Shu maʼnoda bugun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hamid Nayyirobodiy bilan uchrashdi.
Unda uyushma raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi” va “Zvezdo Vostoka”, “Yoshlik” jurnallari bosh muharrirlari Ahmadjon Meliboyev, Sirojiddin Rauf, Nurilla Chori, Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima boʻlimi vakillari Rustam Musurmon, Risolat Haydarova, uyushma aʼzosi Olimjon Davlatov ishtirok etdi.
– Alisher Navoiyning Farididdin Attor ijodiga boʻlgan hurmati ikki adabiyot doʻstligining yorqin sahifasidir, – dedi uyushma raisi Sirojiddin Sayyid. – “Mantiq ut-tayr”ni yod olgan, uning taassurotlari bir umr onggida, yuragi qatida saqlab yurgan Alisher Navoiy umri poyonida u asarga javob, tazmin tarzida “Lison ut-tayr” asarini yozgan.
– Oʻzbekistonda keyingi yillarda har jabhadagi ulkan oʻzgarishlarga guvoh boʻlmoqdamiz, – deydi Hamid Nayyirobodiy. – Shu bilan birga oʻzbek adabiyotiga boʻlgan qiziqishim va hurmatim cheksizdir.
Eron adabiyotidan qilingan soʻnggi tarjimalar qatorida Ali Muhammad Afgʻoniyning “Ohu xonimning eri” romanini, Ehson Tabariy, Nodir Nodirpur, Salmon Hirotiy, Furoʻgʻ Farruxzod, Qaysar Aminpur, Samad Behrangiy sheʼrlarini, Sodiq Hidoyat, Faridun Amuzoda Xaliliy, Faridun Tonkaboniy, Xusrav Shohoniy, Hushang Murodiy Kermoniy hikoyalarini koʻrsatish mumkin. Bu tarjimalar “Jahon adabiyoti” jurnalida chop etildi, deya taʼkidladi Ahmadjon Meliboyev.
Muzokaralarda ikki davlat oʻrtasidagi adabiy aloqalarni bundan-da rivojlantirish va bu yoʻldagi aniq taklif-rejalar oʻrtaga tashlandi. Fikr-mulohazalar bildirildi. Mumtoz va eng yorqin zamonaviy asarlarni oʻzbek-eron tillariga tarjima qilish, chop ettirish hamda adabiy hamkorlik uchrashuvlarni yana-da kengaytirish masalalarida kelishib olindi.
Uchrashuvdan soʻng elchi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyini tomosha qildi, durdona asarlar, ijodkorlar haqidagi maʼlumotlar va eksponatlar bilan tanishdi.