Ona va bola markazida dolzarb muammolar tahlili olib borildi

    Salomatlik 18 Yanvar 2024 1359

    Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIOvaBSIATM)da markazning viloyat filiallari rahbarlari va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining masʼul xodimlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda bir qator dolzarb masalalar va muammolar muhokama etildi.

    Tadbirda Markaz avvaldan faoliyat yurgizib kelayotgan uchta xizmat — akusherlik va ginekologiya, reproduktiv salomatlik, hamda ona va bola skriningi funksiyalarini birlashtirishi taʼkidlandi.

    Endi joriy yildan boshlab, ushbu yoʻnalishlarda mavjud boʻlgan muammolar va “tor joylar”ni aniqlash boʻyicha yigʻilishlar muntazam ravishda oʻtkazib boriladi. Ular davomida yuzaga kelgan xulosa va takliflar tahlil va qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etiladi.

    Yigʻilishda Sogʻliqni saqlash vazirligi vakillari koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarning, tibbiyot muassasalari auditi sohasidagi zamonaviy normativ-huquqiy hujjatlarning, kadrlar tayyorlash darajasining, korrupsion holatlarga eʼtiborning, moliyaviy intizomlarga rioya etish va boshqalarning amaldagi standartlarga muvofiqligi masalasini koʻtardi.

    Majlis davomida RIOvaBSIATMning 14 ta viloyat filiallari direktorlari oʻzlarini oʻylantirayotgan savollarni bayon qildi. Bular, perinatal yordamni regionalizatsiya bilan bogʻliq muammolar, xususan, ogʻir kechayotgan kasallik bilan kasallangan, muddatidan avval tugʻayotgan bemor ayollarni viloyat miqyosidagi muassasalarda yotqizib davolash kerak yoki aksincha, xavf alomatlari kuzatilmagan, belgilangan muddatda tugʻayotgan ayolni birlamchi boʻgʻindagi tugʻruq kompleksiga yuborish kerakligi taʼkidlandi.

    Ona va bola salomatligini muhofaza qilish xizmatini samarasini oshirishda amalga oshiriladigan muhim vazifalardan biri bu raqamlashtirishdir. Jumladan homiladorlarning yagona elektron bazasini yaratish ham. Bunda har bir homilador ayol toʻgʻrisidagi maʼlumot maʼlumotlar bazasiga ayolning shifokorga dastlabki uchrashidayoq kiritiladi. Kiritilgan maʼlumotlar tugʻruq komplekslari, jumladan, RIOvaBSIATM va uning hududiy filiallari shifokorlariga maʼlum boʻlishi inobatga olinadi.

    Shuningdek, alohida vaziyatlarda katta miqdorda kerak boʻlib qolishi mumkin boʻlgan qon preparatlari bilan taʼminlanish masalasi ham koʻtarildi. Tugʻruqqacha boʻlgan davrda davolashga yotqizilgan bosqichda qon ketish xavfi katta boʻlgan ayollar uchun qon preparatlari zaxirasini avvaldan taʼminlash tizimini ishlab chiqish zarur.

    Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari direktorlarini oʻylantirgan yana bir masala — bu polipragmaziya yoki bemorga katta miqdordagi dori vositalarini asossiz buyurish. Shunday holatlar mavjudki, ilgari klinik protokollar boʻyicha 1-3ta dori vositasi buyurish oʻrniga bir qator dori vositalarining buyurilishi natijasida bemorlarning holati yomonlashgan. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, koʻpincha dorixonalar, firma blanklariga emas, balki shifokorning muhri bosilmagan oddiy qogʻozga asosan dori sotgan holatlari koʻp uchrayapti. Dori vositalarining koʻp va ortiqcha qabul qilinishi natijasida paydo boʻlgan kasalliklarni keyin davolashga toʻgʻri kelyapti.

    Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.