Oʻzbekiston 2020-yilda inqirozni oldini olishga muvaffaq boʻlgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri boʻldi

    OAV O‘zbеkiston haqida 7 Yanvar 2021 847

    Fransiyaning mashhur “Le Figaro” gazetasida “2020-yilda inqirozni chetlab oʻtgan mamlakatlar” sarlavhali maqola eʼlon qilindi. Materialda Oʻzbekiston koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yilda iqtisodiy inqirozni yengib oʻtgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri sifati eʼtirof etildi.

    Maqolada, Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, dunyoda yalpi ichki mahsulot 4 foizga kamaygani qayd etilgan. Oʻtgan yili butun dunyo duch kelgan iqtisodiy inqiroz jahon urushidan keyingi misli koʻrilmagan darajada boʻldi. “Yevropadan Amerikagacha, Afrikadan Osiyogacha boʻlgan qitʼalardagi mamlakatlar ushbu ”tarixiy zarba“dan qutulib qololmadilar. ”Le Figaro“ nashrining yozishicha, sanoqli davlatlargina ”sayyora sunami"siga dosh berib, qiyin 2020-yilda iqtisodiy oʻsishga erishgan.

    Nashr muxbiri Armel Boxinyost Markaziy Osiyoning uchta davlati, xususan Oʻzbekiston 2020-yilda ijobiy iqtisodiy faollik namoyish etganini taʼkidladi.

    "Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida mamlakatda iqtisodiy inqirozning oldi olindi. Xususan, ijtimoiy ehtiyojlar va sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar koʻpaytirildi, shuningdek, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, kichik va oʻrta korxonalarga COVID-19 bilan kurashish uchun katta yordam koʻrsatilgan.

    Boy tabiiy resurslarga (tabiiy gaz, metallar, oʻgʻitlar, paxta) va yuqori sayyohlik salohiyatiga ega boʻlgan ushbu davlat rahbari soʻnggi yillarda mamlakatni 2016-yilgacha hukmronlik qilgan “qattiq boshqaruv” modelidan chiqarish uchun keng koʻlamli iqtisodiy islohotlarni amalga oshirmoqda", deyiladi maqolada.

    “Le Figaro” gazetasiga koʻra, Jahon banki 2020-yilda turgʻunlikni oldini olishga muvaffaq boʻlgan 22 mamlakat, jumladan Xitoy, Turkiya, Vetnam va boshqa mamlakatlarni sanab oʻtgan.

    Fransiyada 1826-yilda tashkil etilgan ommabop “Le Figaro” gazetasi raqamli maʼlumotlar tarqatishda yetakchi oʻrinda turadi. Gazetaning yangiliklar sayti ham eng koʻp oʻquvchiga ega. Unga oyiga qariyb 23,5 million kishi tashrif buyuradi. Ayni paytda gazeta 329 ming nusxada chop etilmoqda.