Oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlariga chek qoʻyiladi

    Xavfsizlik 28 Noyabr 2023 1053

    Joriy yil 28-noyabrda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida yer qaʼri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi masʼul rahbar xodimlarining axborotlari eshitildi. Shuningdek, Qoʻmita tomonidan mazkur sohada oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari muhokama etildi.

    Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish bilan shugʻullanishning huquqiy mexanizmlari yaratildi.

    Xususan, Prezidentimizning 2018-yil 26-noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi natijasida 2019–2023-yillarda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun “Ye-auksion” orqali 270 ta obyektga ruxsatnoma berilgan.

    Olib borilgan oʻrganishlar, aholi bilan bevosita muloqotlar, qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi holati hamda huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili sohada qator muammo va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.

    Jumladan, oltin va qimmatbaho metallarni qonuniy qazib olishning afzalliklari yuzasidan vakolatli organlar tomonidan targʻibot ishlari yetarli darajada olib borilmaganligi natijasida Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida aholi tomonidan ochiq maydonlarda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yildan-yilga koʻpayib boryapti.

    2020-yilda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yuzasidan 34 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 463 tani, 2022-yilda esa qariyb 1 500 tani tashkil etgan.

    Ochiq maydonlarda qazib olish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmaganligi oqibatida 2021–2022 va 2023-yilning 10 oyida qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan yoki qum va tosh bosib qolib, vafot etgan.

    Bundan tashqari, ochiq maydonlarda noqonuniy oltin qazib olish jarayonlariga voyaga yetmaganlarni ham jalb etish holatlari mavjud.

    Shu bilan birga, tarkibida oltin va qimmatbaho metallar boʻlgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan shugʻullanuvchi shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 702-moddasi bilan qoʻllaniladigan jarima miqdori kam belgilanganligi ham mazkur yoʻnalishdagi qonunbuzilish holatlarining ayni bir shaxslar tomonidan takror sodir etilishiga sabab boʻlyapti.

    Jumladan, bugungi kunda 102 nafar jismoniy shaxs tomonidan qimmatbaho metallarni noqonuniy yoʻl bilan qazib olish holati takroriy sodir etilgan.

    Bundan tashqari, “NKMK” AJ, “OKMK” AJ va boshqalar tomonidan zaxiraga olingan shaxta va karyerlar atrofi oʻrab olinib, qoʻriqlanishi taʼminlanmagan.

    Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining hududiy ekspeditsiyalari tomonidan shaxta va shtolnyalarni loyiha boʻyicha ish tugatilgandan soʻng oʻrnatilgan tartibda toʻliq yopish choralari koʻrilmagan, bu esa mazkur hududlarda oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olayotgan fuqarolarga noqonuniy qazib olish ishlarini olib borishga sharoit yaratib beryapti.

    Maʼdanli toshlar tarkibida qimmatbaho metallar miqdorini aniqlash yuzasidan ekspertiza oʻtkazishga oid normativ–huquqiy hujjat mavjud emas.

    Muhokamalardan soʻng Qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mutasaddi vazirlik va idoralarni jalb etgan holda sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.

    Xususan, kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli idoralararo “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, uni ijrosi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, yer qaʼri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishda amaldagi qonunchilik hujjatlarini, jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Jinoyat kodekslaridagi tegishli javobgarlik choralarini qayta koʻrib chiqib, ularni takomillashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

    Shuningdek, xalq deputatlari Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlari, tuman (shahar)lar Kengashlariga oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlarining oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlarning holatini hududiy masʼul idoralar rahbarlarini jalb etgan holda muntazam tanqidiy muhokama qilish tavsiya etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Tadbir yakunida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining mazkur takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.