Tashkilot 1993-yilda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Turkiya oʻrtasidagi kelishuv natijasida tashkil etilgan edi. Keyinchalik unga boshqa davlatlar kuzatuvchi sifatida qoʻshildi. TURSKOY tashkilotining maqsadi – turkiy xalqlarning maʼnaviy yaqinligi va qardoshlik birligini mustahkamlash, turkiy madaniyatni dunyoga tanitish va uning anʼanalarini kelajak avlodlarga yetkazish hisoblanadi.
Aazaldan tarixi, tili va dini, urf-odat va anʼanalari, bugungi orzu-intilishlari mushtarak boʻlgan xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashda TURKSOYning ulkan oʻrni hamda ahamiyati bor. Bugunga kelib tashkilot doirasida turkiy millatlarning maʼnaviy birligini taʼminlash, mushtarak qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, umumiy boyligimiz boʻlmish noyob tarixiy merosimizni oʻrganish va targʻib etish, buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng koʻlamli madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirib kelinmoqda.
Hamkorlikning amaliy samarasi sifatida yurtimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumi nashr etilgani, unga Oʻzbekiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 450 dan ziyod mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari kiritilganini taʼkidlash mumkin.
Shuningdek, turkiy dunyoning siyosat, ilm-fan, tibbiyot, adabiyot va sanʼat sohalarida ulkan yutuqlarga erishgan namoyandalarini ragʻbatlantirish maqsadida buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilgani madaniy hayotimizda muhim voqea boʻldi.
TURKSOYning 30 yillik qutlugʻ sanasiga bagʻishlangan madaniyat kunlarining aʼzo davlatlar poytaxtlari hamda BMT, YUNESKO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning rasmiy qarorgohlarida keng nishonlanishi – bu avvalo, jahon hamjamiyatining turkiy xalqlar madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga yuksak hurmat-ehtiromi ramzidir.
Poytaxtimizda oʻtkazilayotgan madaniyat kunlari tadbirlarida ham aʼzo davlatlarning atoqli madaniyat va sanʼat namoyandalari, shoir va rassomlari, kino ijodkorlari, isteʼdodli yoshlari jam boʻlishgan. “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti yubileyiga bagʻishlangan tantanali tadbir va konsert dasturi boʻlib oʻtdi. Toshkent shahridagi Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida “Turk dunyosi” nomli rassomlar va hunarmandlar koʻrgazmasi, turkiy dunyo xalqlarining milliy oshxonalariga oid gastronomik namoyish tashkil etildi.
Shuningdek, turkiy tilli davlatlarning nufuzli xalqaro tashkilotlari rahbarlari va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi oʻrtasida madaniyat va sanʼat, noshirlik, media, turizm kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishga oid muloqot va uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Muloqotlar davomida turkiy tilli davlatlarning vakillari hamkorlikning galdagi istiqbollari belgilab olindi.
– Biz Madaniyat va turizm vaziri bilan birgalikda mamlakatingiz hamda TURKSOY davlatlari madaniy-maʼrifiy hamkorligining ayrim jihatlarini koʻrib chiqdik, – deydi tashkilot bosh kotibi Sulton Rayev ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida. – Kelgusida birgalikda amalga oshirilishi kerak boʻlgan qator dolzarb masalalar xususida fikr yuritdik. Ulardan biri – jadidlar faoliyatiga oid simpoziumni oʻtkazish. Tarixdan bilamizki, jadidlar nafaqat Oʻzbekiston, shuningdek butun Markaziy Osiyodagi ilk maʼrifiy harakatlardan sanaladi.
Shuningdek, yana bir muhim masala – Fargʻona viloyatida TURKSOY olamining xalqaro etnomoda festivalini oʻtkazish boʻyicha ham maslahatlashib olindi. Uchrashuvlarda yangi tashabbuslarga asos boʻlayotgan tadbirlarning ishtirokchilarga Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan yoʻllangan tabrik xalqaro miqyosdagi bu tantanalarga oʻzgacha ruh, yanada koʻtarinkilik bagʻishlagani qayd etildi.
Madaniyat kunlari doirasida bir guruh taniqli madaniyat va sanʼat namoyondalari turkiy davlatlar orasida madaniyat va sanʼatni keng targʻib qilgani, mukammal ijro va professonal mahoratga ega, turkiy davlatlarda obroʻ va etibor qozongan shaxslar uchun taʼsis etilgan “Oltin medal” bilan taqdirlandi.
Ushbu yuksak mukofotga munosib koʻrilganlar safida Oʻzbekiston halq artistlari Sherali Joʻrayev, Yodgor Saʼdiyev, Ozodbek Nazarbekov, Yulduz Usmonova, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sanʼat arbobi, professor Baxtiyor Sayfullayev (marhum) kabi elimizning suyukli farzandlari bor.
– Soʻnggi yillarda turkiy dunyo mamlakatlari orasidagi doʻstlik munosabatlari har tomonlama rivojlanib bormoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Jumladan, madaniyat sohasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqdi. Oʻzaro hamjihatlikda oʻzaklari bir nuqtaga tutashuvchi qadim turkiy madaniyatni rivojlantirish yoʻlida koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda, munosabatlar tobora mustahkamlanmoqda.
Mamlakatimizda tashqi siyosat sohasida olib borilayotgan ochiq va konstruktiv, oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan yangilanish jarayonlari qoʻshni va qardosh davlatlar bilan samimiy, doʻstona, oʻzaro birodarlik, yaxshi qoʻshnichilikka, ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarni yoʻlga qoʻyishda muhim asos boʻlmoqda. Bu jihatlar turkiy tilli davlatlarning oʻzaro hamkorligini ilgari misli koʻrilmagan tarzda yangi bosqichga olib chiqish imkonini bergani bilan ham ahamiyatlidir.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri