajratilgan, qolgan qismi tadbirkorning shaxsiy hisobidan. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida Fargʻona politexnika instituti hududidagi boʻsh maydonning 30 sotixida 400 oʻrinli zamonaviy talabalar turar joyi qurilmoqda. Unga 25 milliard soʻm yoʻnaltirilgan. Mablagʻning 10,8 milliard soʻmi davlat byudjetidan, qolgani tadbirkorning shaxsiy mablagʻi.
Berilgan imtiyoz va imkoniyatlar xalqaro tashkilotlarni ham oʻziga jalb etmoqda. Yaqinda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining oliy taʼlim muassasalari uchun yotoqxonalar qurish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangani fikrimiz dalilidir.