Jumladan, Prezidentimiz tomonidan BMT koʻmagi ostida transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish boʻyicha Mintaqaviy markazni tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusi, Markaziy Osiyo mintaqasida transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish va ushbu yoʻnalishdagi muammolarni samarali yechimini topishga qaratilgan. Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusning dolzarbligi xususida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi Farrux Joʻrayev bilan suhbatlashdik.
— Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirishga, uni barqaror rivojlantirishga va jahon iqtisodiy aloqalariga bosqichma-bosqich qoʻshilishiga qaratilgan. Bu yoʻnalishdagi ishlarni samarali amalga oshirish uchun, shubhasiz xalqaro transport koridorlari orqali yangi bozorlarga chiqish zarur.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari transport-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida koʻrmoqda. Bu yoʻnalishda bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida havo qatnovi va Gʻalaba — Amuzang — Xushadi temir yoʻli tiklandi. Oʻzbekiston va Turkmaniston saʼy-harakatlari bilan Amudaryo orqali oʻtadigan Turkmanobod – Forob yangi temir yoʻl va avtomobil koʻpriklari ochildi. Ushbu koʻpriklar Oʻzbekiston – Turkmaniston — Eron — Oʻmon transport-tranzit yoʻnalishining muhim boʻgʻini hisoblanadi.
Afgʻonistondagi Hayraton – Mozori Sharif liniyasini ushbu mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga katta hissa qoʻshmoqda. Istiqbolda Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklashga xizmat qiladigan “Mozori Sharif – Hirot” temir yoʻlini qurish loyihasi amalga oshiriladi. Afgʻoniston bilan transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda transafgʻon yoʻlagi doirasida yangi temir yoʻllarini barpo etish istiqbolda Markaziy Osiyoning eng qisqa yoʻllar orqali Hind okeani va Fors koʻrfazidagi bandargohlarga chiqishini taʼminlaydi, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoni Yevropa va Xitoy bozorlari bilan bogʻlaydi.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida avtobus yoʻnalishlari, tezyurar temir yoʻl aloqalari ishga tushirildi. Qirgʻiziston bilan Markaziy Osiyodan ilk bor toʻgʻridan-toʻgʻri Xitoyga chiqadigan Toshkent – Andijon – Oʻsh – Irkeshtom – Qashgʻar avtomobil yoʻlagi boʻyicha qatnov yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy temir yoʻli qurilishi ham faollashdi. Uning amalga oshirilishi loyiha ishtirokchilari hamda Markaziy Osiyoning boshqa barcha davlatlari va Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish imkonini beradi. Shuni taʼkidlash lozimki, 2019-yilda Xitoy 2 trilliondan ortiq qiymatdagi mahsulotlarni import qildi, shu qatorida SHXT mamlakatlari bilan esa 100 milliard dollarni tashkil etdi. Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 15 yil ichida Xitoy importni 30 trillion dollarga yetkazmoqchi. Shuni taʼkidlash kerakki, tovarlarni Xitoydan Yevropaga Markaziy Osiyo orqali tashish masofasi dengizga qaraganda 2 barobar, Rossiya orqali oʻtadigan transport yoʻlagi boʻylab esa 2,5 barobarga qisqaroq.
Qolaversa, Markaziy Osiyo mamlakatlari Boku—Tbilisi—Kars transport koridori doirasida xam faol ishtirok etmoqdalar. 2020-yil boshidan Gruziyaga Oʻzbekiston orqali yuk tashish yoʻlga qoʻyildi. Ushbu yoʻnalish Turkiya va Yevropadan Markaziy Osiyo va Xitoyga doimiy ravishda yuk tashishni yoʻlga qoʻyishga imkon beradi. Markaziy Osiyoni Kaspiy orqali Yevropa bilan bogʻlash yuk tashish uchun qisqa yoʻlni taʼminlaydi.
Shu bilan birgalikda, mintaqada transport-logistika sohasida bir qator muammolar mavjud. Bugungi kunda dengiz portlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniga ega boʻlmagan mintaqa davlatlarining transport-tranzit xarajatlari sezilarli darajada katta boʻlib, ular eksport qilinayotgan mahsulot qiymatining 70-80 foizigacha yetmoqda. Bojxona tartib-taomillarining mukammal emasligi oqibatida yuk tashuvchilar tovarlarni yetkazib berishga ketadigan vaqtning 40 foizgacha boʻlgan qismini behuda yoʻqotmoqda.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeligida transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish boʻyicha Mintaqaviy markazni tashkil etish tashabbusi mintaqada transport-kommunikatsiyalar sohasini rivojlantirishga va bir qator ustuvor rejalarni roʻyobga chiqarishda, jumladan mintaqada transport-logistika sohasini umumiy rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy dasturlar va strategik ahamiyatga ega hujjatlarni qabul qilishga, toʻsiqlarni bartaraf etish va istiqbolli transport yoʻlaklarini shakllantirish boʻyicha yondashuvlarni aniq chora-tadbirlar asosida amalga oshirishga yoʻnaltirilgan.
Qolaversa, Mintaqaviy markazning tuzilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda transport-kommunikatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha ilgari surgan bir qator tashabbuslarini amalga oshirishga, jumladan, Markaziy Osiyoning mintaqaviy transport yoʻlaklarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va shu asosda Markaziy Osiyo transport tizimini barqaror rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy dastur qabul qilish va Markaziy Osiyo mamlakatlari transport kommunikatsiyalari boʻyicha mintaqaviy kengashni shakllantirishga xizmat qiladi.