Onkologiya va gematologiya sohasidagi muammolarga munosib echim

    Sog'liqni saqlash tizimini zamon talablari darajasida isloh qilish kun tartibidagi muhim masalalardan. O'n yillar mobaynida tibbiyot sohasida yig'ilib qolgan qator muammolar chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo'yicha chora-tadbirlar amaliyotga joriy etilmoqda.

    Tan olish kerak, onkologiya va gematologiya sohasi o'z holiga tashlab qo'yilgan edi. Natijada ilg'or tajribalar amaliyotga joriy etilmadi. Zarur dori-darmon va jihozlar taqchilligi yuzaga keldi va bemorlarning sog'ayib ketish ko'rsatkichi pasayib ketdi. Bu holat yuzasidan davlatimiz rahbari bir necha bor tanqidiy munosabat bildirdi. Sohada ijobiy o'zgarishlar kuzatilsa-da, biroq vaziyatni yanada yaxshilash uchun kompleks, ilmiy yondashuvga ehtiyoj bor edi

    Prezidentimiz Ramazon hayiti kunlarida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya va onkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurib, u erdagi sharoitlar bilan tanishdi. Og'ir kasallikdan aziyat chekayotgan bolalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi, u erdagi shart-sharoit bilan tanishdi. Mas'ullarga bu borada qilinishi lozim bo'lgan vazifalar bo'yicha aniq ko'rsatmalar berdi. Qarorda ayni shu masalalar o'z ifodasini topgan.

    Davlatimiz rahbarining kuni kecha e'lon qilingan “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qarori onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni samarali davolash, aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

    Qarorning muhim va tarixiy qismi bolalar gematoonkologiyasi va onkologiyasiga bag'ishlangan. Dunyo bo'yicha bolalarda yiliga 200 mingdan ortiq gematologik va onkologik tashxis qo'yiladi. Rivojlangan mamlakatlarda esa bu xastalikdan o'lish ko'rsatkichi 20 foizni tashkil etadi. O'zbekiston bu borada 30 yil orqada qolgan edi.

    Prezident qarorida respublikamizda aynan bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasini tubdan o'zgartirish to'g'risidagi muhim topshiriqlar ta'kidlab o'tilgan. 2022 yil 1 yanvardan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat yuritishi sohaning jahon standartlariga mos bo'lishidagi muhim qadamdir.

    Hujjatda ikki oy muddatda bolalar gematologiyasi, onkologiya va klinik immunologiya sohasini rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqish topshirig'i ham berilgan. Ushbu kontseptsiyada bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasini alohida soha sifatida rivojlantirish, bolalarni davolashda mul`tiditsiplinar yondashuvni, kimyoterapiya uchun zarur bo'lgan eng zamonaviy dori-darmonlar ta'minotini hamda immunnogenetik va tsitogenetik tekshiruvlarni yo'lga qo'yish, bemor bolalarning statsionar davolanishi jarayonida ota-onalar uchun sharoit yaratish kabi ko'plab jarayonlarni ta'minlash nazarda tutilgan.

    Yuqoridagilarni amalga oshirish orqali bolalar o'rtasida gemato-onkologik kasalliklar bo'yicha shifo topish imkoniyati 80, ba'zi kasallik turlari bo'yicha esa 100 foizga etishiga erishiladi.

    Qarorda har bir tuman(shahar)dagi ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalar tarkibidagi “Ayollar maslahatxonasi bo'limi” negizida “onko-nazorat” kabinetlarini tashkil etish, ularni to'liq jihozlash va kadrlar bilan ta'minlash topshirig'i berilgan. Bu tuzilma ayollarda dunyo bo'yicha eng yuqori o'lim ko'rsatkichiga sabab bo'layotgan onkologik kasalliklarni o mmaviy skrining orqali erta aniqlash yo'li bilan davolash samarasini bir necha marotaba oshirishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, har bitta viloyatga mobil` mammografik uskuna xarid qilinishi belgilangan. Bu esa ko'krak suti bezi saratoni kasalligini ilk davridayoq aniqlash va bemorning tuzalishini 90 foiz ta'minlash imkonini beradi.

    Mutaxassislarning fikricha, gematologiya va onkologiya sohasida tashxis, laboratoriya, davolash va intensiv muolaja bo'limlari yaxlit bir majmuada bo'lishi kerak. Biroq amaldagi tibbiyot markazlari bu talablarga javob bermaydi. Bino va jihozlar eskirgan va bir qator muammolarga sabab bo'lib kelayotgan edi. Qarorda tegishli tashkilotlarga 2021 yil 1 sentyabrga qadar yangi binolarni zamonaviy talablar asosida, xususan, kattalar va bolalar uchun alohida jarrohlik, jonlantirish, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantologiya bo'limlari, shuningdek, radio diagnostika va radio davolash bo'limlari, bakteriologik laboratoriya, maxsus ovqat tayyorlash bo'linmasini, bolalarga ta'lim olish imkoniyatini yaratishni nazarda tutgan holda, qurilish va tibbiy texnikalar bilan jihozlanishi yuzasidan aniq vazifalar yuklatilgan.

    Suyak ko'migi o'zak hujayralarini ko'chirib o'tkazish amaliyotini birinchi bosqichda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, keyinchalik esa Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida o'tkazish uchun sharoit yaratiladi.

    Qarorga ko'ra, mamlakatimizda o'zak hujayralari transplantasiyasini yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Jahon standartlari bo'yicha alohida maxsus jihozlar bilan jihozlangan trans plantasiya bo'limlari tashkil qilinadi. Bundan tashqari, yangi yo'nalishlardan biri yuqori texnologik hujayra, gen va molekula darajasida tashxis qo'yuvchi maxsus yuqori texnologik laboratoriyalar tashkil qilinishi hamda transplantatsiya uchun g'oyat muhim hisoblangan transfizuologiya xizmatini yanada rivojlantirish, qon va o'zak hujayralari banki yaratish masalalari ko'zda tutilgani e'tiborga molik.

    Elmira BOSITXONOVA,

    sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari,

    Oliy Majlis Senati a'zosi