Onlayn muzokaralarda Oʻzbekiston – Hindiston savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligining dolzarb kun tartibi hamda uni yana-da rivojlantirishning amaliy chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Manish Singhal ikki mamlakat oʻrtasida manfaatli sheriklikni yana-da rivojlantirishda Oʻzbekiston va Hindiston ishbilarmon doiralari muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan u Oʻzbekiston ishbilarmonlarini Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda, shu jumladan onlayn forumlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Shuningdek, u Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi pandemiya bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashayotganini inobatga olib, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda iqtisodiy sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida Oʻzbekiston – Hindiston biznes forumini tashkil etishga tayyorligini tasdiqladi.
Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasining Xotin-qizlar tashkiloti prezidenti Xarjinder Talvar Oʻzbekistonga qilgan safari haqida gapirib, Oʻzbekistonda xotin-qizlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga davlat darajasida qaratilayotgan eʼtiborni yuqori baholadi. U Oʻzbekistonning manfaatdor tashkilotlari, xususan, Savdo-sanoat palatasi va “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar uyushmasi bilan hamkorlikka tayyor ekanini qayd etdi.
Taʼkidlash joiz, 1927-yilda tashkil etilgan Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi mamlakatdagi yirik biznes uyushmalaridan biridir. Federatsiyaning butun mamlakat boʻylab 16 ta mintaqaviy vakolatxonasi bor. Unga turli kompaniyalardan 250 mingdan ortiq kishi aʼzo boʻlgan.
Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari Savdo-sanoat palatalari rahbarlarining joriy yil fevral oyida Dehlida boʻlib oʻtgan “Hindiston va Markaziy Osiyo ishbilarmonlari kengashi” shaklidagi birinchi uchrashuvi tashabbuskorlaridan biridir.